Vaqt xarakteristikasi
Mashq va uning elementlarini bajarish davomiyligi, ayrim statik holatlar hamda harakat sur’ati vaqt xarakteristikasi hisoblanadi. Texnikaning ayrim elementlari turli vaqtda bajariladi (irg‘itish vaqtidagi harakat otish holatiga qaraganda sekinroq). Turli mashqlarni bajarishga turlicha vaqt sarflanadi.
Sur’at – harakat davri yoki harakat miqdorining vaqt birligida takrorlanish tezligi chastotasi tushuniladi.
Masalan: yurish sur’ati dakikaga 120–140 qadam. Harakat sur’atining o‘zgarishi jismoniy yuklama kuchayishi yoki kamayishiga olib keladi.
Ritmik xarakteristika
Ritm – mushak kuchlanishi va bo‘shashining navbatma-navbat almashinuvidir. O‘zlashtirilgan harakatlarda ritm turg‘un xarakterga ega. Ritmik harakatlar oson bajariladi, shuning uchun ham charchov hosil qilmaydi.
Dinamik xarakteristika
Jismoniy mashqlarni bajarishga juda ko‘p omillar, jumladan ichki va tashqi kuchlar ta’sir etadi.
Ichki kuchlarga tayanch harakat apparatining sust kuchlari (mushaklarning elastikligi, yopishqoqligi): harakat apparatining faol kuchlari (mushaklarning tortilish kuchlari), kuchlar (tezlanish bilan harakat qilish jarayonida tana ayrim qismlarining o‘zaro ta’sir natijasida vujudga keladigan kuchlar) kiradi.
Tashqi kuchlarga inson tanasiga tashqaridan ta’sir etuvchi kuchlar: o‘z tanasining og‘irlik kuchi, tashqi muhitning qarshilik kuchi (havo, suv, qum, yer) va tabiat jismlari (buyumlar, juft mashqlardagi raqiblar) ning qarshilik kuchi, sport jihozlari (to‘ldirma to‘p, gantellar) ning og‘irlik kuchi, inersiya kuchi kiradi.
Jismoniy mashqlarning turlari
Jismoniy tarbiyaning asosiy mazmunini jismoniy mashqlar tashkil etadi. Ular quyidagi jismoniy mashk turlaridan iborat bo‘ladi:
1. Gimnastika.
2 Harakatli o‘yinlar.
Sport mashqlari.
Oddiy turizm.
Gimnastika – oddiy va murakkab mashqlarning g‘oyat xilma-xilligidir. Gimnastika jismoniy tarbiya tizimida katta o‘rin tutadi. U sog‘lomlashtirish yoki umumrivojlantiruvchi (asosiy, gigiyenik, atletik) gimnastika, sport-akrobatikasi, kasbiy, sport gimnastikasi, badiiy gimnastika, amaliy gimnastika, ishlab chiqishdagi gimnastika, davolash gimnastikasi turlariga bo‘linadi.
Gimnastikaning quyidagi o‘ziga xos xususiyatlari mavjud gavdani turli qismlari, ayrim bo‘g‘inlar va ular faoliyatining turli tomonlari va holatiga tanlab ta’sir etish (mushaklarning bo‘shashishi, cho‘zilishi), jismoniy yuklanishni taqsimlash imkoniyati, sport anjomlari va sport inshoatlaridan foydalanish, mashqlarni musiqa jo‘rligida o‘tkazish, mashqlarning rang-barangligi. Gimnastikaning bu xususiyatlari undan xilma-xil vazifalarni hal etish uchun barcha yoshdagi, salomatligi, jismoniy tayyorgarligi turlicha bo‘lgan kishilar bilan o‘tkaziladigan mashg‘ulotlarda foydalanish imkonini beradi.
Harakatli o‘yinlar. Bu turli emotsional harakatlardan iborat murakkab faoliyatdir. Bu faoliyat belgilangan qoidalar asosida to‘satdan o‘zgaradigan sharoit va vaziyatlarda bajariladi. Gimnastikadan farqli o‘laroq, o‘yinlarni o‘tkazishda jismoniy yuklanishlarni taqsimlash qiyin bo‘ladi.
Harakatli o‘yin shug‘ullanuvchilar faoliyatini tashkil etish va boshqarish xususiyatlari bilan farqlanadi.
O‘yin davomida to‘satdan o‘zgaradigan vaziyatlarda harakat qilish va tezkorlik, chaqqonlik (chalg‘itish, «tuzoq» dan qochish kabi jismoniy fazilatlar namoyon bo‘ladi.
O‘yin paytida bolalar faoliyati obrazli syujet yoki o‘yin vazifalari asosida tashkil etiladi va bu bolaning jismoniy mashqlarni ishtiyoq bilan va uzoq muddat bajarishi uchun ijobiy hislar uyg‘otadi. Bu o‘z navbatida ularning organizmga ta’sirini kuchaytiradi, chidamlilikni rivojlantirishga yordam beradi.
O‘yin qoidalariga rioya qilish, axloqiy fazilatlar (o‘zaro yordam, ongli intizom) ni tarbiyalashga yordam beradi. O‘yin faoliyatida majmua xarakteriga ega turli harakatlar uyg‘unligi (yugurish, sakrash) ko‘riladi.
O‘yinlardan ayniqsa maktabgacha tarbiya yoshidagi bolalar bilan olib boriladigan ishda foydalanish yaxshi natijalarni beradi.
Sport mashqlari.
Sport jismoniy mashqlarning biror turida yuqori muvaffaqiyatga erishishga yo‘naltirilgani bilan xarakterlanadi, kishining ma’naviy va jismoniy kuchlariga yuksak talablar qo‘yadi. Shuning uchun u faqat muayyan yosh bosqichining rivojlanish darajasidagina qo‘llanishi mumkin. Bu esa jismoniy tayyorgarlik va sog‘ligiga muvofiq keladigan sharoitni talab qiladi.
Sport jismonan kamol topishga xizmat qiladi va ma’naviy irodaviy fazilatlarni tarbiyalashga yordam beradi. Shuning uchun sport bilan shug‘ullanish ayniqsa, kishi organizmining hamda inson shaxsining shakllanish davrida foydalidir.
Texnika asoslarini shakllantirish va jismoniy tarbiyaning xilma-xil vazifalarini hal etish maqsadida maktabgacha yoshidagi bolalar bilan ishlashda turli gimnastika mashqlari (saflanish, umumrivojlantiruvchi mashqlar, asosiy harakatlar), sport mashqlari (chang‘ida yurish, konkida, chanada uchish, velosiped haydash, suzish…) sport o‘yinlari stol tennisi, badminton, gorodki..) dan foydalaniladi. Buning natijasida jismoniy mashqlar va keyingi yosh bosqichida xilma-xil sport turlari bilan shug‘ullanish uchun asos yaratiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |