Sabab va oqibat dialektikasi. Sabablar ichki va tashqi, bevosita va bilvosita, ob'ektiv va sub'ektiv bo‘lishi mumkin. Sub'ektiv sabablar ko‘pincha faoliyat, xulq-atvor, qilmishlarni izohlash sohasida namoyon bo‘ladi. Ob'ektning mohiyatini tashkil etuvchi qarama-qarshi kuchlar, tendensiyalarning o‘zaro aloqasi sababning ichki manbai hisoblanadi. Masalan, odamlar o‘z kasalligi yoki qariligini qayg‘u-hasrat, muvaffaqiyatsizliklar, og‘ir ish va hokazolar bilan tushuntirishga moyildirlar. Amalda qarilik yoki o‘limni yengishga hali hyech kim muvaffaq bo‘lmagan, chunki qarilik ham, o‘lim ham ichki sabablar bilan izohlanadi. Shu sababli ba'zilar og‘ir ish bilan shug‘ullanib ham uzoq vaqt yosh va sog‘lom bo‘lib qoladi, ayrim takasaltanglar esa juda tez qariydi. Tashqi sabablar turli ob'ektlar o‘zaro aloqasining mahsulidir. Sabab va oqibat munosabatlarini orqaga qaytarib bo‘lmaydi. Sabab va oqibatning sof chiziqli jarayon sifatidagi mexanistik talqini muqarrar tarzda sabab va oqibatni orqaga qaytarish mumkin, degan xulosaga olib keladi. Masalan, Oy qarama-qarshi yo‘nalishda aylana boshlasa, u dastlabki holatga kelgan bo‘lar edi. Ammo bu faraz zamirida soxta asoslar yotadi: u sabab-oqibat munosabatlariga tasodifiy omillar to‘plami kuchli ta'sir ko‘rsatishini hisobga olmaydi. Dastlabki holatga qaytish – bu mazkur omillar to‘plamini amalda mujassamlashtirish demakdir. Vaholanki, ularning hammasini amalda mujassamlashtirish mumkin emas, demak, dastlabki holatga qaytish mumkin emas. Sabablar va oqibatlarning munosabatlari murakkab va rang-barangdir. Bir sabab ko‘plab oqibatlarga sabab bo‘lishi va, aksincha, bir oqibat zamirida ko‘p sonli sabablar yotishi mumkin. Ayrim sabablar cheksiz oqibatlar zanjirining ilk manbai hisoblanadi. Ba'zi bir sabablar «zanjir reaksiyasi» ko‘rinishini kasb etishi, ya'ni ikki yoki undan ortiq oqibatni yuzaga keltirishi, ular esa, o‘z navbatida, ikki yoki undan ortiq oqibatga sabab bo‘lishi mumkin.
Sinergetika sababiyat haqida. Sababiyat haqidagi falsafiy qarashlar uzoq evolyusiya jarayonini boshdan kechirdi. Mexanistik yondashuv sababni sirtdan ko‘rsatilgan ta'sir sifatida talqin qiladi. Dunyo jismlarning tartibga solingan, oldindan aytish mumkin bo‘lgan aniq o‘zaro aloqasi sifatida tasavvur qilinadi. Tasodifning mavjudligi rad etiladi. Sababiyat zanjirlari chiziqli xususiyat kasb etadi, oqibat sabab ta'siriga proporsional bo‘ladi. Binobarin, sababiyat zanjirlariga qarab rivojlanish jarayonining o‘tmishini ham, kelajagini ham aniqlash mumkin. Ammo ilmiy bilimning rivojlanishi mexanistik determinizmning asossizligini namoyish etadi. Sinergetika yo‘nalishi asoschilaridan biri I.R.Prigojin mexanistik determinizmga shunday baho beradi: «Dinamika ratsionalistik modelining mahsuli sifatida tushunilgan determinizm endilikda ayrim hollardagina namoyon bo‘luvchi xossa bilan bog‘lanadi»38, deb baho beradi.
Fan rivojlanishi bilan sabab-oqibat aloqalarining statistik qonuniyatlari va ehtimoliy tabiati haqidagi tasavvur yuzaga keladi. Murakkab tizimlarning o‘z-o‘zini tashkil etishi haqidagi fan – sinergetika determinizm talqiniga ma'lum aniqliklar kiritdi. Bir qator ilmiy dalillar olimlar har qanday tabiiy hodisalar stoxastik xususiyatga ega va muayyan noaniqlik sharoitida yuz beradi, degan xulosa chiqarishiga olib keldi. Murakkab tizimlar uchun, odatda, rivojlanishning bir necha muqobil yo‘llari mavjud bo‘ladi. Sinergetika sabab-oqibat aloqalari nomutanosib tizimlarda namoyon bo‘lishining o‘ziga xos xususiyatlarini ochib beradi. Bu tizimlarning rivojlanishi ko‘p variantlidir. Bunda evolyusiyaning har qanday turi emas, balki yo‘llarning muayyan doirasi mavjud bo‘lishi mumkin. Rivojlanishda kutilmagan burilishlar yuz berish ehtimoli mavjud, chunki u tasodifiy aloqalar orqali sodir bo‘ladi. Nomutanosib tizimlar tashqi omillarga o‘ta ta'sirchandir. Shu bois intensivlik darajasiga ko‘ra ahamiyatsiz bo‘lgan ta'sirlar ham kutilmagan natijalarga olib keladigan shikastli oqibatlar sababi bo‘lishi mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |