O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASINING
QARORI
“AGROBANK” AKSIYADORLIK TIJORAT BANKI FAOLIYATINI TASHKIL ETISH CHORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Agrobank” aksiyadorlik tijorat bankini tashkil etish to‘g‘risida” 2009-yil 30-martdagi PQ-1084-son qarorini bajarish yuzasidan va uning samarali faoliyati tashkil etilishini ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
Oldingi tahrirga qarang. (1-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 14-apreldagi 217-sonli qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 15.04.2020-y., 09/20/217/0426-son) Oldingi tahrirga qarang. (2-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 14-apreldagi 217-sonli qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 15.04.2020-y., 09/20/217/0426-son) 3. “Agrobank” aksiyadorlik tijorat bankiga markaziy apparati tarkibida kreditlarning qaytariluvchanligi monitoringini olib borish va ulardan maqsadli foydalanilishini nazorat qilish bo‘yicha maxsus guruh tashkil etish tavsiya qilinsin, quyidagilar maxsus guruhning asosiy vazifalari etib belgilansin:
kredit mablag‘laridan foydalanish samaradorligini tizimli ravishda chuqur tahlil qilish;
bank filiallarida moliyalashtirish ishlarini muvofiqlashtirish, kredit portfeli holatini, shuningdek kreditlarning ta’minlanganligi va ulardan maqsadli foydalanilishi holatini monitoring qilish va xolisona baholash;
kreditlarning qaytariluvchanligi darajasini oshirish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar ko‘rish.
4. O‘zbekiston Respublikasi Davlat mulki qo‘mitasi huzuridagi Qimmatli qog‘ozlar bozori faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish markazi “Paxta-bank” aksiyadorlik tijorat banki chiqargan aksiyalarni “Agrobank” aksiyadorlik tijorat bankiga qayta ro‘yxatdan o‘tkazishni va yangidan chiqarilayotgan aksiyalarni ro‘yxatdan o‘tkazishni yig‘imlar undirmasdan amalga oshirsin.
Oldingi tahrirga qarang. (5-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 14-apreldagi 217-sonli qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 15.04.2020-y., 09/20/217/0426-son) 6. “Agrobank” aksiyadorlik tijorat banki Kengashi va boshqaruvi:
bir oy muddatda bank ustavini ishlab chiqsin va aksiyadorlarning umumiy yig‘ilishida tasdiqlasin, shuningdek bankni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazish uchun hujjatlarning zarur paketini tayyorlasin va O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankiga taqdim etsin;
bankka yuklangan vazifalarning samarali bajarilishi zarurligidan kelib chiqqan holda bank hamda uning filiallari tuzilmasini va shtatlar jadvalini o‘n kun muddatda ishlab chiqsin va tasdiqlasin;
bankning markaziy apparati va uning filiallarini banklarning bo‘linmalarida va fermer xo‘jaliklariga, paxta tozalash va donni qayta ishlash sanoatining paxta va don mahsulotlarini qayta ishlash, saqlash, tashish va sotishga ixtisoslashgan korxonalariga kredit berish sohasida ish tajribasiga ega bo‘lgan yuqori malakali mutaxassislar bilan ta’minlasin.
7. O‘zbekiston banklar uyushmasi va Bank-moliya akademiyasi 2009-yil mobaynida “Agrobank” aksiyadorlik tijorat banki mutaxassislari uchun, o‘qitish haqini undirmagan holda, fermer xo‘jaliklariga, paxta tozalash va donni qayta ishlash sanoatining paxta va don mahsulotlarini qayta ishlash, saqlash, tashish va sotishga ixtisoslashgan korxonalariga kredit berish bo‘yicha maxsus kurslar tashkil etilishini ta’minlasinlar.
8. “Agrobank” aksiyadorlik tijorat bankiga Milliy teleradiokompaniya, Matbuot va axborot agentligi, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki va O‘zbekiston banklar uyushmasi bilan birgalikda bir oy muddatda 2009-2010-yillarda ommaviy axborot vositalarida bank faoliyatini hamda uning tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlarni keng yoritish bo‘yicha kompleks tadbirlarni ishlab chiqish va tasdiqlash tavsiya etilsin.
9. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Adliya vazirligi hamda manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
10. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari R.S.Azimov va O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki raisi F.M.Mullajonov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV Toshkent sh.,
2009-yil 31-mart,
89-son