"Qonun - korrupsiyaga qarshi kurashishda eng samarali qurol" (Men korrupsiyaga qarshiman).
Reja:
Kirish
Asosiy qism
1. Korrupsiya: o'tmishda, bugungi kinda va kelajakda.
2. Korrupsiya - jamiyat taraqqiyoti yo'lidagi jiddiy to'siq.
3. Qonunchilik islohotlari va ularning korrupsiyaga qarshi kurashishdagi ahamiyati.
Xulosa
"Korrupsiya" atamasi lotincha "korruptus" so'zidan olingan bo'lib, "pora", "buzish" kabi ma'nolarni anglatadi. Korrupsiya bu o'z xizmat vakolatlarini suiste'mol qilish orqali shaxsiy manfaatni ko'zlab pora olish yoki ma'lum maqsadga erishish uchun qonun doirasidan chetga chiqish yo'li bilan mansabdor shaxsga pora berishdir. Korrupsiya illati bugungi kunda global muammoga aylangan bo'lib, insoniyat va jamiyat taraqqiyotining kushandasi sifatida namoyon bo'lmoqda. Korrupsiya qachon va qayerda paydo bo'ldi? Qanday omillar bu illatning davomiyligini ta'minlamoqda? Ushbu vaziyatda qanday choralar ko'rilishi zarur? Shu va shu kabi savollar har bir vatanparvar fuqaroning diqqat markazida bo'lishi tabiiy holdir va ushbu inshoda bu savollarga javob topishga harakat qilamiz.
"Korrupsiya", taraqqiyot kushandasi, bugungi kunninggina muammosi emas. Tarixga nazar tashlaydigan bo'lsak, korrupsiyaning ilk ildizlarini Qadimgi Misr, Qadimgi Xitoy kabi davlatlar afsonalaridan topishimiz mumkin. Misol uchun, Qadimgi Xitoy afsonalariga ko'ra, Oshxona ilohi mavjud bo'lib, u insonlarning xatti-harakatlari, yaxshi va yomon odatlarini kuzatar ekan. Yangi yil arafasida u Osmon Xudosiga kuzatishlari natijalari haqida xisobot berar ekan. Insonlar ushbu xulosa ularning qismatlarini belgilashga asos bo'ladi deb ishonganlar. Har yili bayram oldidan Oshxona ilohi surati ustiga turli shirinliklar va asal qo'yib yoqqanlar. Bu esa ularning salbiy jihatlarini yashirish va ijobiy fazilatlarini qo'shib maqtash uchun bugungi til bilan aytadigan bo'lsak, "pora" vazifasini o'tagan.
Lekin shuni ta'kidlash lozimki, o'tmishdagi bu kabi korrupsiya ildizlari jamiyat uchun salbiy ahamiyat kasb etmagan. XX asrda global iqtisodiyotning rivojlanishi korrupsiyaning ham kengayishiga va globallashuviga sabab bo'ldi. Jamiyatning korrupsiya keltirib chiqargan ziyonini aniq hisoblashning imkoni yo'q. Chunki bu "ish"lar, hammamizga ayonki, yashirincha amalga oshiriladi. Jahon Bankining taxminiy hisob-kitoblariga qaraganda butun dunyoda bir yil davomida kamida 1.5 trillion dollar mablag'lar korrupsiya yo'li bilan o'zlashtiriladi. Hech bir davlat yo'qki, bu zalolatdan butkul yiroq bo'lsa. Shunisi achinarliki, ayrim davlatlarda korrupsiya odamlar hayotiga butunlay singib ketgan va ular pora berish yoki pora olishni oddiy holat sifatida baholashga odatlanib qolishgan. Korrupsiya, ming afsuslar bilan tan olishimiz kerak, bizning mustaqil O'zbekistonimizga ham begona emas. Birgina 2018-yil misolida ko'radigan bo'lsak, O'zbekistonda mazkur yilda korrupsiya bilan bog'liq 1177 ta holat qayd etilgan va mansabdor shaxslar javobgarlikka tortilgan. Bu haqda muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kunga bag'ishlab tashkil etilgan tadbirda ta'kidlab o'tgan edilar.
Korrupsiya kelajagi haqida so'z yuritish esa, fikrimcha, kelajakka qanday qarashimiz, kelajak uchun qanday harakat qilishimiz, olg'a yurishimizga bog'liq. Birlashsak, kurashsak, korrupsiyaning kelajagi bo'lmaydi.
Jamiyatning qaysi sohasida bo'lmasin, korrupsiya bor ekan, rivojlanish, taraqqiyot haqida gap ham bo'lishi mumkin emas. Misol tariqasida ta'lim tizimini olaylik. Bu soha millat kelajagini belgilovchi asosiy omil ekanligini hammamiz yaxshi anglaymiz, tushunamiz. Ammo korrupsiya farzandlarimiz kelajagiga qanday xavf solayotganini anglayapmizmi, mushohada qilayapmizmi? Yoki tibbiyot sohasida pora olish yoki berish holatlarini tahlil qilib ko'raylik. Salomatligimizni ishonib topshirmoqchi bo'lgan bo'lg'usi shifokorlar korrupsiya masalasida qat'iy barqarormi? Agar bu illat shifokorlarni ham o'z domiga tortsa qanday kelajak kutayapti insoniyatni? Madaniyat, huquq, iqtisodiyot....... Har bir sohaning rivojlanishi, gullab- yashnashiga korrupsiyani yo'qotish orqali erishib bo'ladi.
Muhtaram prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning "Korrupsiya bilan hech qachon maqsadimizga erisha olmaymiz" degan gaplari ayni haqiqatdir. Inson huquqlari tengligining buzulishi, qonunlar ijrosining ta'minlanishining ortda qolishi, insonlarning davlatga, hokimiyatga ishonchining kamayib borishi - bularning hammasi korrupsiyaning oqibatlaridir.
Respublikamizda korrupsiyaga qarshi kurashish borasida keng islohotlar olib borilmoqda. Korrupsiya holatlarini oldini olish, sodir bo'lsa, ularni vaqtida aniqlash va fuqarolar, ayniqsa, yoshlar ma'naviyatiga korrupsiyaning salbiy oqibatlarini singdirish uchun turli tadbirlar o'tkazilmoqda. Shuningdek, bir qator qonunlar yaratilmoqda, mavjudlari isloh qilinmoqda.
Misol uchun Prezidentimiz Shavkat Miromonovich tomonidan "O'zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o'zgartish va qo'shimchalar kiritish to'g'risida"gi Qonun imzolandi. Unga ko'ra korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar haqida axborot berayotgan shaxslar va ularning qarindoshlari davlat himoyasida bo'ladi. Bunga qadar esa ma'lumot beruvchining o'zigina davlat himoyasiga olinar edi. Shuningdek, O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga korrupsiyaga doir jinoyatlar uchun javobgarlikni kuchaytirishni ko'zda tutuvchi yangi qonun loyihasi kiritildi. Ushbu qonun loyihasida korrupsiyaga doir jinoyat sodir etgan shaxslar uchun 10 yildan 20 yilgacha ozodlikdan mahrum etish jazosi qo'llanilishi taklif etilgan. Ushbu qonun loyihasi imzolansa va kuchga kirsa, ishonamanki, korrupsiya bilan bog'liq holatlar miqdori kamayadi.
Mamlakatimizda olib borilayotgan keng qamrovli islohotlar natijasini korrupsiyaga qarshi kurashish borasida ham ko'rishimiz mumkin. Fikrimning isboti sifatida World Justice Project tashkilotining "huquq ustuvorligi" indeksi tadqiqot natijalarini keltirmoqchiman. Unga ko'ra O'zbekiston jahon mamlakatlari orasida "korrupsiya mavjud emasligi" indikatori bo'yicha qisqa middatda 19 pog'onaga ko'tarildi. Xozirgi kunda mamlakatimiz umumiy reytingda 85-o'rinda turibdi. Bunday ijobiy natijalar, albatta muhtaram yurtboshimizning jonkuyarliklari, sa'y harakatlari, shuningdek, vatanparvar xalqimizning korrupsiyaga qarshi barqaror qarashlari va kurashlari natijasidir.
Korrupsiyaga qarshi kurashish birgina hokimiyat va davlat organlarining vazifasi emas. Bu barchamizning fuqarolik burchimiz. Ushbu jamiyatda yashar ekanmiz, uning rivojlanishi, taraqqiyoti uchun vijdonan harakat qilaylik. Farzandlarimizga, kelajagimiz davomchilariga, ozod va obod vatan qoldiraylik. Korrupsiya illatiga qarshi birgalikda, qo'lni-qo'lga berib kurashaylik. Befarqlik, loqaydlik insoniyatning eng havfli dushmanidir. Atrofimizda sodir bo'layotgan ishlarga bee'tibor bo'lmaylik. Bir jonkuyar fuqaro sifatida, kelajagi havf ostida qolayotgan farzandlarning ota-onasi sifatida, umuman inson sifatida korrupsiyaga yo'l qo'ymaylik va bu zalolat iskanjasidan avvalo o'zimizni, yaqinlarimizni va atrofimizdagi insonlarni yiroq tutishda jonbozlik ko'rsataylik. Kelajagimizni korrupsiyasiz qurish- o'z qo'limizda!l
Do'stlaringiz bilan baham: |