Aim.uz
Qishloq xo`jaligi korxonalari va undagi bo`linmalarning maqsadga muvofiq hajmini belgilash usullari
Qishloq xo`jaligi korxonalari, ulardagi ishlab chiqarish bo`linmalarining maqsadga muvofiq hajmi deganda, korxonalarda, ulardagi ayrim bo`linmalarda ishlab chiqarishning asosiy omillari – yer, mehnat va kapital o`rtasidagi miqdoriy va sifat nisbatlarini to`g`ri belgilash orqali, ulardan samarali foydalanishga va muttasil me’yoriy foyda olishga imkon yaratuvchi hajm tushuniladi. Korxonaning maqsadga muvofiq hajmini belgilashda bu hajmning o`zgarishi bilan ishlab chiqarish omillaridan foydalanish samaradorligining o`zgarishi o`rtasidagi bog`liqlikka e’tibor berish kerak.
Qishloq xo`jaligi korxonalari va ulardagi ayrim ishlab chiqarish bo`linmalarining maqsadga muvofiq hajmini statistik guruhlash, monografik, variant, hisob-konstruktiv va iqtisodiy-matematik usullari orqali asoslash mumkin.
Statistik usuldan foydalanishda bir xil tabiiy sharoit va ixtisoslashtirishga ega korxonalar bo`yicha ular faoliyati natijalarini taqqoslash orqali eng oqilona va samarali hajmni aniqlash mumkin bo`ladi. Korxonalar yer maydoni hajmi, ishlab chiqarish fondlari, chorva mollari bosh soni va mahsuldorligi, bir gektar yerdan olingan hosildorlik, yalpi mahsulot, yalpi daromad va foyda hajmi kabi ko`rsatkichlar yordamida guruhlanadi va har bir omilning korxona hajmiga ta’siri o`rganiladi. To`g`ri xulosa chiqarish uchun, ayniqsa, kombinatsion guruhlardan foydalanish tavsiya etiladi. Masalan, bir gektar yerdan olingan yalpi mahsulot qiymatiga ko`ra tuzilgan guruhlar rentabellik darajasi yoki bir gektar yerdan olingan sof foyda qiymati bo`yicha guruhchalarga ajratiladi. Buning natijasida bir gektar yerdan eng yuqori yalpi mahsulot va sof foyda bergan va eng yuqori rentabellik darajasini ta’minlagan korxonalar hajmi maqsadga muvofiq hajm sifatida tanlanadi.
Statistik ma’lumotlar asosida tanlangan alohida xo`jaliklar faoliyatini o`rganishda monografik usuldan foydalanish mumkin. Tahlil bir necha yillik faoliyatni qamrab olishi va maxsus tuzilgan dastur asosida amalga oshirilishi lozim. Tahlil jarayonida korxonaning maqsadga muvofiq hajmiga ta’sir etuvchi tabiiy, tashkiliy-iqtisodiy, texnikaviy, texnologik va ijtimoiy omillarning barchasi chuqur o`rganiladi va ular variant yoki hisob-konstruktiv usullar uchun ma’lumot bazasi sifatida xizmat qiladi.
Variant usuli korxonaning maqsadga muvofiq hajmini ishlab chiqarishning minimal xarajatlari orqali asoslashni ko`zda tutadi. Korxona hajmining ortib borishi bilan ishlab chiqarish xarajatlarining o`zgarishi o`rtasidagi bog`liqlik o`rganib boriladi va eng kam xarajat talab etuvchi variant tanlab olinadi. Bunda hajm ko`rsatkichidan (o`simlikchilikda yer maydoni hajmi, chorvachilikda chorva bosh soni) boshqa barcha omillar o`zgarmas deb qabul qilinadi.
Eng muvofiq hajm keltirilgan xarajatlar minimumi formulasi yordamida taqqoslab ko`rilishi ham mumkin:
Bu yerda: Xk – keltirilgan xarajatlar minimumi;
MT – mahsulotning ishlab chiqarish tannarxi;
Em – samaradorlikning me’yoriy koeffitsiyenti;
K – kapital quyilmalar.
Turli variantlar hisobining aniqligini ta’minlash uchun ilmiy asoslangan me’yorlar va dastlabki shartlarni to`g`ri belgilash muhimdir.
Hozirgi vaqtda qishloq xo`jaligi korxonalarida dastlabki ishlab chiqarish bo`linmalari fermer xo`jaligi va shirkatlarda oilaviy pudrat bo`lgani uchun, avvalo shu bo`linmalarning maqsadga muvofiq hajmini aniqlash talab qilinadi.
Hisob-konstruktiv usulda statistik va monografik usullar ma’lumotlaridan foydalanib tanlangan hajm asosida korxonaning istiqbolga mo`ljallangan maqsadga muvofiq tashkiliy va ishlab chiqarish tarkibi aniqlab olinadi. Bunda korxonaning muvofiq tarmoq tarkibi va ixtisoslashuv yo`nalishlari, ishlab chiqarish bo`linmalari soni va hajmi, ishlab chiqarishni korxona hududi bo`ylab oqilona joylashtirish va mahsulot yetishtirish hajmlarini belgilash masalalari ko`rib chiqiladi.
Keyingi paytlarda fan-texnika taraqqiyotining jadallashuvi va informatsion texnologiyalarning rivojlanishi ta’sirida kompyuter dasturlaridan foydalanib matematik modellar orqali korxona va uning bo`linmalarining maqsadga muvofiq hajmini aniqlash mumkin bo`lmoqda.
Respublikamizda qishloq xo`jaligi korxonalarining hajmlari ko`rsatkichlari ularning tashkiliy-iqtisodiy asoslariga ko`ra turlicha shakllangan. Masalan, jamoa mulkiga asoslangan shirkat xo`jaliklari yirik ishlab chiqarishga xos bo`lsa, xususiy mulkka asoslangan fermer va dehqon xo`jaliklari kichik hajmli ishlab chiqarishga mos kelmoqda.
O`zbekiston Respublikasining qonunchiligida fermer va dehqon xo`jaliklarini yuritish uchun ajratiladigan yer maydonlarining hajmining quyi chegarasi belgilab berilgan. Xususan, fermer xo`jaligi yuritish uchun yer maydonining quyi chegarasi:
- g`alla va paxta yetishtirishga ixtisoslashganda kamida 10 gektar;
- bog`dorchilik, uzumchilik va sabzavot-polizchilikda kamida 1 gektar;
- chorvachilikda kamida shartli 30 bosh chorva moli bo`lgan taqdirda har bir shartli bosh mol uchun viloyatlar va hududlarga qarab 0,3–0,45 gektardan (lalmi yerlarda 2 gektar).
Dehqon xo`jaligi yuritish uchun yer maydonining yuqori chegarasi:
- sug`oriladigan yerlarda 0,35 gektargacha;
- sug`orilmaydigan (lalmi) yerlarda 0,5 gektargacha;
- cho`l va sahro mintaqasida sug`orilmaydigan yerlarda 1 gektargacha.
Bugungi kunda respublikamiz qishloq xo`jaligida zarar keltirib ishlayotgan va istiqbolsiz shirkat xo`jaliklari bazasida fermer xo`jaliklarini shakllantirish bo`yicha davlat konsepsiyasi amalga oshirilayotganligi sababli, istiqbolda fermer xo`jaliklarining eng samarali va oqilona hajm ko`rsatkichlarini ishlab chiqish masalasi dolzarb bo`lib bormoqda.
Jahon tajribasida har bir mamlakatning tabiiy, tashkiliy-iqtisodiy va ijtimoiy shart-sharoitlaridan kelib chiqib, fermer xo`jaliklarining o`rtacha hajmi shakllangan.
Fermer xo`jaliklariga biriktirilgan o`rtacha yer maydoni hajmining o`sib borishini keyingi yillarda zarar keltirib ishlagan istiqbolsiz shirkat xo`jaliklarini fermer xo`jaliklariga aylantirilishi natijasida paxta va g`alla yetishtirishga ixtisoslashgan fermyerlar salmog`ining keskin oshganligi bilan izohlash mumkin. Paxta va g`alla yetishtirish texnologiyasi ishlab chiqarishni kengroq maydonlarda olib borishni va almashlab ekish tizimidan foydalanishni taqazo etadi.
Hozirgi kunda fermer xo`jaliklarining statistik va moliyaviy hisobotlarida bir gektar yerga sarflanadigan ishlab chiqarish xarajatlari, kapital quyilmalar va undan olinadigan moliyaviy natijalar to`g`risidagi ko`rsatkichlar yetishmasligi tufayli, aynan qaysi hajmdagi fermer xo`jaligini yuritish maqsadga muvofiq degan savolga javob topish mushkul. Kelgusida iqtisodchi olimlar va mutaxassislar oldida bu vazifani echish mas’uliyati turibdi.
Xulosa qilib aytganda, qishloq xo`jaligi korxonalarining maqsadga muvofiq samarali hajmi har bir hududning tabiiy sharoitlariga, xo`jaligi yuritish shakllariga, korxonaning ixtisoslashuvi va tarmoq tarkibiga, texnikaviy-texnologik va ijtimoiy omillarga bog`liq holda turlicha bo`lishi mumkin. Korxonalarning maqsadga muvofiq hajmini aniqlashda quyidagilar asos qilib olinishi lozim:
- yer-suv resurslari va ishchi kuchlaridan to`liq foydalanishni ta’minlash;
- ishlarni o`z vaqtida va sifatli bajarilishiga erishish;
- texnika va boshqa ishlab chiqarish vositalaridan samarali foydalanishni ta’minlash;
- oqilona ixtisoslashuv va maqsadga muvofiq tarmoq tarkibini shakllantirish;
- minimal xarajatlar va maksimal moliyaviy natijalarga erishish.
Qisqacha xulosalar
Ixtisoslashtirish mehnat taqsimotining ifodasi sifatida qishloq xo`jaligini samarali tashkil etishni asosiy omillaridan biri hisoblanadi. Qishloq xo`jaligida ixtisoslashtirish moddiy ishlab chiqarishning boshqa sohalaridagidan keskin farq kiladi. Qishloq xo`jaligi ishlab chiqarishini ayrim mahsulotga, shu mahsulotning biror qismiga yoki texnologik jarayoniga to`la ixtisoslashtirib bo`lmaydi.
Korxonaning qulay tarmoq tarkibi deganda, uning mavjud tabiiy, iqtisodiy resurslaridan to`g`ri foydalanish orqali mahsulot birligiga kam sarf-xarajat qilgan holda maksimal foyda olishga imkon beradigan mahsulotlar turlarini ma’lum bir mutanosiblikda yetishtirish tushuniladi.
Katta hajmdagi talabga ega bo`lgan, yuqori darajada mexanizatsiyalashish imkonini beradigan (paxta, g`alla, go`sht va sut yo`nalishidagi qoramolchilik, qo`ychilik va boshqa) tarmoqlarga ixtisoslashgan korxonalar nisbatan yirik hajmda tashkil etilishi maqsadga muvofiq.
Ishlab chiqarish texnologiyasi ko`p qo`l kuchini talab etadigan va kam mexanizatsiyalashgan (bog`dorchilik, sabzavotlar, kartoshka, tamaki va boshqa) tarmoqlarda nisbatan kichik hajmli korxonalar samarali hisoblanadi. Korxonaning resurslardan eng yuqori va to`la foydalanish imkonini beradigan hajmi maqsadga muvofiq hajm bo`ladi.
1. Ixtisoslashtirish, tarmoq tushunchalari va ularning darajasi qanday aniqlanadi?
2. Qishloq xo`jaligida ixtisoslashtirish omillari va shakllari qanday?
3. Korxonaning maqsadga muvofiq tarmoq tarkibi va uni belgilash usullari qanday?
4. Korxonalarning hajmi qanday ko`rsatkichlar bilan aniqlanadi?
5. Korxonalarning hajmiga qanday omillar ta’sir etadi?
6. Qishloq xo`jaligida korxonalarning maqsadga muvofiq hajmini qanday aniqlash mumkin?
Adabiyotlar
1. Hamdamov Q.S. Qishloq xo`jaligi korxonalari faoliyatini boshqarish. -T.: O`zbekiston Yozuvchilar uyushmasi adabiyot jamg`armasi, 2004.
2. Минаков Л. Экономика сельскохозяйственного предприятия. Учебник. -M.: Колос, 2004.
3. Макавец Л.И., Макавец М.Н. «Экономика производства сельскохозяйственного производства. Санк Петербург, 2002.
4. Петранева Г.А. Экономика и управление в сельском хозяйстве. Учебник, 2004. http://textbook.ru/catalogue/book/33320.html.
Aim.uz
Do'stlaringiz bilan baham: |