Qobulov Vosil Qobulovich
(1921-2010)
Vosil Qobulovich QOBULOV – Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi akademigi, fizika-matematika fanlari doktori, professor, Abu Rayhon Beruniy nomidagi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mukofoti sovrindori, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan fan arbobi, Oʻzbekiston kibernetika va hisoblash mexanikasi maktablarini yaratuvchisi – Oʻzbekistonda raqamli axborot texnologiyalarining asoschisidir.
U 1921-yil 5 sentyabda Toshkent shahrida hunarmand oilasida tavallud topgan. 1938-yilda oʻrta maktabni bitirib, Oʻrta Osiyo Davlat dorilfununining fizika-matematika fakultetiga oʻqishga kirdi. Ulugʻ Vatan urushi boshlanishi natijasida oʻqishni toʻxtatadi va urush yakuniga qadar Sovet Armiyasi safida xizmat qiladi.
1942-1945-yillarda V.Q.Qobulov Stalingrad, Don, 4-Ukraina va 2-Pribaltika frontlarining qoʻshinlari safida xizmat qilib, urushni Kenigsbergda tugatdi. Jasorati uchun qator orden va medallar bilan taqdirlangan.
1945-yilda V.Q.Qobulov urushdan qaytgach, oʻqishni Toshkent temir yoʻl transporti muhandislari institutining qurilish fakultetida davom ettirdi. 1948-yilda institutni tugatib, Chorjoʻy-Qoʻngʻirot temir yoʻli qurilishida ishladi. 1950-yili OʻzFA Inshootlar institutining kunduzgi aspiranturasiga oʻqishga kirdi, 1952-yilda esa nomzodlik dissertasyasini mufavvaqqiyatli himoya qildi. 19552-1956-yillarda shu institutda katta ilmiy hodim lavozimida ishladi.
V.Q.Qobulov dastlabki faoliyatidayoq ilmiy va tashkilotchilik qobiliyatini namoyish etdi – 1956-yilda V.I.Romanovskiy nomidagi Matematika instituti qoshida hisoblash texnikasi boʻlimini tashkil qildi. U 1963-1966-yillarda Hisoblash markazli Mexanika instituti direktori, 1966-yildan boshlab, oʻzining tashabbusi bilan tashkil etilgan hisoblash markazli Kibernetika institui direktori boʻlib ishladi. Uning izchil harakatlari natijasida sobiq Ittifoq tarkibida birinchi boʻlib “Kibernetika” ilmiy ishlab chiqarish birlashmasi tashkil etildi. V.Q.Qobulov 1992-yilgacha ushbu birlashma bosh direktori lavozimida ishladi, respublika kibernetika fanini yaratish, uni rivojlantirish uchun bor kuch va bilimini ishga soldi.
V.Q.Qobulov fandagi va ilmiy mutaxassislarni tayyorlashdagi xizmatlari uchun 1962-yilda OʻzFA muhbir aʼzosi, 1966-yilda esa respublika Fanlar akademiyasining akademigi etib saylandi. 1971-yilda unga fan va texnika boʻyicha Abu Rayhon Beruniy mukofoti, 1977-yilda “Xizmat koʻrsatgan fan arbobi” faxriy unvoni berildi.U 1990-yildan boshlab Xalqaro muhandislik akademiyasining haqiqiy aʼzosi va keyinchalik vitse-prezidenti sifatida faoliyat koʻrsatdi.
V.Q.Qobulovning ilm-fanning turli sohalariga oid ilmiy ishlari 21 ta monografiya va 300 ga yaqin ilmiy maqolalarida yoritilgan.
V.Q.Qobulov respublikada kibernetika fanini rivojlantirish, keng ommaga targʻib qilishga koʻp kuch va gʻayratini sarfladi. Uning oʻzbek va rus tillaridagi monografiyalari, ommaviy axborot vositfalaridagi maʼruzalari shu sohaga qiziqqan yoshlarning koʻpayishiga kuchli turtki boʻldi.
V.Q.Qobulovning bevosita tashabbusi bilan Respubika oliy oʻquv yurtlarida kibernetika yoʻnalishidagi fakultetlar ochildi. Yuqori malakali mutaxassis va ilmiy hodimlarni tayyorlashda uning xizmatlari katta. Uning rahbarligida 60 dan ortiq doktorlik va 70 dan ortiq nomzodlik dissertatsiyalari yoqlandi. U koʻp yillar mobaynida dissertatsiyalar himoya qilish boʻyicha ixtisoslashgan ilmiy kengash raisi boʻlib, respublika oliy oʻquv yurtlari, ilmiy va loyihalash-konstruktorlik muassasalarini malakali fan nomzodlari va doktorlari bilan taʼminlashga eʼtiborini qaratdi.
V.Q.Qobulov faoliyatida ilmiy-tashkiliy va jamoat ishlari katta oʻrin egallagan. U nazariy va amaliy mexanika boʻyicha Rossiya Federatsiyasi komiteti aʼzosi, hisoblash texnikasi boʻyicha Rossiya FA koordinatsion komiteti aʼzosi, doktorlik dissertatsiyalarini yoqlash boʻyicha ixtisoslashgan kengashlar aʼzosi, shuningdek “Boshqaruvchi tizimlar va mashinalar” (“Управляющие системы и машины”, Kiyev shahri) xalqaro ilmiy jurnali tahririyatining aʼzosi, “Informatika va energetika muammolari” (Oʻzbekiston) jurnali, “Hisoblash va amaliy matematika masalalari” ilmiy maqolalar toʻplami bosh muharriri, shuningdek, OʻzFA ning “Informatika, hisoblash texnikasi, boshqarish muammolari va uni avtomatlashtirish” ilmiy kengashi raisi boʻlib ham faoliyat olib borgan.
V.Q.Qobulovning ilm yoʻlidagi mehnatlari hukumatimiz tomonidan munosib taqdirlangan. U “Oktyabr revolyutsiyasi”, “Qizil yulduz”, “Vatan urushi” ordenlari, 20 ta medal hamda Oʻzbekiston Respublikasining “Jasorat” medali hamda “El-yurt hurmati” ordeni bilan taqdirlangan.
Do'stlaringiz bilan baham: |