juda xursand bo‘laman.
Jyulen shu zahoti uning oldidan chiqib ketdi. Markizning bu gapi
uni xijolatga solib qo‘ygan edi.
«Men esam uning qizini yo‘ldan urmoqchiman! Va shu yo‘sinda
ehtimol, qizining markiz de Kruaznua bilan turmush qurishiga xalal be-
rarman, uning esa bu nikohdan umidi katta: agar uning o‘zi gersog bo‘la
olmasa, u holda, har qalay, qizi gersoginyalik kursisiga ega bo‘ladi-ku
axir». Jyulenning xayolidan Matildaning xati va markiz bilan hozirgi
suhbatiga qaramay baribir Langedokka jo‘nab ketish haqidagi fikr lip
etib o‘tdi. Biroq bu ezgulik uchquni lip etdi-yu, darhol g‘oyib bo‘ldi.
«Bu deyman, juda ko‘ngli bo‘sh chiqib qoldim-ku, – dedi u o‘zi-
ga-o‘zi. – Men, oddiy bir plebey, shunday oqsuyak dvoryan oilasini
ayab o‘tirishim kerakmi hali! Gersog Shonskiy malay deb ataydigan
menday odam-a! Xo‘sh, markiz o‘zining ulkan boyligini qanday qilib
ko‘paytiryapti? Juda oson bu: saroyda ertasi kuni hukumat inqiroziga
o‘xshash biror nayrang ishlatilajagi mo‘ljallanayotganidan xabar top-
gan zahoti birjada renta sota boshlaydi. Taqdir tabiatan olijanob qilib
yaratgan-u, lekin ming frank renta in’om etishni unutgan, boshqacha
qilib aytganda, bir burda nonsiz, ha, to‘ppa-to‘g‘ri ma’noda, bir burda
nonsiz qoldirib, jamiyat pillapoyasining eng pastki pog‘onasiga joy-
lab qo‘ygan mendek bir odam boshimga o‘zi kelib qo‘nayotgan baxt
qushidan voz kechishim kerakmi hali? O‘zim shu qadar qiyinchilik
bilan o‘tayotgan bu nishonsizlik sahrosida tashnaligimni qondirishi
mumkin bo‘lgan ana shu jilolanib turgan buloqdan-a! E, yo‘q, men bu
qadar ahmoq emasman, hayot deb atalmish bu xudbinlik sahrosida
har kim o‘z boshiga yoqqan qorni o‘zi kuraydi».
Jyulen markiza de lya Mol va, ayniqsa, uning dugonalari bo‘lmish
anavi xonimlar unga naqadar past nazar bilan qaraganlarini esladi.
Markiz de Kruaznua ustidan tantana qilish tuyg‘usi uning qal-
bidagi ezgulikni tamoman bo‘g‘ib qo‘ydi.
«Qani endi, uning jahli chiqsa, naqadar xursand bo‘lardim-a, –
derdi Jyulen, – endi sira ham ayab o‘tirmay uning ko‘ksiga shamshir
360
suqardim, – shunday deya u qilichbozlik paytidagidek keskin hamla
qildi. – Shu paytga qadar men uning nazarida shunchaki haddidan
oshgan oddiy bir malay edim. Manovi xatdan keyin esa biz endi
tengmiz».
«Ha, – deya sekin davom etdi u har bir so‘z haqida qandaydir
huzur qilib o‘ylar ekan, – bizning – markizning va mening fazilatla-
rimiz taroziga qo‘yib tortilgach, yuralik g‘arib bir duradgor g‘alaba
qozondi».
«Juda yaxshi! – deya xitob qildi u. – O‘z xatimga xuddi shunday
deb imzo chekaman. O‘z ijtimoiy ahvolini unutibdi, deb o‘ylamay
qo‘ya qoling, mademuazel de lya Mol, men sizni Avliyo Lyudovik bilan
salib yurishlariga borgan shavkatli Gilom de Kruaznuaning avlodidan
oddiy bir duradgorning o‘g‘li deb voz kechayotganingizni yaxshilab
tushunib olishga majbur etaman».
Jyulen dilidagi quvonchni ortiq jilovlab tura olmasdi. Uning boqqa
chiqqisi keldi. Yigitga xonasi torlik qilib, u yerda uning nafasi qayta
boshlagan edi.
«Men umrbod manovi qora kamzulni kiyib yurishga mahkum
etilgan yuralik garib bir dehqonman!.. – deya tinimsiz takrorlardi u
o‘ziga o‘zi. – Eh, yigirma yil muqaddam men ham ular kabi mundir
kiyib yurgan bo‘lardim. U paytlarda mendek odam yo jangda halok
bo‘lardi yoki o‘ttiz olti yoshida general bo‘lib olardi». U qo‘lida
g‘ijimlab turgan manovi maktub yigitning bo‘yiga bo‘y qo‘shgandek
tuyulardi va u o‘zini qahramon deb his etardi. Rost, endi manovi
qora kamzul ham qirq yoshga borganida unga yepiskop Boveyskiy
kabi yuz minglik maosh va zangori lentaga erishish imkoniyatnni
berishi mumkin.
«Xo‘sh, nima qilibdi, – dedi u qandaydir iblisona iljayib, – de-
mak, men ulardan aqlliroq ekanman va zamonamiz ruhiga munosib
mundir tanlabman». Shundan so‘ng uning balandparvoz orzulari va
shu bilan bir qatorda ruhoniylar kiyadigan ridoga ixlosi yanada oshib
ketdi. «Mendan ham benom-nishonroq bo‘lgan qanchadan-qancha
kardinallar qudrat va hokimiyatga erishgan axir! Misol uchun, mana
mening vatandoshim Granvelni olaylik».
Asta-sakin Jyulenning hayajoni bosilib, uning o‘rnini ehtiyotkor-
lik egalladi. Yigit o‘ziga-o‘zi ustozi Tartyuf kabi, – bu rolni u yoddan
bilardi, – shunday dedi:
361
Men barchasin bir hazil deb o‘ylashim mumkin...
...………………………………………………...
Biroq minglab va’dalarda aytilgan karam,
Men ko‘z tikkan iltifotlar bo‘lmas ekan to
Ishonmayman har xil shirin so‘zlarga aslo.
Do'stlaringiz bilan baham: |