Ta’lim sohasidagi davlat siyosatining asosiy prinsiplari
Ta’lim O`zbekiston Respublikasi ijtimoiy taraqqiyoti sohasida ustuvor deb
e’lon qilinadi.
Ta’lim sohasidagi davlat siyosatining asosiy prinsiplari quyidagilardan iborat:
ta’lim va tarbiyaning insonparvar, demokratik harakterda ekanligi;
ta’limning uzluksizligi va izchilligi;
umumiy o`rta, shuningdek o`rta mahsus, kasb-hunar ta’limining majburiyligi;
o`rta maxsus, kasb-hunar ta’limi yo`nalishini: akademik litseyda yoki kasb-
hunar kollejida o`qishni tanlashning ixtiyoriyligi;
ta’lim tizimining dunyoviy harakterda ekanligi;
davlat ta’lim standartlari doirasida ta’lim olishning hamma uchun ochiqligi;
ta’lim dasturlarini tanlashga yagona va tabaqalashtirilgan yondashuv;
bilimli bo`lishni va iste’dodni rag’batlantirish;
ta’lim tizimida davlat va jamoat boshqaruvini uyg’unlashtirish.
Uzluksiz ta’lim kadrlar tayyorlash tizimining asosi, O`zbekiston
Respublikasining ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotini ta’minlovchi, shaxs, jamiyat va
davlatning iqtisodiy, ijtimoiy, ilmiy-tehnikaviy va madaniy ehtiyojlarini
qondiruvchi ustuvor sohadir.
Uzluksiz ta’lim ijodkor, ijtimoiy faol, ma’naviy boy shaxs shakllanishi va
yuqori malakali raqobatbardosh kadrlar ildam tayyorlanishi uchun zarur shart-
sharoitlar yaratadi.
Uzluksiz ta’limni tashkil etish va rivojlantirish prinsiplari
Uzluksiz ta’limning faoliyat ko`rsatish prinsiplari quyidagilardan iborat:
ta’limning ustuvorligi uning rivojlanishining birinchi darajali ahamiyatga ega
ekanligi, bilim, ta’lim va yuksak intellektning nufuzi;
ta’limning demokratlashuvi ta’lim va tarbiya uslublarini tanlashda o`quv
yurtlari mustaqilligining kengayishi, ta’limni boshqarishning davlat-jamiyat
tizimiga o`tilishi;
ta’limning insonparvarlashuvi inson qobiliyatlarining ochilishi va uning
ta’limga nisbatan bo`lgan turli-tuman ehtiyojlarining qondirilishi, milliy va
umumbashariy qadriyatlar ustuvorligining ta’minlanishi, inson, jamiyat va atrof-
muhit o`zaro munosabatlarining uyg’unlashuvi;
ta’limning ijtimoiylashuvi ta’lim oluvchilarda estetik boy dunyoqarashni hosil
qilish, ularda yuksak ma’naviyat, madaniyat va ijodiy fikrlashni shakllantirish;
ta’limning milliy yo`naltirilganligi ta’limning milliy tarix, xalq an’analari va
urf-odatlari bilan uzviy uyg’unligi, O`zbekiston xalqlarining madaniyatini saqlab
qolish va boyitish, ta’limni milliy taraqqiyotning o`ta muhim omili sifatida e’tirof
etish, boshqa xalqlarning tarixi va madaniyatini hurmatlash;
ta’lim va tarbiyaning uzviy bog’liqligi, bu jarayonning har tomonlama kamol
topgan insonni shakllantirishga yo`naltirilganligi;
iqtidorli yoshlarni aniqlash, ularga ta’limning eng yuqori darajasida, izchil
ravishda fundamental va maxsus bilim olishlari uchun shart-sharoitlar yaratish.
Pedagogika fanlarining alohida sohasi va o`quv predmeti sifatida qiyosiy
pedagogika pedagogika va ta’lim tarixi, etnopedagogika va etnopsixologiya,
didaktika, tarbiya nazariyasi, psihologiya, etnografiya, sotsiologiya, falsafa va
boshqa fanlar bilan bog’liqdir. Bir paytning o`zida qiyosiy pedagogika ilmiy
bilishning mustaqil sohasi bo`lib o`z predmeti, obyekti, vazifalari va bajaradigan
ishi bilan farq qiladi. Qiyosiy pedagogika uchun pedagogika tarixi, falsafa va
ta’lim tarixi alohida ahamiyat kasb etadi. Chunki, aynan qiyosiy pedagogika
kursida turli davlatlarda pedagogik fikr taraqqiyoti muammolari kengroq va
kompleks o`rganiladi. Shu bilan bir qatorda pedagogika tarixi, falsafa va ta’lim
tarixi fanlari qiyosiy pedagogika mazmunini aynan takrorlamaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |