1.Tarixiy bilimlarni shakllantirish jarayoni.
Tarixiy bilimlarni shakllantirishda tarixiy faktlar, tarixiy tushuncha va tasavvurlarning о‘rni.
Umumta’lim maktabi tizimida о‘quvchilarda tarixiy bilimlarni shakllantirish ilmiy bilimlarga nisbatan qisqartirilgan va soddalashtirilgan yо‘llar bilan amalga oshiriladi.
Maktab ta’limida tarixiy bilimlarni shakllantirish uchun tarix fani tizimida jamg'arilgan, tahlil etilgan va umumlashtirilgan ulkan materiallardan faqatgina minimumi, ya'ni maktabda ta’limiy tarbiyaviy va rivojlanib boruvchi ta’lim vazifalarini hal etish uchun pedagogik jihatdan zarur bо‘lgan tushunchalargina tanlab olinadi.
Kо‘p hollarda tarix ta’limida bilimlar adaptatsiya qilingan, ya'ni soddalashtirilgan va bir tizimga solingan holda bayon etiladi.
Tarixni bilish kо‘pincha sezish va qabul qilish, kо‘rib va eshitib idrok etishga asoslanadi.
Tarixiy voqealar to’g’risidagi bilimlar turli tarixiy axborotlardan olinadi. Shuning uchun ham tarixiy bilimlar manbai turlicha bо‘lishi mumkin. Bu borada kо‘rgazmalilikni (u yoki bu predmetga doyr), shuningdek tasviriy kо‘rgazmalar (masalan, I. N. Kramskiyning «Sahrodagi Iso», 1872 yil, «Yupanmas qayg'u»; V. G. Perovning «Pasxada qishloqqa krest yurishi», 1861 yil; «Moskva yaqinidagi Mitishchidagi choyxо‘rlik» 1862 yil; «Marhumni kuzatish» 1865 yil; «Qishloqi qizning savdogar uyiga kelishi» 1866 yil; «Institutda о‘qiydigan qizning kо‘r otasi huzuriga kelishi» 1870 yil, va hokazolar), tematik xaritalar («Stalingrad jangi», «Moskva ostonasidagi jang», Sohibqiron Amir Temurning harbiy yurishlari xarita chizma va xokazo), shuningdek, tarixiy hujjatlarning roli beqiyos kattadir.
Boshqa predmetlarga nisbatan tarixiy bilimlarni shakllantirishda tarixiy voqealarni og'zaki bayon etish (hikoya formasi) va yozma ravishda bayon etish (referatlar tayyorlash) katta rol о‘ynaydi.
О‘quvchilar tomonidan faktik bilimlarni о‘zlashtirib olish uchun ularni tafakkur etishdan ajratilgan holda emas, balki bir butun uyg'unlikda, yagona bir jarayon sifatida amalga oshirilib boriladi.
Tarixiy bilimlarning shakllanishida tarixiy faktlar mohiyati quyidagicha namoyon bо‘ladi:
- tarixiy hodisalar genezisi, ya'ni ularning vujudga kelishi va rivojlanishida;
- ijtimoiy hayotda о‘ziga xoslik va umumiylikda; tarixiy jarayon va boshqa shunga о‘xshash bilimlar qonuniyatlarini tarix fani tomonidan ochilishi va о‘qish jarayonida о‘quvchilar tomonidan о‘zlashtirib olinishi lozim. Bu bilimlar о‘quvchilarga о‘qituvchi tomonidan dars jarayonida yoki ularning о‘qituvchi rahbarligida olib borgan mustaqil ishlari jarayonida о‘zlashtirib olinishi kerak.
Shuni alohida qayd etib о‘tish kerakki, tarixiy tushunchalarni shakllantirish birinchi galda tarixiy faktlarni bilishga, shuningdek aniq yirik obrazlarga suyanmoqni taqozo etadi.
Tarixni bilish jarayoni tarixiy faktlarni о‘zlashtirishdan boshlanadi. Tarixiy faktlarning о‘ziga xos xususiyati shundan iboratki, ular hech qachon aynan takrorlanmaydi. Shu bilan birga о‘quvchilar tomonidan alohida tarixiy faktlarni bilib olish - tarixni о‘zlashtirdi degan tushunchani ifoda etmaydi. Faktlar orasida mantiqiy aloqadorlik bо‘lmasa, u holda faktlarning oddiy majmuasi bilimlarni bir xillashtiradi va tarixiy materiallarni ongli ravishda о‘zlashtirilishiga xalaqit beradi. Shunday qilib, tarixni о‘rganish jarayonida faktlar shunchaki о‘rganilmasdan, balki ular orasidagi zarur aloqalarni taqqoslash, aniqlash va ma’lum darajada tizimlashtirib о‘zlashtirishni ta’min etmog’i kerak.
Tarixiy faktlar son-sanoqsiz bо‘lishi mumkin. Biroq, tarix о‘qitish jarayonini samarali olib borish uchun ularni aniq belgilab olmoq zarur.
Tarixiy faktlar ikki xil xarakterda bо‘lishi mumkin. Birinchidan, ayrim tarixiy faktlar yagona voqeani aks ettirib, tarixda faqat ma’lum sharoitda bir marotaba, ma’lum davrdagi shaxslarning ishtirokida, qat’iy chegaralangan makon va zamonda sodir bо‘ladi. Masalan, Amir Temurning Turk sultoni Boyazid Yildirim ustidan qozongan galabasi. Bu xususda Sohibqiron tuzuklarida jumla-dan shunday yozilgan:
«Rumga yuborgan elchim Yildirim Boyazidning teskari javobini olib keldi, - deb eslaydi Amir Temur, - lekin Boyazid Misru Shom lashkari mendan yengilganini eshitgach, о‘ylanib qolgani va sarosimaga tushib, shoshilinch ravishda yurishga tayyorlana boshlaganini ham aytdi. Qaysarning kо‘zini g'aflat uyqusidan ochib qо‘yishim lozim kо‘rindi. Bu xususda kengash о‘tkazib, har bir shahar va qabiladan lashkar va xashar chaqirtirdim. Lashkar jam bо‘lgandan sо‘ng xijriy 804 yilning rajab oyida (1401 yil fevralida) Ozarbayjondan Qaysar ustiga lashkar tortdim... Qaysar tо‘rt yuz ming otliq va piyoda askari bilan menga qarshi yuzlandi.
Urushni boshladim va uni yengdim. Qaysarni lashkarlarim tutib olib, huzurimga olib keldi».
Anqara yonida sodir bо‘lgan bu tengi yо‘q, jangda о‘zi qо‘llagan harbiy taktik usulni Amir Temur shunday eslaydi:
«Qaysar bilan bо‘lgan jangda shunday qildim: Mironshoh о‘ng qanotning sardori edi. Unga qaysar chap qanotining rо‘barо‘si va yonidan jangga kirishni buyurdim, Chap qanotning amirlari: amirzoda Sulton Mahmudxon va amir Sulaymonga esa yorliq yuborib Qaysarning о‘ng qanotiga hujum qilishni buyurdim. О‘ng qanotimning tarxi bо‘lgan amirzoda Abu Bakrga esa tepalik ustida turib Yildirim Qaysarnipg qо‘l tо‘dasiga ot qо‘yib, shiddat bilan bostirishni buyurdim. О‘zim esa qо‘l tо‘dalari va ulus, aymoq, lashkarlar bilan qaysar tomonga yurish qildim. Qaysarning sipohiy tо‘dalari birinchi hamladayoq yengildi. Sulton Mahmudxon (qochayotgan) Qaysarning ketidan quvib, qо‘lga tushirdi va mening dargohimga keltirdi»1.
Olmoniyaning Potsdam shaxridagi hashamatli san’at muzeyida nafis did bilan bezatilgan maxsus Amir Temur zalining mavjudligi bobokalonimiz ruhi oldida butun Yevropa minnatdor ekanligidan dalolat beradi. Bu zalda fransuz rassomlari tomonidan yaratilgan ulkan san’at asari bor. Bu asarning mazmuni shunday:
«Amir Temur taxtda, atrofida arkoni davlat, sakkiz habash yelkasidagi qafasda Boyazidni g'olib hukumdor hu’zuriga keltirilayapti. Jahongir zafar quchganlarga monand mag’rur holatda.
Temur oyog’iga tiz chо‘kib to'rgan parivash gо‘zal holatini kо‘ring. U Boyazidning suykli kenja xotini. Ayol о‘z hukmdorining bir qoshiq qonidan kechishni, hayotini saqlab qolishni xudoni zori qilib, Temurga yolborayapti. Jahongir esa unga qiyo ham boqmayotir. Uning ikki kо‘zi Boyazidda, xuddi: «Qaysar, gapimni quloqqa olmading, endi holing qalay?», deyayotgandek»2.
Ikkinchidan, tarixiy faktlar о‘zlarida ma’lum tarixiy davr yoki zamon xususiyatlarini aks ettiradi. Masalan, Rossiya va g'arbiy Yevropa mamlakatlari tarixida uchraydigan barshchina, obrok Temur davri uchun xarakterli bо‘lgan harbiy harajatlar uchun yig’iladigan soliq - «aminona», davlat xazinasiga tо‘lanadigan - «xiroj», ayniqsa, «suyurg’ol» («soyyo’rgal» turk-mо‘g'ul sо‘zi bо‘lib, feodal tomonidan о‘z vassaliga berilgan yer-suv, mulk va undan olinadigan soliq, о‘lpon) va hokazolar. Garchi nomlari turlicha atalsa-da, aslida feodallarga tobe bо‘lgan dehqonlarning tо‘laydigan shaxsiy soliqlari majmuasidir.
Barshchina, obrok, «aminona», «xiroj», «suyurgol» va h. k. - bular tarixiy fakt bо‘lib, ma’lum davr va ma’lum ijgimoiy tuzumning ma’lum hodisasi hisoblanadi. Boshqa misolni olib kо‘raylik. Qо‘l mexnatini mashina bilan almashtirgan sanoat inqilobini olib qarasak, bunda mehnatni, ayniqsa, yengil sanoat sohasini fabrika ishlab chiqarishiga o’tishi va ikki sinf - ishchilar va burjuaziya sinflarini vujudga kelishiga olib keldi, bir emas, balki qator mamlakat-lar va mintaqalar uchun Niderlandiya, Angliya, Fransiya, Germaniya va hokazolar uchun ham xarakterli jarayon hisoblanadi.
Shuni alohida qayd etish lozimki, faktlar о‘zlarining hajmi, murakkabligi va mohiyati bilan bir-birlaridan farq qiladi. Masalan, Amir Temurning Oltin О‘rda xoni Tо‘xtamishga qarshi 1387, 1391 va 1394-1395 yillarda olib borgan kurashi - bu yirik tarixiy voqea, yagona va takrorlanmaydigan tarixiy haqiqat, inkor etib bо‘lmaydigan faktdir.
Ma’lumki, Amir Temur qudratli Oltin О‘rdani о‘z davlati uchun doimiy tahdid deb bilardi. Shuning uchun ham Tо‘xtamishga qarshi uch marta katta harbiy yurish qildi. Ayniqsa, 1391 va 1394-1395 yillardagi harbiy yurishi alohida ahamiyatga egadir.
Sohibqiron 1391 yilda 200 mingli qо‘shini bilan Samarqanddan yо‘lga chiqib, qishni Toshkentda о‘tkazdi. Bahor kelishi bilan katta harbiy tayyorgarliqdan sо‘ng Qozog’iston chо‘llariga qarab jо‘nadi. Ulug’ tog' etagidagi toshga о‘yib yozilgan xat bu yurish haqida tо‘la tafsilot beradi.
Temurning juda katta qо‘shini uzoq yо‘l bosganidan keyin, hozirgi Quybishev shahri bilan Chistopol о‘rtasidagi Qunduzcha degan joyda dushman qо‘shiniga duch keladi. 1391 yilning 18 iyunida bu joyda qattiq jang bо‘lib, Tо‘xtamish qо‘shini batamom tor-mor keltiriladi.
1395 yilda Shimoliy Kavkaz va Terek daryosi bо‘yida Temur bilan Tо‘xtamish о‘rtasida navbatdagi shiddatli jang bо‘ladi. Tо‘xtamish bu jangda ham yengiladi. Natijada Amir Temur Oltin О‘rdaning poytaxti Saroy Berkaga bostirib kiradi, unga о‘t quyib batamom yondirib yuboradi.
1395 yilda Terek daryosi bо‘yidagi mag’lubiyat va Saroy Berkaning batamom yondirib yuborilishi Oltin О‘rdaga berilgan sо‘nggi zarba bо‘ldi.
Dars jarayonida tarixiy faktlarni bayon etib borish о‘z navbatida ularning muhimligiga ham bog’liq bо‘ladi. Tarixiy jarayonni rivojlanib borishini ifodalaydigan va bir vaqtda shu fakt asosida tarix kursining boshqaruvchi g’oyalari shakllanishini ta’minlaydigan asosiy faktlar birmuncha tо‘la yoritilib, asosiy bо‘lmagan, lekin о‘rganilayotgan asosiy faktlar bilan ichki mantiqiy aloqa bog'lash uchun foydalanishi mumkin bо‘lgan ikkinchi darajali faktlar birmuncha umumlashtirilgan formada о‘rganilsa ham bо‘ladi. Shunday qilganda tarixiy bilimlarni о‘rganish ongli, mustahkam va sistemali amalga oshirib boriladi.
Voqea va hodisalar orasidagi aloqalar, takrorlanmas faktlar, voqealarni va ayrim olingan faktlarni о‘rganish tipik faktlar va hodisalarni о‘zlashtirib olishga yordam beradi. Masalan, О‘zbekiston xalqlari tarixidan Tо‘maris va Shiroq, Spitamen va Muqanna, Temurmalik va Jaloliddin Manguberdi, Mahmud Torobiy, Abu-bakr Qalaviy va Mavlonzodalar harakatlarini olib qaraydigan bо‘lsak, garchi makon va zamonda bu faktlar bir-birlaridan farq etsalarda, xarakterlari jihatdan vatanparvarlik, ozodlik, chet el mustabidlariga qarshi kurash bо‘lgan.
Tarixiy hodisalarni atroflicha ochib berish tarixiy voqealarning keltirib chiqargan sabablar va voqealarning mohiyatini tushunib olishga katta yordam beradi. Masalan, kapitalistik mamlakatlar orasidagi jahon bozori uchun kurash 1-jahon urushini keltirib chiqardii va hokazolar.
Eng muhimi - faktlar mustahkam ilmiy-nazariy xulosa va umumlashtiruvchi yakunlar chiqarishning asosini tashkil etmog’i kerak.
Agarda о‘qituvchi tomonidan bayon etiladigan faktlar zarur aloqa va umumlashtirishlarsiz olib boriladigan bо‘lsa, u holda biz о‘quvchilarda tarixiy bilimlar tizimini emas, balki bir-birlari bilan mantiqiy aloqada bо‘lmagan, mantiqan umumlashtirilib о‘quvchilarni ma’lum bir nazariy xulosaga keltira olmaydigan faktologiyaga о‘rgatgan bо‘lamiz. Xuddi shunga о‘xshash, tarix о‘qitish jarayonida о‘qituvchi faoliyatida u yoki bu tarixiy masala yuzasidan keltiriladigan xulosa va umumlashtiruvchi fikrlar aniq, tarixiy faktlarga asoslanmasa, bunday dars sotsiologiyaga aylanadi xolos.
Mazkur о‘rinda tarixiy faktlarni bilish uchun ularni sinchiklab о‘rganish, bir tarixiy shaxs yoki butun bir xalqqa baho berishda masalaga taalluqli fikrlarni taqqoslashtirib kо‘rish lozim.
О‘quvchilarga tarixiy tushunchalarni qanchalik boy, rang-barang va sistemalashtirilgan holda tushuntirilsa, ular yangi tarixiy materialni о‘zlarida mavjud bо‘lgan tarixiy bilimlar tizimiga shun-chalik tez va chuqur о‘rnashtirib va о‘zlashtirib oladilar.
Tushuncha, jumladan tarixiy tushunchalar faqatgina bilish natijasidagina shakllanmasdan, balki tafakkur etishning formasi ham hisoblanadi.
Tarixiy bilimlarni о‘zlashtirib borish jarayonida о‘quvchilar tafakkuri aniqlikdan umumlashtirilgan jarayonga, yana qaytadan umumlashtirilgan birmuncha yuqori darajadagi bilim asoslariga tayan-gan holdagi aniqlikka qarab harakat qiladi. Shuning asosida о‘quvchiga ilgaridan ma’lum bо‘lgan faktlar va ularga yondashish, shuning-dek, tarix ilmi taraqqiyoti munosabati bilan kashf etilgan yangi faktlar, ashyoviy dalillarga yondashish munosabatlari Yangicha tafakkur etiladi, takomillashib boradi. Bu jarayon O’zbek xalqining о‘z istiqloliga erishgan bugungi kunitsa, ayniqsa, katta ta’limiy va tarbiyaviy ahamiyat kasb etadi. Darhaqiqat, О‘rta Osiyo xalqlarining IX-XII asrrlardagi madaniyati tarixiga yoki Temuriylar tarixiga xolisona baho berish, jumladan Temur shaxsiga, uning davlat arbobi va harbiy sarkardalik mahoratiga, ayniqsa, Amir Temur tomonidan Oltin О‘rdani tor-mor keltirilishini, Rossiyada mо‘gul-tatar zulmiga xotima berishda tutgan roliga, yoki Sohibqironning turk sultoni Boyazid Yildirim ustidan qozongan tarixiy g'alabasi butun Yevropaning uning asoratidan saqlab qolishini ta’min etganligi, shuningdek, Mirzo Boburning hind xalqi tarixida tutgan о‘rniga, nihoyat, О‘rta Osiyoning Rossiyaga kо‘ngilli ravishda qо‘shilishi emasu, uning Chor Rossiyasi tomonidan shafqatsizlarcha bosib olinishiga to’g’ri baho berib, bunda Chor Rossiyasining О‘rta Osiyoda olib borgan harbiy harakatlarining bevosita ishtirokchisi general leytenant M. A. Terentyevning «Istoriya zavoyevaniya Sredney Azii s xaritami i planami» (SPb. 1906 god, v 4-x tomax) kitobining nomini о‘zi bu harakatning asl mohiyatini bayon etganligi kabi tarixiy hakiqatlarni dadil kо‘rsatib berishni taqozo etmoqda.
Tarix ta’limida aniqlikdan umumiylikka о‘tish va aksincha, umumiylikdan aniqlikka о‘tish oddiy aylanishgina bо‘lib qolmasdan, balki о‘quvchilarni tarixiy bilimlarini hamda aqliy kamolotlarini oddiydan murakkabga qarab muttasil rivojlanib borish jarayonidir.
Tarixiy materialni о‘rganish jarayonida о‘quvchilarni ruhiy hissiyot va kundalik ijtimoiy amaliy ishlari bilan bog'langan holda ularning tafakkurlari g'oyalarini, e’tiqodlarini, tarixiy jarayonni qanday sodir etgan bо‘lsa, unga partiyaviy, sinfiy degan munosabatda emas - u, real asosda tushunishlari, ijtimoiy hayotdagi voqea va hodisalarni bilishning dialektik-materialistik asosda о‘rganishlari kabi sifat о‘zgarishlarini izchil shakllanib borishini ta’minlaydi.
Ilmiy-uslubiy va didaktik jihatdan to’g’ri tashkil etilgan ta’lim jarayonida о‘quvchilarning tarixiy bilimlarni о‘rganishga bо‘lgan ehtiyojlari ortib boradi. Bu jarayonni kundalik pedagogik faoliyatimizda doimiy ravishda kuztib borar ekanmiz, о‘quvchilar bilimlarida miqdor о‘zgarishlarni sifat о‘zgarishlariga qarab о‘sib о‘tayotganligining shohidi bо‘ldik.
О‘quvchilarda tarixiy bilimlarni shakllantirishda о‘quvchilarning о‘quv faoliyatlariga о‘qituvchi tomonidan mohirlik bilan rahbarlik qilish alohida ahamiyat kasb etadi.
Tajriba shuni kо‘rsatmokdaki, tarixni о‘rganish samaradorligini oshirish asosan о‘quv jarayoniga tо‘g’ri rahbarlik qilishdan iborat bо‘lib, bu jarayon asosan quyidagi holatlarni о‘z ichiga oladi:
1.О‘quvchilarni bilish faoliyatlarini tarixiy bilim manbalari bilan ta’minlash. «О‘quvchilarga tarixiy bilim manbalarining asosiy poydevori va muhim tomonlarini ilmiy asosda shakllantirish birinchi galda tarix о‘qituvchisining о‘zini ana shunday bilimlarni nazariy va amaliy jihatdan egallashlarini, shuningdek, ana shu bilimlarni о‘quvchilar ongiga yetkaza bilishning optimal uslublari bilan qurollangan bo’lmog’i yoki donolar iborasi bilan aytganda: «tarbiyachining о‘zi tarbiyalangan bо‘lmg’it kerak», degan konsepsiyaga amal qilmoq kerak.
2.О‘quvchilarni о‘rganiladigan tarixiy materialga nisbatan ruhiy holatlarini yо‘naltira bilish, ularda tarixiy bilimlarga bо‘lgan qiziqishlarini faol uygotib borish, Dars jarayonida о‘quvchilarni mustahkam, barqaror diqqat-e’tiborlarini tashkil eta bilish, nihoyat ularda mustaqil tafakkur eta olish kо‘nikmalarini shakllantirish о‘qituvchining pedagogik faoliyatida asosiy о‘rinni egallamog’i kerak.
Tarix о‘rganish jarayonida bu vazifalar о‘rganilayotgan mavzuga turli vositalar yordamida yondashishni taqozo etadi. Darslik matnidan tashqari, mavzuga oid materiallarni tanlash, kurslararo va predmetlararo aloqa bog'lash, badiiy adabiyot va davriy matbuot materiallaridan, shuningdek tasviriy san’at asarlaridan maqsadga muvofiq foydalanish о‘quvchilarning mavzu yuzasidan mustaqil ishlarini faol tashkil etib borish shular jumlasidandir.
3. Dars jarayonida о‘quvchilar tomonidan tarixiy bilimlarni о‘zlashtirishga, idrok etishga о‘qituvchining bevosita va sistemali rahbarlik qilishi mazkur muammoni ijobiy hal etishning asosiy shartlaridan hisoblanadi. Mazkur о‘rinda о‘qituvchidan о‘quvchilarni dars jarayonida о‘rganilayotgan mavzudagi asosiy (yо‘naltiruvchi g’oya, tayanch bilim, Shatalovcha tayanch signal va h.k.) masalani, ya'ni bilishlari shart bо‘lgan tarixiy masalani alohida qayd etishi, darslikda bо‘lsa turlicha yozuvlarda bayon etilgan materialni, og'zaki bayon etilgan bо‘lsa ifodali о‘qishni, mavzuni bayon etish rejasini tuzishni; xaritada u yoki bu yо‘nalishlarni aniq kо‘rsatib berishni taqozo etadi. Eng asosiysi о‘qituvchi bu jarayonda о‘quvchilarning darslik matni ustida ishlashi bо‘lmasin, tarixiy hujjatlar, davriy matbuot va badiiy adabiyot asarlarini mustaqil tahlil etishni faollashtirmog’i lozim.
4. O’qituvchi о‘quvchilarni tarixiy materialni bilish jarayonini hamma bosqichlaridagi tafakkurlariga mohirlik bilan rahbarlik qilib bormogi lozim. Bu rahbarlik birinchi galda yangi materialni bayon etishda, uni mustahkamlashda, uy vazifasini bajarish va umumiy takrorlash darslarida о‘qituvchining diqqat markazida bo’lmog’i kerak. Ayniqsa, о‘quvchilarning bilish tafakkurlarini idora etish va boshqarish ular tomonidan nazariy masalalarni о‘zlashtirishda katta ahamiyat kasb etadi. Mazkur о‘rinda kuzatilgan maqsad: о‘quvchilar tarixiy faktlardan olgan bilimlari majmuasidan aniq nazariy xulosa chiqarishga erishsinlar, tarixiy faktlarning nazariy ifodasini mustaqil sharhlash imkoniyatiga ega bо‘lsinlar.
5. О‘quvchilar bilimini mustahkamlash uchun ularni darsda va uy vazifalarini bajarishdagi faoliyatlariga rahbarlik qilishni tashkil etish va ularda tarixiy bilimlarni shakllantirishda alohida о‘rinni egallaydi.
6. О‘quvchilarning о‘quv faoliyatini tekshirish va ularga ma’lum о‘zgartirishlarni kiritib borish ular olgan bilimlarnigina о‘z ichiga olmasdan, balki ularning tarixiy bilimlarni tafakkur etish qobiliyatlarini, shuningdek, dunyoqarashga doyr tushunchalarini qanchalik о‘zlashtirib borish darajasini, tarixiy materiallar bilan mustaqil ishlash qobiliyatlari, tarixdan olgan bilimlarini о‘qish jarayonida va ayniqsa, kundalik ijtimoiy hayotlarida amaliy jihatdan tezkor ravishda qanday qо‘llashlarini idrok etish va boshqarishda ham о‘z ifodasini topmog’i lozim. Tarix о‘rganish jarayonida tarixiy bilimlarni egallab borishda tarix darslarini tematik rejalashtirish, о‘quv dasturi va qо‘llanmalari, darsliklarning rolini alohida qayd etish lozim.
Ma’lumki, О‘zbekiston Respublikasi о‘z mustaqilligiga erishgunga qadar maktablarimizda О‘zbekiston xalqdari tarixi degan maxsus kurs bо‘lmasdan, respublika tarixi SSSR tarixi kursi tarkibida о‘rganilar edi.
О‘zbekistonning о‘z istiqloliga erishganligi tarixchi, tarixchi-metodist olimlarimiz va tajribali maktab о‘qituvchilari oldida О‘zbekiston xalqdari tarixidan davrimiz talabi darajasidagi darsliklarni eksperiment yо‘li bilan maktab tajribasida sinab ko’rgan, maktab yoshlarini ma’naviy jihatdan kamolotga yetishini ta’minlaydigan, ilmiy-uslubiy va didaktik jihatdan tо‘laqonli Darsliklarni yaratilishini taqozo etmoqda. Gap shundaki, «tarixga murojaat qilar ekanmiz, bu xalq xotirasi ekanligini nazarda tutishimiz kerak. Xotirasiz barkamol kishi bо‘lmaganidek, о‘z tarixini bilmagan xalqning kelajagi ham bо‘lmaydi»18.
Do'stlaringiz bilan baham: |