1.5- rasm. Yupiterning kosmosdan ko'rinishi
Yupiter atmosferasi Yernikidan keskin farq qilib, vodorod, geliy, metan va ammiak gazlaridan tashkil topgan. Planeta atmosferasining asosiy qismini vodorod va geliy tashkil qiladi. Shuningdek, planetaga tegishli spektogrammalarning tahlili uning atmosferasida sezilarli miqdorda asetilen (C2H2) va etan (C2H6) borligini ma'lum qildi. Gigant planeta atmosferasida suv bug'larining topilishi ham katta voqea bo'ldi, chunki olimlar uning bulutli qatlamlarining aniqlangan temperaturasi -120 °C – 130 °C dan past bo'lib, bunday temperaturada suv bug'lari doimo muz holatidagina bo'lishi mumkin deb taxmin qilardilar.
Yupiter Quyoshdan Yerga nisbatan 5 marta ortiq masofada bo'lganidan, bu planeta yuza birligining Quyoshdan oladigan energiyasi Yernikidan 27 marta kam. Biroq shunga qaramay, planetaning to'la yuzasi, asosan, radio va infraqizil diapazonlarda, uning Quyoshdan oladigan energiyasidan qariyb 2,5 marta ko'p energiya bilan nurlanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |