36-modda. Ushbu Qonunning kuchga kirishi Ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
Qonun “Xalq so‘zi” gazetasining 2010-yil 16-iyundagi 119-sonida e’lon qilingan. 2010-yil 15-iyun, O’RQ-252-sonli
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASINING
QARORI
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASIDA ARXIV ISHINI TAKOMILLASHTIRISH TO‘G‘RISIDA “Arxiv ishi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunitalablarini amalga oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Arxiv hujjatlarini jamlash, davlat hisobiga olish, saqlash va ulardan foydalanish tartibi to‘g‘risida Nizom 1-ilovaga muvofiq;
O‘zbekiston Respublikasi Milliy arxiv fondi Davlat katalogi to‘g‘risida Nizom 2-ilovaga muvofiq;
Arxivlarni tashkil etish, qayta tashkil etish va tugatish tartibi to‘g‘risida Nizom 3-ilovaga muvofiq;
Arxivlar va idoraviy arxivlar tomonidan xizmatlar ko‘rsatish tartibi to‘g‘risida Nizom 4-ilovaga muvofiq;
Arxivlar mutaxassislarini O‘zbekiston Respublikasi korxonalari, muassasalari va tashkilotlari hujjatlarini tartibga keltirishga kompetentligi yuzasidan attestatsiyadan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida Nizom 5-ilovaga muvofiq;
Arxiv hujjatlarini O‘zbekiston Respublikasidan tashqariga olib chiqish va arxiv hujjatlarini O‘zbekiston Respublikasiga olib kirish tartibi to‘g‘risida Nizom 6-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Vazirliklar va idoralar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, shuningdek korxonalar, muassasalar va tashkilotlar arxiv hujjatlari O‘zbekiston Respublikasi Milliy arxiv fondi tarkibiga kiritilgan o‘z arxiv fondlarining hajmi va tarkibi haqidagi ma’lumotlarni belgilangan muddatlarda va shakllarda tegishli arxivlarga muntazam ravishda taqdim etilishini ta’minlasinlar.
3. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “O‘zarxiv” agentligi:
arxiv hujjatlari O‘zbekiston Respublikasi Milliy arxiv fondi tarkibiga kiritilgan arxiv fondlari mulkdorlari uchun o‘z arxiv fondlarining hajmi va tarkibi haqidagi ma’lumotlarni taqdim etish, shuningdek hujjatlarni arxiv saqloviga topshirish bosqichida hujjatlarni to‘g‘ri tartibga keltirishni tashkil etish bo‘yicha uslubiy qo‘llanmalarni bir oy muddatda ishlab chiqsin;
arxiv hujjatlari O‘zbekiston Respublikasi Milliy arxiv fondiga kiritilgan arxiv fondlarining hajmi va tarkibi bo‘yicha ma’lumotlar bazasi shakllantirilishini va keyinchalik ularning tizimli ravishda hisobga olinishini uch oy muddatda ta’minlasin.
4. Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasida madaniy boyliklarning olib chiqilishi va olib kirilishi masalalarini tartibga solish to‘g‘risida” 1999-yil 23-martdagi 131-son qaroriga (O‘zbekiston Respublikasi QT, 1999-y., 3-son, 15-modda) 7-ilovaga muvofiq o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritilsin.
5. Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari hamda boshqa tashkilotlar bir oy muddatda o‘z idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarini ushbu qarorga muvofiqlashtirsinlar.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari A.N.Aripov zimmasiga yuklansin.