HOZIRGI O‘ZBEK TILINING
DIALEKTAL ASOSLARI
Hozirgi o‘zbek tili ko‘p dialektli milliy tildir. Har qanday tilning boy dialektal tarkibga ega bo‘lishi, uning qurilish jihatdan boyligini, salobatini, ulug‘vorligini ko‘rsatadi. O‘zbek adabiy tili tarkibidagi yirikyirik lahjalar, mahalliy dialektlar va ko‘plab shevalar o‘zbek tilining quyi formasi hamda tarmoqlaridir. Ular o‘zbek tilining doimiy takomilini ta’minlovchi manbadir, shuning uchun ular o‘zlarining yuqori formasi bo‘lgan yagona o‘zbek milliy adabiy tiliga bo‘ysunadi va uning taraqqiyoti uchun xizmat qiladi.
O‘zbek tilshunoslari orasida o‘zbek dialektlari hozirgacha turlicha tasnif qilinib kelindi:
1) til xususiyati jihatidan;
2) hududiy (territorial) jihatdan;
3) etnik jihatdan.
Til xususiyatiga ko‘ra o‘zbek mahalliy dialektlari dastlab “o” lovchi va “a” lovchi dialektlarga ajratilib, “a” lovchi dialektlar yana ikkiga bo‘linadi:
a) “y” lovchi, ya’ni “y” undoshi bilan yo‘q deb gapiruvchi shevalar;
b) “j” lovchi, ya’ni “j” undoshi bilan jo‘q deb gapiruvchi shevalar.
Hududiy jihatdan o‘zbek dialektlari uch guruhga ajratiladi.
1. Markaziy dialekt. Bunga asosan O‘zbekiston respublikasining markaziy shaharlarida yashovchi xalqi shevalari kiradi.
2. Xorazm dialekti. Bunga hozirgi Xorazm viloyati janubida va Janubiy Qozog‘iston viloyatining Iqon, Qornoq, Qorabuloq, Mankent qishloqlarida yashovchi o‘zbeklar shevasi kiradi.
3. Janubiy o‘zbek shevalari yoki qishloq shevalari. Bunga Toshkentning sharqiy tomonida, Ohangaron vodiysi va Chirchiq daryosi bo‘ylarida, Farg‘ona vodiysidagi qishloqlarda, Jizzax va Samarqand shaharlari atrofida, Xorazmning shimoliy, Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlarida, Janubiy Qozog‘iston viloyatining shimoliy qismida yashaydigan aholi shevalari kiradi.
Etnik xususiyatiga ko‘ra o‘zbek dialektlari Chig‘atoy, qipchoq, o‘g‘uz dialektlariga bo‘linadi.
Mahalliy o‘zbek dialektlari, bundan tashqari, singarmonizmli va singarmonizmsiz, eronlashgan va eronlashmagan o‘zbek shevalariga ham bo‘linadi. Bu bo‘linish o‘zbek dialekt va shevalarining xususiyatlarini to‘liq ko‘rsata olmaydi, chunki singarmonizmli o‘zbek shevalari til xususiyatiga ko‘ra faqat “a” lovchi shevalargagina xos bo‘lsa, boshqa hamma dialekt va shevalarda bu xususiyat yo‘q. O‘zbek dialektlarining eronlashish eronlashmaslik xususida ham shunday deyish mumkin, chunki O‘zbekiston hududlaridagi hamma dialekt vakillari juda qadim zamonlardan boshlab tojiklar bilan hamnafas yashab kelgan, ularning ijtimoiy turmush sharoitlari, madaniyati va urfodatlari deyarli bir xil bo‘lgan. Ularning birbiriga qarshi qurol ko‘tarib chiqqanini tarix eslolmaydi, lekin bosqinchi yovlarga qarshi har vaqt bir jon, bir tan bo‘lib qarshi kurashganlar. Ularning hududiy, siyosiyiqtisodiy va madaniy yaqinligi tilda ham o‘z ifodasini topmay qolmagan. Tojik tili o‘zbek tiliga qanday ta’sir ko‘rsatgan bo‘lsa, o‘zbek tili ham tojik tiliga shunday ta’sir ko‘rsatgan. Tojik va o‘zbeklar aralash, zich joylashgan ayrim hududlarda esa hatto o‘zbek va tojik, tojik va o‘zbek ikkitilliligi tarkib topgan. Bu ikkitillilik o‘zbek va tojiklar uchun ham umumiy, tojik va o‘zbek tili elementlarini o‘zida aks ettirgan o‘ziga xos qurama grammatik qurilishiga ham ega bo‘lgan.
Mahalliy o‘zbek dialektlarini hududiy jihatdan chegaralab ko‘rsatish ham qiyin, chunki bunday tasnifning u qadar ma’qul emasligini shunda ham ko‘rish mumkinki, birgina “a” lovchi sheva va dialekt vakillari faqat O‘zbekiston Respublikasining qishloq tumanlarida emas, Qozog‘iston va Tojikistonning Janubiy viloyatlarida ham hayot kechiradi, va asosan, shu dialekt va shevalarda o‘zaro muloqotda bo‘ladilar.
Mahalliy o‘zbek dialektlarini tekshirish va o‘rganish hamda ularni tasnif qilishning eng to‘g‘ri yo‘li dialektlarni o‘z til xususiyatlariga qarab guruhlashtirishdir. Bu dialektlararo umumiylikni va har bir dialektning boshqa dialektlardan o‘ziga xos xususiyatlari bilan farqlanishini ochib beradi. Dialektlararo bu farq va o‘xshashliklarni o‘zbek tilshunosligining maxsus sohasi dialektologiya fani o‘rgatadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |