3.O‘zbekistonning mustaqil taraqqiyoti jarayonida yangi g‘oyalarning takomillashuv jarayoni, unda avlodlararo vorislik va yangilanishning namoyon bo‘lishi.
Mustaqillik tufayli oldimizga qо‘ygan oliyjanob maqsad-muddaolarimizga yetish, eski mafkuraviy asoratlardan batamom xalos bо‘lish, g‘oyaviy bо‘shliq paydo bо‘lishiga yо‘l qо‘ymaslik, begona va yot g‘oyalarning xurujidan himoyalanish, bunday tajovuzlarga qarshi tura oladigan har tomonlama barkamol insonlarni voyaga yetkazish zaruriyati xalqimiz va jamiyatimiz manfaatlariga mos milliy istiqlol g‘oyasini shakllantirishni va mustahkamlashni taqozo etadi.
Jamiyatda fikrlar xilma-xil va rang-barang bо‘lib, bir-biridan farq qiladi. Qanday maqsadga qaratilgani va yо‘naltirilganiga qarab ham ular bir-biridan farqlanadi. Ezgulik, yaratuvchilik, bunyodkorlik, hamkorlik, ozodlik, erkinlikka qaratilgan fikrlar mamlakatda osoyishtalik, xalqlar о‘rtasida totuvlik, barqarorlikka xizmat qiladi. Ular mamlakat taraqqiyotida muhim о‘rin tutadi. Ezgulik va yaratuvchilikni targ‘ib qiluvchi fikrlar ezgu va bunyodkor g‘oyalarning paydo bо‘lishiga sabab bо‘ladi. Masalan, Zardusht ta’limotidagi ezgulik va yaratuvchilikni targ‘ib qiluvchi fikrlar asosida ezgulik va bunyodkorlik g‘oyalari vujudga kelgan. Amir Temurning parokanda bо‘lgan xalqni birlashtirish va shu asosda markazlashgan davlat tuzish tо‘g‘risidagi fikrlari negizida mamlakat obodligi, xalq osoyishtaligi tо‘g‘risidagi bunyodkorlik g‘oyalari paydo bо‘ldi. Fikrlar xilma-xilligi, bir-biridan farq qilishi tufayli ezgu fikrlarga zid bо‘lgan buzg‘unchi, yovuz yoki zararli fikrlar ham mavjud bо‘ladi. Buzg‘unchi va yovuz fikrlar vayronkorlikni, jaholatni, urushni targ‘ib qiladi. Buzg‘unchi fikrlar ijtimoiylashib jamiyatdagi muayyan guruhlar, qatlamlar ongiga ta’sir qilib ularning yovuz manfaatlarini ifodalaydigan g‘oyaga aylanishi jamiyatda beqarorlik muhitini vujudga keltirib odamlar boshiga katta kulfatlarni, baxtsizliklarni keltirib chiqarishi mumkin. Masalan, aqidaparastlik, agressiv millatchilik, buyuk davlatchilik shovinizmi, ekstremizm, xalqaro terrorizm bunga misoldir.
Jamiyatda fikrlar xilma-xil bо‘lgani va bir-biridan farq qilganidek g‘oyalar ham turli tuman bо‘lib, mohiyatiga, о‘z о‘z oldiga qо‘ygan maqsadi va qaysi ijtimoiy guruhlarning manfaatiga xizmat qilishiga qarab bir-biridan farq qiladi. G‘oya bilan g‘oyaning bir-biriga о‘xshamasligi va ular о‘rtasida farq bо‘lishini tabiiy jarayon deb qarash kerak. Qaysi ijtimoiy qatlamning maqsadini ifodalashi va kimlarning manfaatiga xizmat qilishiga, qanday yо‘nalishga egaligiga kо‘ra ham g‘oyalar rang-barang bо‘lishi mumkin. Lekin, g‘oya va mafkuralarning xilma-xilligi va bir-biridan farq qilishi tabiiy jarayon sifatida qaralishi bilan birga, ularni bir-biriga yaqin mushtarak tomonlari, ayni paytda bir-biriga mutlaqo tо‘g‘ri kelmaydigan jihatlari ham bо‘ladi.
Mamlakatda ilg‘or g‘oyalar, mafkuralar qancha kо‘p bо‘lsa, ya’ni mafkuraviy plyuralizm hukmron bо‘lsa, taraqqiyotning samarali yо‘lini tanlab olish uchun imkoniyat shunchalik keng bо‘ladi. Fikrlar erkinligi va xilma-xilligi mafkuralarning mazmun jihatidan boyishiga, bir-birini tо‘ldirishiga xizmat qiladi.
Mustaqil О‘zbekiston mafkura yakkahokimligidan voz kechdi va milliy taraqqiyoti uchun keng yо‘l ochdi. Mamlakatimizda mafkuralar va fikrlar xilma-xilligiga alohida e’tibor beriladi. G‘oya va mafkuralar xilma-xilligi ijtimoiy taraqqiyotga xizmat qiladigan yangidan-yangi g‘oyalarning paydo bо‘lishiga, turli xalqlar, elatlar, millatlar va siyosiy institutlarning manfaatlarini umumiy tarzda rо‘yobga chiqarishga imkoniyat yaratadi. Shuningdek u mamlakatimizda kо‘ppartiyaviylik tizimiga ham sharoit yaratadi. Siyosiy partiyalar esa о‘zlari mansub bо‘lgan qatlamlar, siyosiy guruhlarning manfaatlari, intilishlari, orzu-umidlarini umumlashtirgan holda о‘z harakat dasturlari orqali namoyon qiladi.
Shu bilan bir qatorda, tarixiy taraqqiyotning ma’suliyatli davrlarida jamiyatdagi barcha ijtimoiy guruhlar, millat yoki siyosiy yо‘nalishlarni о‘zida mujassamlashtiruvchi, kо‘pchilikka maqbul, umum tomonidan ma’qullanadigan, jamiyatning asosiy manfaatlarini о‘zida mushtaraklashtiradigan mafkuralar ham bо‘lishi mumkin. Masalan, milliy ozodlik kurashi mafkurasi, milliy mustaqillik mafkurasi va hakazo. Umummiliy g‘oya jamiyat a’zolarining, xalq ommasining tub manfaatlarini va kо‘nglidagi orzu intilishlarini ifoda etgani, millatlarning birdamligi, jamiyatning qudratini mustahkamlashi, fuqarolar о‘rtasidagi bag‘rikenglik munosabatlarini ifoda etgani sababli odamlarni ulkan maqsadlar yо‘lida birlashtiradigan joziba kuchiga ega bо‘ladi. Bunday g‘oya jamiyatda barqarorlikni ta’minlaydi. Tarix saboqlari shundan dalolat beradiki fikrini erkin ifoda etadigan shaxs, guruh yoki ijtimoiy qatlam, avvalo, о‘zining aniq-ravshan, asosli qarashlariga ega bо‘lishi, о‘z nuqtai nazarining oqibati uchun ma’suliyatni о‘z zimmasiga olishi, bahs-munozara madaniyati talablariga amal qilishi lozim. YA’ni, fikrlar rang-barangligi va qarashlar xilma-xilligi muayyan jamiyatning milliy manfaatlariga, umumbashariy qadriyatlarga, qonun normalariga, axloqiy mezonlarga zid bо‘lmasligi lozim. Shu sababli jamiyatda bunyodkor-yaratuvchanlik g‘oyalarini ilgari suruvchi va hayotga tadbiq etuvchi kuchlar jamiyat axli о‘rtasida о‘z g‘oyalarini singdirishga urinsalar kо‘pchilik ongiga ijobiy ta’sir etib, jamiyatda barqarorlik, tinchlik, osoyishtalik va yaratuvchilik ishlariga о‘z ta’sirini kо‘rsatadi. Masalan, bu ilk о‘rta asrlarda mamalakatimiz xududida ilm-fan, din, madaniyat, adabiyot, hunarmandchilik rivojlanib iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy-ma’naviy sohalarda uyg‘onish sodir bо‘lib, kо‘plab yetuk allomalarning yetishib chiqishiga olib keladi. Ular о‘z ta’limotlarida buyuk g‘oyalar yaratib, jamiyat taraqqiyotiga ijobiy ta’sir kо‘rsatdi. Darhaqiqat, bunyodkorlik g‘oyalari insonni ulug‘laydi, uning ruhiga qanot bag‘ishlaydi.
Jamiyatda ezgu g‘oyalar barcha davrlarda insonni yuksak orzular bilan yashashga, olijanob maqsadlar yо‘lida e’tiqod bilan kurashishga о‘rgatadi. Mustaqillik yillarida О‘zbekistonda amalga oshirilayotgan barcha sohalardagi bunyodkorlik ishlari bunga yorqin misoldir. Inson va jamiyat bor ekan, ezgulik g‘oyalarining ziddi bо‘lgan zulm va zо‘ravonlik, qabohat va jaholat yangi-yangi shaklarda namoyon bо‘lishi ham mumkin. Lekin ular insoniyatning adolat, tenglik, tinchlik, qardoshlik, rivojlanish va farovonlik g‘oyalariga tayanib, yuksak maqsadlar sari intilishlarini tо‘xtata olmaydi. Ezgu va yuksak g‘oyalar odamlarni hamisha olijanob maqsadlar sari yetaklayveradi. Bunyodkorlik g‘oyalari yurtni obod, xalq hayotini farovon qilishdek olijanob maqsadlar bilan ajralib turadi. Ular insoniyat taraqqiyotga erishgan davrlardan buyon jamiyat hayotining eng ezgu g‘oyalari sifatida yashab kelmoqda.
Insoniyat tarixi xilma-xil g‘oya va mafkuralarning vujudga kelishi, amaliyoti, bir-biri bilan munosabatidan iborat uzluksiz jarayondir. Bu jarayonda turli g‘oyalar u yoki bu kuchlarga xizmat qilishi, о‘ziga ishongan kishilarni qanday maqsadlar tomon yetaklashiga qarab bir-biridan farqlanadi.
Jahon tajribasiga nazar tashlasak, butun dunyo taraqqiyotiga ulkan ta’sir kо‘rsatgan nazariy ta’limot va mafkuralarni yaratish uchun insoniyat tarixining turli davrlarida ulkan aql-zakovat, iste’dod va teran tafakkur sohiblari mislsiz zahmat chekkanini kо‘ramiz. Suqrot va Platon, Konfusiy va Zardusht, Amir Temur, Alisher Navoiy, Maxatma Gandi kabi buyuk mutafakkirlarning faoliyati buning yaqqol tasdig‘idir.
Ularning har biri о‘z davrida о‘zi mansub xalqni birlashtiradigan ulkan ahamiyatga molik g‘oyalarni yaratganlar. Bu g‘oyalarga tayanib bunyodkorlik yо‘lida, ezgu maqsadlarga erishish uchun hormay-tolmay mehnat qilganlar. Bu borada insoniyatga ezgulik g‘oyalarini targ‘ib qilgan Zardusht ham, «О‘zini anglamoq buyuk saodat» ekanligini anglatgan Suqrot ham, «xalqni yakqalam qildim», deya insonparvarlik, adolat g‘oyalarini kuylagan va qoniqish hissini tuygan Navoiy ham, Markazlashgan davlat tuzib, xalqni birlashtirib, uning adolat kuchiga ishonchini mustahkamlagan Amir Temur ham, Hindiston ozodligi yо‘liga umrini baxshida aylagan Maxatma Gandi ham bugungi avlodlar uchun ibrat namunasi bо‘lgan ulug‘ insonlardir.
Buyuk donishmand bobomiz Bahouddin Naqshband «Diling - Ollohda, qо‘ling - mehnatda bо‘lsin» deya yaratuvchilikka da’vat etganlarida, har qanday ishni aql va e’tiqod bilan bajarishni nazarda tutganlar. Ushbu shiorda inson kо‘nglida Ollohga e’tiqod qо‘yib, о‘zi xalol mehnati bilan tirikchilik о‘tkazish va ilm-hunar о‘rgatib Vatanni obod qilishga da’vat etiladi. Diniy ishlarni dunyoviy ishlar bilan bog‘lab olib borish, dunyoviylik va diniy e’tiqodning mushtarakligi orqali jamiyatda barqarorlik, osoyishtalik va farovonlikka erishish mumkinligi g‘oyasi targ‘ib qilinadi. Mustaqillik yillarida, О‘zbekistonda - Islom dinining ezgu g‘oyalari milliy qadriyatlarimiz va turmush tarzimizga chuqur singib bormoqda. Umuman, e’tiqodni faoliyatga, faoliyatni esa e’tiqodga aylantirish xalqimizga xos. Masalan, yaxshilikni, ya’ni oddiy insoniy faoliyatni e’tiqod darajasiga kо‘targanimiz yoki Ollohga bо‘lgan ishonch-e’tiqodimizni faqat ezgulik yо‘lida xizmat qildirishni an’anaga aylantirganimiz buning tasdig‘idir.
Bunyodkor g‘oyalar bilan qurollangan kishilar farovon hayot, erkin jamiyat qurish uchun kurash olib borganligi tarixdan ma’lum. Bunday jarayon ijobiy g‘oyalarning tug‘ilishiga, ular esa о‘z navbatida elatlar, xalqlar, millatlar manfaatlarini ifodalovchi hayot tarzining shakllanishi uchun asos bо‘lgan. Shuningdek, milliy davlatlarning yuzaga kelishida bu g‘oyalar yetakchi va yо‘naltiruvchi ahamiyat kasb etgan. Buni biz о‘zbek davlatchiligi g‘oyalarining shakllanishi va takomili misolida ham kuzatishimiz mumkin.
Bunyodkorlik g‘oyalari yurtni obod, xalq hayotini farovon qilishdek oliyjanob maqsadlar bilan ajralib turadi. Ular insoniyat sivilizatsiyaga erishgan davrlardan buyon jamiyat hayotining eng ezgu g‘oyalari sifatida yashab kelmoqda. Birinchi Prezident Islom Karimovning «О‘zbek tom ma’noda bunyodkordir», degan sо‘zlarida ham ana shu boqiy g‘oyalarning ma’no-mazmuni о‘z ifodasini topgap. Bunday bunyodkorlik xalqimizga ota-bobolaridan merosdir. Insoniyat tarixida odamlar ongi va shuuriga adolat, haqiqat, ezgulik, mehnatsevarlik kabi yuksak g‘oyalar urug‘ini sepgan zot, payg‘ambar Zardusht yaratgan «Avesto» kitobidagi yuksak g‘oyalar buyuk vatandoshimiz Zardushtning о‘lmas mafkurasi edi.
Qariyb uch ming yil muqaddam - ma’rifat ziyosini jaholat bulutlari qoplab olgan davrda buyuk vatandoshimiz Zardusht yakkaxudolik va ezgulik g‘oyalarini targ‘ib qilishni boshlagan edi. Zardusht ta’limotida insonni ezgulikka da’vat e’tuvchi g‘oyalar markaziy о‘rinni egallaydi.
Islom falsafasida va hadisalarda tabiatni asrash, ilm olish, odamiylik, vatanparvarlik, hallolik, ruhiy poklik, rahm-shafqatli, mehr-oqibatli va adolatli bо‘lish, ota-onani va ayolni ulug‘lash tо‘g‘risidagi ezgulik g‘oyalarini targ‘ib qiluvchi g‘oyalar bugungi kunda ham о‘z ahamiyatini saqlab qolmoqda. Hadislardagi «Ilmga nisbatan gо‘yo chо‘pon kabi posbon bо‘linglar, lekin ilmni faqat rivoyat qiluvchi bо‘lmanglar», «Ilm о‘rganish har bir mо‘min uchun farzdir», «Ilmu hunarni Xitoydan borib bо‘lsa ham о‘rganinglar», «Yoshlikda olingan ilm toshga о‘yilgan naqsh kabidir», «Bir-birlaringizga xayr-ehsonli, mehr-oqibatli bо‘lib, qо‘l berib sо‘rashib yuringlar, shunda dillaringizdagi g‘amu-g‘ashlik ketadi», «Vatanni sevish imondandir», «Vatan sajdagoh kabi muqaddasdir», «, «Jannat onalar oyog‘i ostidadir”, «Avvalo onangga, yana onangga va yana onangga, sо‘ng otangga yaxshilik qil», degan da’vatlarda ezgulik va insonparvarlik g‘oyalari mujassamlashgan. Sharqda, ya’ni Turon zaminida esa jamiyat rivoji va bunyodkorlik g‘oyalari xususida Abu Nasr Forobiy, Ibn Sino, Alisher Navoiy qarashlari о‘ziga xos о‘rin tutadi. «Al-muallim as-Soniy» («Ikkinchi muallim»), Sharq Aristoteli deb nom olgan Abu Nasr Forobiy (873-990 y.y) о‘zining «Fozil odamlar shahri», «Fuqarolik siyosati», «Baxt saodatga erishuv haqida» kabi asarlarida oliyjanob jamiyat, adolatli tuzum haqidagi о‘z fikr-mulohazalarini bayon qilib, о‘z davri uchun izchil ta’limot yaratdi. U har tomonlama yetuk, barcha aholini baxt-saodatga, ilm-ma’rifatga olib boruvchi yuksak axloqqa ega ideal jamoa haqidagi g‘oyalarni olg‘a surdi.
Abu Nasr Forobiy: «Insonning mohiyati haqiqiy baxt-saodatga erishuv ekan, inson bu maqsadni о‘zining oliy g‘oyasi va istagiga aylantirib, bu yо‘lda barcha imkoniyatlardan foydalansa, u baxt-saodatga erishadi»2 deb alohida ta’kidlagan. О‘sha davrning buyuk mutafakkirlari Abu Rayhon Beruniy va Abu Ali ibn Sinoning bu boradagi qarashlari ham о‘ziga xosdir.
Ular har bir narsani kuzatish va tajriba asosida о‘rganishga, keyin xulosa chiqarishga intilganlar, barcha bunyodkorlik insonning mehnatiga bog‘liqligini ta’kidlaganlar. Buyuk о‘zbek shoiri, mutaffakkiri va davlat arbobi Alisher Navoiy esa о‘z asarlari bilan jamiyat taraqqiyotining zamonasiga xos fazilatlarni yoritishga harakat qilgan. U she’rlari va dostonlarida razolatga, beqarorlikka, urushu janjallarga, ma’rifatsizlik, jaholatga qarshi kurash g‘oyalarini ulug‘laydi. Insonlarni mehnatga, yaratuvchanlikka, adolatga chaqiradi. Ma’rifatga asoslangan jamiyat yaratishni orzu qiladi. Uning bu orzulari «Farxod va Shirin», «Saddi Iskandariy» kabi dostonlarida о‘z ifodasini topgan. Shoirning bevosita о‘zi ham bunyodkorlik ishlariga bosh-qosh bо‘lgan.
Buyuk mutasavvuflar: Xoja Yusuf Xamadoniy, Ahmad Yassaviy, Abdulxoliq G‘ijduvoniy, Bahouddin Naqshband, Najmiddin Kubro; muhaddislar: Imom Buxoriy, Imom Termiziylarning ta’limotlarida aks etgan komil inson g‘oyalari, adolat haqidagi qarashlari jamiyatning sog‘lom ma’naviy-axloqiy ruhini saqlash va mustahkamlashga xizmat qildi. Bu g‘oyalar Vatan va xalq manfaati yо‘lida fidoyilik va insonparvarlikni ulug‘ladi.
Amir Temurning «Temur tuzuklari», Nizomulmulkning «Siyosatnoma» kitoblarida davlat idorasi va ahli fuqaroga munosabatda adolat, insof, diyonat, el-yurt tinchligi va obodligi bosh g‘oya sifatida ilgari surildi.
Bu g‘oyalar Temuriylar davlati g‘oyaviy tamoyillarining ustuvor yо‘nalishi edi. Amir Temurning bunyodkorlik g‘oyalari va amaliy faoliyati katta ahamiyatga ega bо‘lib, uning asosiy maqsadi bunyodkorlik va yaratuvchilik edi. Jumladan, u «Temur tuzuklari»da: «Agar fuqarodan birining uy imorati buzilib, tuzatishga qurbi yetmasa kerakli uskunalarni yetkazib berib, unga yordam berilsin», deb kо‘rsatma beradi. Shu о‘rinda, Yurtboshimizning Amir Temur о‘z davlatini aql zakovat va huquqiy asos bilan idora etgan desak adolatdan bо‘ladi, degan fikrlari nihoyatda о‘rinlidir. Zero, Sohibqiron о‘z bunyodkorlik maqsadiga erishish uchun sobitqadamlik bilan harakat qilgan.
Ozodlik, mustaqillik, tinchlik, adolat, tenglik, hamkorlik, dо‘stlik, birodarlik, hurfikrlik, ma’rifatlilik, bag‘rikenglik, xalqparvarlik, vatanparvarlik, insonparvarlik, tashabbuskorlik, mehnatsevarlik, xayrixoxlik, barqarorlik, tadbirkorlik, ishbilarmonlik, halollik, poklik v.h. bunyodkorlik g‘oyalarining kо‘rinishlari bо‘lsa, kelajakka ishonch, adolat, haqiqatni tan olish, jur’atli bо‘lish, sobitqadamlilik, mehr-muruvvat, saxovatlilik, baynalminallik, millatlararo dо‘stlik va birodarlik, fidoyilik, yurtga sadoqatlilik, taraqqiyparvarlik, yurt obodligi, iymon-e’tiqodlilik, vijdon erkinligi, safarbar etish, uyushtirish, farovonlik, tashabbuskorlik, ezgulik, yaratuvchilik, fikr erkinligi va g‘oyalar xilma - xilligini tan olish, bag‘rikenglik, bunyodkor g‘oyalarga xos xususiyatlardir.
Darhaqiqat, milliy istiqlol g‘oyasi mamlakatimizda biron-bir mafkuraning mutlaqlashuvi, yakkahokim aqidaga aylanishiga yо‘l qо‘ymaydi. U fikrlar rang-barangligiga asoslanadi. Ijtimoiy hayot, siyosiy tashkilot, mafkuralarning xilma-xilligiga tayangan holda, jamiyatning samarali rivojlanishini ta’minlashga xizmat qiladi. Milliy istiqlol g‘oyasi fikrlar xilma-xilligiga keng yо‘l ochadi, odamlarning erkin tafakkurining uyg‘onishi tashabbuskorligini rag‘barlantiradi. Har qanday kо‘rinishdagi zararli va buzg‘unchi fikrlarni va g‘oyalarni rad etadi, shu asosda jamiyatning barqaror taraqqiyotiga xizmat qiladi.
Turli-tuman, bir-biridan farq qiladigan dunyoqarashlar, siyosiy, milliy, diniy oqimlar, mazxab va sektalar о‘rtasidagi fikr talashuvlari goho bahs-munozara doirasidan chiqib qonli tо‘qnashuvlar, qirg‘inlarga sabab bо‘lmoqda, turli mamlakatlarda kо‘plab kulfatlarni keltirib chiqarmoqda. Ushbu omillarning millatimizga, mustaqilligimizga, ma’naviyatimizga zarari borligini ta’kidlab, Yurtboshimiz «Millatni asrash kerak» degan g‘oyani ilgari surdi.
Millatni asrash - о‘zligimizni, odob-axloqimizni, merosimiz, qadriyatlarimiz va milliy ruhimizni zararli g‘oyalar va mafkuralar ta’siridan avaylab asrash, ularga qarshi fuqarolarimiz va yoshlarimiz qalbida mafkuraviy immunitetni shakllantirish degan ma’noni ham anglatadi.
Xalqimizni turli g‘oyaviy va mafkuraviy tahdidlardan asrash, jamiyatda mafkuraviy immunitet hosil qilish uchun uni, avvalo, taraqqiyot qonuniyatlarini о‘zida chuqur aks ettiradigan sog‘lom, insonparvar g‘oya va mafkura bilan qurollantirish kerak. Milliy istiqlol g‘oyasining asosiy vazifasi esa xalqimizda milliy e’tiqod va dunyoqarash asoslarini shakllantirishdan iboratdir.
Do'stlaringiz bilan baham: |