Arxivlarni tashkil etish, qayta tashkil etish va tugatish tartibi to‘g‘risida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Arxivlarni tashkil etish, qayta tashkil etish va tugatish tartibi to‘g‘risidagi nizom (keyingi o‘rinlarda Nizom deb yuritiladi) “Arxiv ishi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni asosida ishlab chiqilgan va arxivlarni tashkil etish, qayta tashkil etish va tugatishning yagona tartibini belgilaydi.
2. Arxivlar o‘z faoliyatini O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlari hamda boshqa normativ-huquqiy hujjatlar, shuningdek ushbu Nizomga muvofiq amalga oshiradi.
3. Arxivlar davlat va nodavlat arxivlari (keyingi o‘rinlarda – arxivlar deb yuritiladi) shaklida tashkil etiladi.
4. Arxivlar muassasa hisoblanadi va belgilangan tartibda yuridik shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tkaziladi.
Arxivlar o‘z bank hisob-kitob raqamlariga, tegishli arxivning nomi aks ettirilgan muhr, shtamp va blankalarga ega bo‘ladi.
II. Arxivlarning maqsad va vazifalari
5. Arxivlarni tashkil etishdan asosiy maqsad korxonalar, muassasalar, tashkilotlardan (keyingi o‘rinlarda – tashkilotlar deb yuritiladi), shuningdek jismoniy shaxslardan qabul qilingan arxiv hujjatlari saqlovini tashkil etishdan iborat.
6. Quyidagilar arxivlarning asosiy vazifalari hisoblanadi:
arxivni muntazam ravishda arxiv hujjatlari bilan jamlashni tashkil etish, tizimli hisobga olish va tegishli sharoitda saqlash, arxiv hujjatlaridan foydalanish uchun shart-sharoitlar yaratish;
arxiv hujjatlarining but saqlanishini ta’minlash va ularni kirib ko‘rishga doir chora-tadbirlarni ishlab chiqish va qabul qilish;
respublikaning boy madaniy merosini xolisona aks ettirish uchun ko‘maklashish;
siyosiy, gumanitar, iqtisodiy, madaniy rivojlanish va davlat taraqqiyotining boshqa sohalaridagi yutuqlari to‘g‘risida arxiv ekspozitsiyalarini tashkil etish;
fuqarolar uchun mamlakatning madaniy merosi hisoblangan arxiv hujjatlarini saqlash, o‘rganish, to‘ldirib borish va namoyish etish;
arxiv hujjatlarini ilmiy tadqiq etish ishlarini olib borish va ularning natijalarini chop etish;
arxiv hujjatlarining but saqlanishini ta’minlash va ulardan foydalanish sohasida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan samarali foydalanish;
arxivshunoslikning dolzarb masalalariga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy tadbirlarni o‘tkazish va ilg‘or tajribalarni ommalashtirish;
jahon arxivshunosligi tajribasini qo‘llash uchun zarur shart-sharoitlar yaratish.
7. Arxivlar faoliyati doirasiga ulgurji va chakana savdo, umumiy ovqatlanish va arxiv ishi uchun xos bo‘lmagan boshqa shunga o‘xshash xizmatlar (ishlarning) kiritilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |