Falsafaning asosiy masalalari. Falsafani o‘rganayotgan har bir odamda falsafada qolgan barcha muammolarga nisbatan ustunroq ahamiyat kasb etadigan, ya’ni muhimroq, asosiyroq hisoblanadigan masalalar, muammolar mavjud yoki mavjud emasligiga qiziqish ertami, kechmi albatta yuzaga keladi. Bu mavzu nafaqat boshlovchi, balki professional faylasuflar uchun ham diqqatga sazovordir. Ularning orasida kimdir bu mavzuga jiddiy e’tibor beradi, kimdir esa, aksincha, uni muhim deb hisoblamaydi. Falsafaning uzoq tarixiga umumiy nazar tashlasak, olam va insonning kelib chiqishi, rivojlanishi va mohiyatiga, shuningdek, hayotning ma’nosi, inson bilishining tabiatiga tegishli «boqiy» falsafiy muammolar deyarli barcha falsafiy ta’limotlarda u yoki bu tarzda mavjudligini, turli falsafiy asarlarda, ular aynan kimga qarashliligi va qaysi davrga mansubligidan qat’iy nazar, qisman yoki, aksincha, atroflicha muhokama qilinishining guvohi bo‘lishimiz mumkin.
Falsafaning asosiy funksiyalari. Falsafa u yoki bu muammolarni hal qilar, qonunlar, muayyan tamoyillarni ta’riflar yoki gipotezalar, g‘oyalar va nazariyalarni ilgari surar ekan, ayni vaqtda (ba’zan shu tariqa) har xil funksiyalarni bajaradi. Falsafaning muhim funksiyalaridan dunyoqarashni shakllantirish, bilish, metodologik, integrativ, madaniy, aksiologik, axloqiy va tarbiyaviy funksiyalarni qayd etish mumkin. Ularning barchasi bir-biri bilan uzviy bog‘liqdir. Bu funksiyalarning roli va ahamiyati falsafaning amal qilish sohasi, u hal qilayotgan vazifalar darajasi va xususiyati bilan belgilanadi.
Dunyoqarashni shakllantirish funksiyasi insonning o‘z-o‘zini va o‘zini qurshagan borliqni tushunishi, shuningdek turli voqealar, hodisalarni va o‘z burchini qanday talqin qilishida namoyon bo‘ladi.. Yuqorida ko‘rsatib o‘tilganidek, inson dunyoqarashida e’tiqodlar va bilimlar, tuyg‘ular va emotsiyalar, oqilonalik va irratsionallik, tajriba, intuitsiya va hokazolar chambarchas bog‘lanadi. Ayni shu sababli falsafasiz dunyoning yaxlit manzarasini yaratish mumkin emas, chunki, «hamma narsaga aralashadigan» falsafagina dunyoqarashning o‘zaro bog‘lanmagan turli «parchalari»ni birlashtirib, shu tariqa odamlarning butun borliqqa nisbatan umumiy, izchil va mantiqan to‘g‘ri munosabatini yaratish imkonini beradi. Bunda falsafa ayrim ikir-chikirlar, ahamiyatsiz tafsilotlarni mavhumlashtiradi va umumiy aloqalarga, turli narsalar va hodisalar xossalarining birligiga e’tiborni qaratadi va shu tariqa o‘zining bosh funksiyasi – dunyoqarashni shakllantirish funksiyasini bajaradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |