2. Ziy choklarning tuzilishi va ishlatilish sohasi.
Ziy choklar detal qirqimlarini titilib ketishidan saqlash va yoqa, bort, cho’ntak, yeng uchi, kiyim etagi kabi detallar chetlarini tikishga mo’ljallangan bo’lib, uning bukma chok, mag’iz chok, ag’darma chok turlari bor.
Bukma chok ochiq qirqimli, yashirish qirqimli va mag’izli bo’ladi. Ochiq qirqimli chok qalin gazlamalardan kiyim tikishda ishlatiladi. Yopiq qirqimli bukma chok erkaklar kuylaklari, ayollar kuylaklari tikishda, ayollar kuylaklari etagini, yeng uchlarini, choyshab chetlarini tikish kabi ishlarda qo’llaniladi. Bunda tikilayotgan detal uchini ikki qavat qilib bukib, yashirin qaviq bilan yoki universal mashinada bostirilib tikiladi. Mag’iz qirqimli bukma chok ust kiyimlarni tikishda, yupqa palto etaklari kabilarni tikishda ishlatiladi. Bunda asosiy detalning o’ngiga tasma qo’yib yoki maxsus gazlama parchalaridan mag’iz qo’yib 0,3-0,4 sm kenglikda ulanadi.
10 - rasm. Bukma chok turlari
Mag’iz chok ochiq qirqimli va tasmali bo’ladi. Ochiq qirqimli mag’iz chok adip ichki qirqimlariga, kiyim etaklariga, mag’iz qo’yish, kiyimlarni bezash, astarsiz kiyimlar qirqimlarini mag’izlash uchun ishlatiladi. Ochiq qirqimli mag’iz chok tikilayotganda, mag’izga ishlatiladigan gazlamadan o’rish ipiga yoki arqoq ipiga nisbatan 45gradus burchak hosil qilib, qirqib olingan parchaning o’ng tomoni asosiy detalning o’ngiga qaratib qo’yiladi, detal qirqimidan 0,3-0,4 sm kenglikdagi chok bilan ulanadi. Yopiq qirqimli mag’iz chok ayollar kuylaklari va ich kiiymlar detallariga, yoqa o’mizlariga mag’iz qo’yish uchun ishlatiladi.
11 - rasm. Mag’iz chok turlari
Ag’darma chok kantli, ramkali, qaytarma kantli bo’ladi. Ag’darma chok biriktirma chokning bir turi bo’lib cho’ntak qopqoqlarini, yoqalarni, bortni izma kabi detal chetini tikishda ishlatiladi. Kantli ag’darma chokda (12 rasm a-b) detallarning biri ikkinchisidan 0,1-0,3 sm ochibroq bukilgan bo’ladi. Ramkali ag’darma chok (12-в rasm) pidjak cho’ntaklari, kuylakning tugmalanadigan joylari kabilarni tikishda ishlatiladi.
12 - rasm. Ag’darma chok turlari.
Qaytarma kantli ag’darma chok yoqalarini, kuylak bortlarini bezashda va muayyan xizmatdagi formalarni tikishda ishlatiladi. Qaytarma kantli ag’darma chok tikilayotganda qaytarma gazlamani, ya‘ni eni 2,5-3 sm gazlama parchasini ikki bukib detallardan birining o’ngiga ulanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |