Sxolastika(yunon. schole – maktab) –maktabta'limidahukmronlikqilganvailohiyotgato‘labog‘liqbo‘lgano‘rtaasrlarxristianfalsafasi. XI asrda sxolastik falsafa doirasida nominalizm va realizm o‘rtasida kurash avj olgan. Dastavval: «Xudo bir, lekin siymolarda uchta: Xudo-ota, Xudo-o‘g‘il va Xudo-muqaddas ruh, degan fikrni qanday tushunish kerak?», degan sof sxolastik savol o‘rtaga tashlangan. Ammo bu savol atrofida avj olgan bahs-munozara uning chegarasidan chetga chiqqan va tom ma'noda falsafiy xususiyat kasb etgan: amalda yakkalik va umumiylik dialektikasining muhokamasiga aylangan. Realistlar «umuman inson», «umuman uy» kabi umumiy tushunchalar – «universaliyalar» mavjudligi to‘g‘risida so‘z yuritganlar. Ular ayrim narsalarning mohiyati sanalgan universaliyalar narsalargacha amalda mavjud bo‘ladi va narsalarni vujudga keltiradi, deb hisoblaganlar. Bu ashaddiy realizm zamirida Platonning «g‘oyalar dunyosi» va «narsalar dunyosi» haqidagi ta'limoti yotadi.
Nominalistlar «universaliyalar narsalardan keyin vujudga kelgan nomlardir», degan fikrni ilgari surganlar. Ayrim narsalar, masalan, odamlar, uylargina realdir, «umuman inson» yoki «umuman uy» esa faqat so‘zlar yoki nomlar bo‘lib, ularning yordamida odamlar ayrim predmetlarni umumlashtiradilar. Mo‘tadil nominalistlar insoniy tushunchalarda ayrim narsalardagi o‘xshash jihatlarning in'ikosi sifatida umumiylik mavjudligini taxmin qilganlar.
Realizm umumiylikka narsadan oldin paydo bo‘luvchi ideallik sifatida yondashgan, ya'ni amalda umumiy va yakkaning aloqasi to‘g‘risidagi idealistik konsepsiyani ishlab chiqqan bo‘lsa, nominalizm bu muammoni materialistik yo‘l bilan yechishning o‘ziga xos timsoli bo‘lgan.
Shunday qilib, realistlar va nominalistlar o‘rtasidagi bahs falsafiy tus olgan, chunki unda umumiy va yakkaning tabiati muammolari, ularning dialektikasi amalda muhokama qilingan.
Foma Akvinskiy (1225-1274) katolik teologiyani yaratgan va sxolastikani tizimga solgan mutafakkir sifatida e'tirof etiladi. Uning eng mashhur asarlari: «Teologiya yig‘indisi», «Falsafa yig‘indisi», «Majusiylarga qarshi yig‘indi». Ularda muallif asosan Aristotel asarlariga tayanadi. Foma Akvinskiy Aristotel ijodi bilan Sharqqa salb yurishi chog‘ida tanishadi. Uning ontologiyasida borliq ham ehtimol tutilgan, ham amalda mavjud deb qaraladi. Borliq - ayrim narsalarning mavjudligi, ya'ni substansiyadir. Foma Akvinskiy imkoniyat va voqyelik kabi kategoriyalar bilan bir qatorda materiya va shakl kategoriyalarini ilmiy muomalaga kiritadi. Bunda materiya imkoniyat sifatida, shakl esa – voqyelik sifatida qaraladi.
Foma Akvinskiy Aristotelning shakl va materiya haqidagi asosiy g‘oyalaridan foydalanib, din haqidagi ta'limotni ularga to‘la bo‘ysundiradi. Materiya shaklsiz mavjud bo‘lmaydi, shakl esa oliy shaklga yoki «shakllarning shakli» - Xudoga bog‘liqdir. Xudo esa sof ma'naviy mavjudot. Shaklning materiya bilan birikuvi moddiy dunyo uchungina zarur. Boz ustiga materiya (Aristoteldagi kabi) passivdir. Unga shakl faol tus beradi. Foma Akvinskiy «ilohiy borliq», hamonki u o‘z-o‘zidan ravshan narsa emas ekan, tafakkurimiz anglashga qodir bo‘lgan narsalar orqali isbotlanishi lozim. U Xudo borligining hozirgi zamon katolik cherkovi ham foydalanuvchi o‘z dalil-isbotini taklif qiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |