O´zbekiston Respublikasi Prezidentining 2015 yil 18 fevraldagi “Keksalarni e´zozlash yili” Davlat dasturi to´g´risida”gi PQ-2302-sonli qarori haqida viloyat hokimining qarori
O´zbekiston Respublikasi Prezidentining 2015 yil 18 fevraldagi “Keksalarni e´zozlash yili” Davlat dasturi to´g´risida”gi PQ-2302-son qarori ijrosini ta´minlash maqsadida, “Mahalliy davlat hokimiyati to´g´risida”gi Qonunning 6-moddasiga asosan,
Q A R O R Q I L A M A N:
1. O´zbekiston Respublikasi Prezidentining 2015 yil 18 fevraldagi “Keksalarni e´zozlash yili” Davlat dasturi to´g´risida”gi PQ-2302-son qarori rahbarlik va ijro uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilar:
“Keksalarni e´zozlash yili” viloyat dasturi 1-ilovaga;
dasturni muvofiqlashtiruvchi viloyat komissiyasi tarkibi 2-ilovaga;
Qarshi shahar va tumanlarga biriktirilgan mas´ullar 3-ilovaga;
dasturning har bir bo´limi uchun mas´ullar 4-ilovaga;
dastur ijrosi bo´yicha viloyat monitoring guruhi 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. O´zbekiston Respublikasi Prezidentining mazkur qaroriga asosan “Keksalarni e´zozlash yili” Davlat dasturini amalga oshirishda quyidagilar asosiy ustuvor yo´nalishlar etib belgilanganligi ma´lumot uchun qabul qilinib, ijroga yo´naltirilsin:
keksalarga g´amxo´rlik ko´rsatish va e´tiborni kuchaytirish, ularning hayot darajasi va sifatini oshirish uchun qulay tashkiliy-huquqiy shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan qonunchilik va me´yoriy-huquqiy bazani yanada takomillashtirish, pensiya ta´minoti va ijtimoiy qo´llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish, yoshi ulug´ insonlarga davlat xizmatlari, shu jumladan, turli ma´lumotnoma va tasdiqlovchi hujjatlarni olish xizmatlari ko´rsatishning eng qulay tizimini shakllantirish;
keksalar, avvalambor, fashizm ustidan qozonilgan g´alaba va Vatanimizni qayta tiklashga munosib hissa qo´shgan 1941-1945 yillardagi urush va mehnat fronti faxriylarini manzilli ijtimoiy himoya qilish va qo´llab-quvvatlashni kuchaytirish, yoshi ulug´ insonlar, birinchi navbatda, yolg´iz qariyalar va nogironlarga ko´rsatiladigan ijtimoiy va maishiy xizmatlar ro´yxatini kengaytirish, ularni farovon va munosib turmush sharoitlari bilan ta´minlash uchun mahallalar, “Nuroniy” jamg´armasi, boshqa nodavlat tashkilotlari va ijtimoiy tuzilmalar tomonidan moddiy va ma´naviy qo´llab-quvvatlash miqyosini oshirish;
faxriylar va yoshi ulug´ insonlarga tibbiy va ijtimoiy xizmat ko´rsatish darajasi va sifatini oshirish, ularni tizimli asosda sog´lomlashtirishni tashkil etish, profilaktika tadbirlarini ko´paytirish, ko´rish va eshitish organlari, tayanch-harakat tizimi va yurak-qon tomir kasalliklarini davolashning zamonaviy usullari bilan qamrab olish va ulardan foydalanishni kengaytirish, keksalar va nogironlarni yordamchi hamda texnik reabilitasiya vositalari bilan, jumladan, imtiyozli asosda ta´minlash, keksalarga xizmat ko´rsatishga ixtisoslashtirilgan sanatoriya-sog´lomlashtirish va ijtimoiy xizmat ko´rsatish muassasalarining moddiy-texnik bazasini yanada mustahkamlash;
mamlakatimizning mudofaa qobiliyati, iqtisodiy, madaniy va intellektual salohiyatini oshirish, jamiyatimizda tinchlik, totuvlik va barqarorlik muhitini mustahkamlashga bebaho hissa qo´shgan, sog´lom va barkamol unib o´sayotgan avlodni tarbiyalashda faol ishtirok etayotgan keksa avlod vakillariga munosib e´tibor qaratish va ularni har tomonlama qo´llab-quvvatlash bo´yicha keng ko´lamli chora-tadbirlarni tizimli asosda amalga oshirish, oila va jamiyatda yoshi ulug´ insonlarning o´rni va obro´sini oshirish, bolalar va yoshlarni ota-onalarni, har bir nuroniyni chuqur hurmat qilish, e´zozlash va ularga g´amxo´rlik ko´rsatish tuyg´usi ruhida tarbiyalash bo´yicha aniq tadbirlarni amalga oshirish;
har bir keksaga har tomonlama e´tibor qaratish bo´yicha amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligini kuchaytirish va oshirish, keksalarning hayot faoliyati va dam olishini tashkil etish tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga ko´tarish, bunda ular uchun tuman va mahallalarda muloqot markazlari, qiziqishi bo´yicha klublar tashkil etishga alohida e´tibor qaratish, jismoniy tarbiya va sport bilan shug´ullanishlari uchun sharoit yaratish, televidenie, ommaviy axborot vositalari, kinoteatrlar, teatr va boshqa madaniy-ma´rifiy muassasalarda yoshi ulug´ insonlarning qiziqishlariga mos mavzuda yangi maxsus ko´rsatuvlar, spektakl va filmlar yaratish va efirga uzatish hajmini ko´paytirish;
mahallalar va fuqarolarning o´zini o´zi boshqarish organlari tashkiliy tuzilmasida keksalar va nogironlarga doimiy e´tibor qaratadigan sektorni mustahkamlash, bunda ularga xizmat ko´rsatadigan idora va xizmatlar, birinchi navbatda, pensiya, ijtimoiy va tibbiy ta´minot xizmatlari faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilishni nazarda tutish.
4. Dasturni muvofiqlashtiruvchi viloyat komissiyasi, tuman (shahar) hokimliklari hamda 3-ilovaga asosan hududlarga biriktirilgan mas´ullarga:
bir hafta muddatda shahar va tumanlar hokimliklarida “Keksalarni e´zozlash yili” Davlat dasturini ijrosini ta´minlash bo´yicha hokimlar boshchiligida ishchi komissiyalar tashkil etib, Davlat dasturida belgilangan vazifalarning o´z vaqtida va so´zsiz ijrosini ta´minlashda shaxsiy javobgarligini belgilash;
o´n kun muddatda – viloyat tashkilot, korxonalar, idora hamda tuman(shahar) hokimliklari tomonidan har bir idora, tashkilot, tuman (shahar) va aholi punktlari bo´yicha “Keksalarni e´zozlash yili” Davlat dasturi yuzasidan hududiy va tarmoq dasturini ishlab chiqish va qabul qilish;
dasturda belgilangan vazifalarni amalga oshirish bo´yicha zarur
chora-tadbirlar ko´rib, bajarilgan ishlar to´g´risida har oyning 20 sanasiga qadar viloyat monitoring guruhiga axborot taqdim qilib borish vazifalari yuklatilsin.
5. Viloyat Dasturining ijrosi bo´yicha 4-ilovaga muvofiq bo´limlarga biriktirilgan mas´ullarga o´zlariga tegishli Dastur bo´limlarida belgilangan vazifalar ijrosini doimiy nazoratga olib, amalga oshirilgan ishlar to´g´risida hamda mavjud kamchiliklarni bartaraf qilish bo´yicha viloyat komissiyasiga va monitoring guruhiga ma´lumot kiritib borish topshirilsin.
6. Viloyat Monitoring guruhi, shahar va tumanlar hokimliklari, biriktirilganlar hamda Dastur bo´limiga mas´ullar tomonidan taqdim qilingan ma´lumotlar asosida, viloyat dasturining bajarilishi to´g´risida Respublika Monitoring guruhiga har oyning 25 sanasiga qadar axborot taqdim qilib borsin.
7. Dasturni muvofiqlashtiruvchi viloyat komissiyasi (E.Mamadiyorov, G´.Djavliev, B.Rajapov, I.Karimova) har oyda bir marotaba o´z yig´ilishlarida, dastur ijrosi bo´yicha amalga oshirilgan ishlar to´g´risida shahar va tumanlar hokimliklari hamda viloyat tashkilotlarini hisobotlarini eshitib, vujudga kelgan muammolarni bartaraf qilish choralarini ko´rsin.
8. Viloyat hokimligi tashkiliy-nazorat guruhi (A.Annaev) Dastur ijrosi bo´yicha har chorakda bir marotaba hokimlar hamda tegishli tashkilotlar rahbarlarining xalq deputatlari viloyat Kengashi yig´ilishlarida hisobotlarini eshitib borilishini tashkil qilsin.
9. Viloyat teleradiokompaniyasi (U.Nusurov) hamda boshqa ommaviy axborot vositalariga, viloyat Dasturining maqsad va vazifalari hamda unda belgilangan chora-tadbirlarning amalga oshirilishini keng yoritish tavsiya etilsin.
10. Ushbu qaror “Qashqadaryo” gazetasida rasman e´lon qilinsin.
11. Mazkur qaror ijrosini nazorat qilishni o´z zimmamda qoldiraman.
Viloyat hokimi Z.Ro´ziev
Qarshi shahri, 2015 yil 2 mart
Do'stlaringiz bilan baham: |