86-modda. Akkreditatsiya qilingan malakani baholash markazlarining registri O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan Akkreditatsiya qilingan malakani baholash markazlarining registri yuritiladi.
Akkreditatsiya qilingan malakani baholash markazlarining registri axborot-ma’lumotnoma xususiyatiga ega bo‘lgan, vaqti-vaqti bilan yangilab turiladigan ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan avtomatlashtirilgan tizimdir va u malaka, bilim va ko‘nikmalarni baholash bilan shug‘ullanuvchi yuridik shaxslarning davlat tomonidan hisobga olinishini ta’minlaydi.
Akkreditatsiya qilingan malakani baholash markazlarining registrini yuritish uchun bevosita akkreditatsiya qilingan tashkilotdan kelib tushadigan ma’lumotlardan, O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining, shuningdek zarur hollarda, soliq organlarining, davlat mulkini boshqarish organlarining hamda boshqa davlat organlarining ma’lumotlaridan foydalaniladi.
Akkreditatsiya qilingan malakani baholash markazlarining registridagi axborotdan hamma foydalanishi mumkin hamda u O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi.
87-modda. Malakani baholashdan o‘tkazish sifatiga va belgilangan talablariga rioya etilishi ustidan nazorat qilish Mehnat organlari malakani baholash markazlari tomonidan ushbu Qonun talablariga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi.
Malakani baholash markazlari mehnat organlariga O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan belgilangan shakllar bo‘yicha o‘z faoliyati to‘g‘risida har oyda hisobot taqdim etadi.
O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi malaka, bilim va ko‘nikmalarni baholashga doir talablarga hamda shartlarga malakani baholash markazlari tomonidan rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshirishda o‘z vakolatlari doirasida quyidagi huquqlarga ega bo‘ladi:
malaka, bilim va ko‘nikmalarni baholash sifati bo‘yicha talablarga rioya etilishiga doir tekshiruvlar o‘tkazish;
tekshiruvlar o‘tkazish jarayonida yuzaga keladigan masalalar yuzasidan, shuningdek fuqarolar tomonidan kelib tushgan shikoyatlar to‘g‘risida zarur axborotni so‘rash va olish;
tekshiruvlar natijalari asosida, yo‘l qo‘yilgan aniq qoidabuzarliklarni ko‘rsatgan holda, dalolatnomalar (ma’lumotnomalar) tuzish;
aniqlangan qoidabuzarliklarni bartaraf etish to‘g‘risida malakani baholash markazlari tomonidan bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar chiqarish, bunday qoidabuzarliklarni bartaraf etish uchun yetarli bo‘lgan muddatlarni belgilash;
Oldingi tahrirga qarang. qonunchilikning aniqlangan buzilishlari bo‘yicha qarorlar chiqarish va sudga murojaat qilish.
(87-modda uchinchi qismining oltinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son) Belgilangan talablar va shartlar malakani baholash markazi tomonidan buzilganligi, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining aniqlangan qoidabuzarliklarni bartaraf etish to‘g‘risidagi ko‘rsatmasi ular tomonidan bajarilmaganligi faktlari aniqlangan hollarda O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi malakani baholash markazining akkreditatsiyasi amal qilishini to‘xtatib turish yoki tugatish yoxud uning akkreditatsiyasini bekor qilish to‘g‘risida qaror qilishga haqli.
Malakani baholash markazlarining faoliyati akkreditatsiyaning amal qilishi to‘xtatib turilgan davrda amalga oshirilgan, shuningdek akkreditatsiya qalbaki hujjatlardan foydalangan holda olinganligi fakti aniqlangan hollarda O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan yoki sudning qaroriga ko‘ra malakani baholash markazlarining akkreditatsiyasi bekor qilinishi mumkin.