O`zbekiston Respublikasi Islom konferensiyasi tashkiloti, Qo`shilmaslik harakati kabi mintaqaviy tashkilotlar bilan ham samarali aloqalar o`rnatdi. Bular orasida, ayniqsa, yuzdan ortiq a’zoga ega. 1985-yilda tuzilgan Qo`shilmaslik harakati tomonidan olib borilayotgan siyosat O`zbekiston tashqi siyosatining asosiy tamoyillariga, xalqaro kelishmovchiliklarni tinch yo`l bilan hal qilish, turli harbiy-siyosiy bloklar faoliyatida qatnashmaslik, tinchliksevarlik kabi yo`nalishlarga to`la mos keladi. O`zbekiston bu tashkilotga 105-a’zo bo`lib kirdi.
O‘zbekistonning milliy manfaatlariga mos keladigan puxta tashqi siyosatida jahon hamjamiyatiga qo‘shilish, xorijiy mamlakatlar bilan siyosiy, diplomatik, iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy, madaniy aloqalar o‘rnatish masalalari dolzarb vazifalar qatoriga kirdi. Shu bois O‘zbekiston jahon iqtisodiyotida integratsiyalashish yo‘lidan borib, Jahon banki, Xalqaro Valyuta fondi, Xalqaro moliya korporatsiyasi, Iqtisodiy taraqqiyotga ko‘maklashuv tashkiloti va boshqa moliyaviy iqtisodiy tashkilotlarga a’zo bo‘lib kirdi va ular bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yib oldi. Shu bilan birga O‘zbekiston BMT doirasidagi ixtisoslashgan muassasalar-Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti, Xalqaro Mehnat tashkiloti, Jahon intellektual mulk tashkiloti, BMT ning bolalar fondi, Xalqaro pochta ittifoqi, Elektr aloqasi bo‘yicha xalqaro ittifoq, Jahon meteorologiya tashkiloti, Xalqaro olimpiada qo‘mitasi, Xalqaro avtomobilchilar ittifoqi va boshqa tashkilotlar bilan o‘zaro aloqalarni tiklab oldi. Ularning vakolatxonalari Respublikamizda ochildi va faoliyat ko‘rsatmoqda. BMT ning ta’lim, ilm-fan va madaniyat masalalariga ixtisoslashgan YUNESKO tashkiloti bilan ham Respublikamiz o`rtasidagi hamkorlik munosabatlari shu kunlarda muhim ahamiyat kasb etib bormoqda. O`zbekiston 1993 yil YUNESKOga a’zo bo`lgan edi. (O`sha paytdayoq YUNESKO dasturiga buyuk munajjim Muhammad Tarag‘ay Ulug‘bek tavalludini dunyo miqyosida nishonlash masalasi O`zbekiston bilan ushbu tashkilot o`rtasidagi hamkorlikning yangi asosdagi rivojini boshlab berdi.) 1994-yilga kelib esa O`zbekiston Respublikasining YUNESKO ishlari bo`yicha Milliy komissiyasi tashkil etildi va bu ham o`zaro hamkorligimizning samaradorligini oshirishda muhim qadam bo`ldi. 1996-yilga kelib Toshkentda YUNESKOning vakolatxonasi ochildi. Shu o`tgan vaqtdan beri O`zbekiston va YUNESKO tashkiloti o`rtasidagi aloqalar yildan yilga kengayib bordi. Ayniqsa 1995-yil avgust oyida YUNESKO Bosh direktori F.Mayorning O`zbekistonga rasmiy tashrifi, uning O`zbekiston Respublikasi Prezidenti I.A.Karimov bilan muzokaralari muhim tarixiy voqea sifatida tarixga bitildi.
1996-yil O`zbekiston Prezidenti ham YUNESKO qarorgohiga rasmiy tashrif bilan bordi. Bu tashrif chog‘ida I.A.Karimov YUNESKO ijroiya kengashining 149-sessiyasida nutq so`zladi. YUNESKOning Bosh direktori va Fransiya Prezidenti ishtirokida YUNESKO qarorgoxida “Temuriylar davrida fan, madaniyat va ma’rifatning gullab-yashnashi “ ko`rgazmasini ochdi.
O`zbekiston bilan YUNESKOning o`zaro hamkorligi kengayshi natijasida YUNESKO ishtirokida Markaziy Osiyo tadqiqotlari xalqaro instituti ochildi, 2000-yilda 28-dekabrda esa Shahrisabz YUNESKO ro`yxatiga kiritildi. Shaxrisabz bu ro`yxatga kiritilgan respublikamizdagi uchinchi shahar bo`ldi. Bunday aloqalar o`z navbatida munosabatlarimizni yanada yuqori pog‘onaga ko`tarib, hamkorligimiz sohalarini kengaytirdi. Mustaqillik yillari respublikada o`tkazilgan barcha tadbirlarda YUNESKO ishtirok etdi. Amir Temur tavallud topgan kunining 660 yilligi, Axmad al-Farg‘oniy, Imom al-Buxoriy, Jaloliddin Manguberdi kabi buyuk shaxslarning yubiley tantanalari, Buxoro va Xiva shaharlarining 2500 yilligi, “Alpomish” dostonining 1000 yilligi kabi tadbirlar bevosita YUNESKO homiyligida o`tkazildi.
Mustaqil O‘zbekiston 2001 yilning iyun oyida «Shanxay beshligi» deb yuritilgan xalqaro tashkilotning XXRni Shanxay shahrida chaqirilgan sammitida bu tashkilotning to‘la huquqli a’zosi bo‘ldi. 1998 yili tashkil etilgan «Shanxay beshligi»ga Xitoy, Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘izston va Tojikiston Respublikalari a’zodir. Shundan keyin «Shanxay hamkorlik tashkiloti» nomi bilan yuritilib bosh maqsad har tomonlama hamkorlik o‘rnatishdan iborat bo‘lib, ayni bir vaqtda xalqaro terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashda tashkilotning faoliyat markazida turadigan bo‘ldi. Terrorizmga qarshi kurash qarorgohi (shtabi) Bishkekdan Toshkentga ko‘chirildi. Tashkilotning aniq vazifalari tashqi ishlar, mudofaa vazirliklarining kengashlarida hal qilinadi.
2005-yilning 2-iyul kuni Qozog‘istonning Astana shahrida «Shanxay hamkorligi» tashkilotining o‘ninchi marta uchrashuvi o‘tdi. Sammitda doimiy a’zo davlat rahbarlaridan tashqari Mo‘g‘uliston Respublikasining vakili kuzatuvchi sifatida qatnashdi. Kengash Hindiston, Pokiston va Eron davlatlarini tashkilotga kuzatuvchi sifatida qabul qildi va ularning vakillari sammitda ishtirok etdi. Astana uchrashuvi qatnashchilari «Terrorizm va ekstremizmga qarshi kurash konsepsiyasi»ni yakdillik bilan qabul qildi. O‘zaro iqtisodiy aloqalarni kengaytirish to‘g‘risida hujjatlarni imzoladi.
Mustaqil O‘zbekiston Respublikasi dunyo mamlakatlari bilan ko‘p tomonlama aloqalar o‘rnatish bilan bir vaqtda taraqqiy etgan davlatlar va qo‘shni mamlakatlar bilan ikki tomonlama aloqalarni rivojlantirdi.
Keyingi yillarda yosh mustaqil davlatlar ichida Markaziy Osiyo davlatlari uchun dini, urf-odatlari va an’analari yaqin bo`lgan Sharq mamlakatlari bilan o`zaro aloqalar olib borish imkoniyatlari bu mamlakatlar o`rtasidagi munosabatlarni kengaytirdi. Bu o`rinda birinchi navbatda Saudiya Arabistoni bilan aloqalarni aytib o`tish o`rinlidir. Shuningdek, O`zbekiston 1992-yil 6 fevralda Turkiya, Pokiston, Eron tomonidan tuzilgan iqtisodiy hamkorlik tashkilotiga a’zo bo‘lib kirdi va 1992 yil Eron, Turkiya, Pokiston, Turkmaniston, Qozog‘iston davlat va hukumat rahbarlari bilan imzolangan “Trans-Osiyo” temir yo‘l aloqasini tiklash maqsadida Tajan-Seraxs-Mashhad yo`li qurilishi haqidagi bitimda faol ishtirok etdi. Bu O‘zbekiston uchun dengiz yo‘llariga, xalqaro transport tarmog‘iga, tovar va kapital xalqaro bozoriga chiqish imkoniyatini berdi. Arab mamlakatlari bilan olib borilgan aloqalar madaniy va diniy tomondan ham uzviy bog‘liq bo`ldi. Bu yo`ldagi harakatlar natijasida savdo sotiq, turizmni rivojlantirish va kadrlarni o`qitish imkoniyatlariga yo`l ochdi.
O‘zbekistonning Xitoy Xalq Respublikasi bilan aloqalari kengayib, bu ikki davlat o`rtasidagi o`zaro manfaatli hamkorlik bir-birining ishiga aralashmaslik tamoyiliga asoslandi. Xitoy Xalq Respublikasi O‘zbekiston mustaqilligini birinchilardan bo‘lib, 1991-yil 27-dekabrda tan oldi va 1992-yili 2-yanvarda diplomatik aloqalar o‘rnatdi. 1992-yilda ikki mamlakat o`rtasida hamkorlik aloqalari o`rnatilgandan keyin iqtisodiyot, savdo, fan va texnika, madaniyat va san’at sohasida o`zaro manfaatli hamkorlik jadal rivojlanishi uchun ko`pdan ko`p imkoniyatlar vujudga keldi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining XXR ga qilgan bir necha bor davlat tashriflari xususan, 1992-yilning may oyida, 1994-yilning oktabrdagi, 1999-yilning noyabr oyidagi maxsus tashriflari, XXR Davlat Kengashi rayisi Li Peninng 1994-yil apreldagi, XXR hukumati raisining muovini Xu Szin Taoning 1995-il oktabrdagi XXR raisi Szyan Sze Minning 1996-yil iyunidagi Toshkentga qilgan maxsus tashriflari natijasida ikki mamlakat o‘rtasida siyosiy, iqtisodiy-ijtimoiy sohadagi hamkorliklar Kengashdan Xitoy investitsiyasi bilan ishlayotgan korxonalar, shu jumladan qo‘shimcha korxonalar ko‘payib bormoqda. Ikki davlat o‘rtasida tashrif, oliy ta’lim sohasidagi hamkorlik kengaymoqda. Xususan, 1977-yili O‘zbekiston Jahon tillari Universitetida 1977 yili Xitoy tili bo‘limi ochilgan edi. 2004-yili ikki davlat Toshkentda institut ochishga kelishgan edi. Bu 2005-yili Konfutsiy nomida Xitoy Instituti ochildi. O`zaro madaniy aloqalarda ham fan, madaniyat, san’at ahlining o`zaro foydali hamkorligini kuchaytirish borasida ham turli-tuman tadbirlar amalga oshirildi. Toshkent va Samarqandda o`tkaziladigan xalqaro kino hamda musiqa anjumanlarida ikki davlat madaniyat arboblarining ishtirok etib borishi ham fikrimizning dalilidir. O`zbekiston Prezidenti Islom Karimovning XXRga 2005-yilning iyun oyidagi tashrifi ikki davlat o‘rtasida munosabatlarning yangi, yuqori bosqichini ochdi. I.Karimov va XXR raisi Xu Szin Tao o‘rtasida O‘zbekiston va Xitoy Xalq Respublikasida strategik sherikchilik to‘g‘risida bitim imzolandi. O‘zbekistonda energetika-yoqilg‘i sanoatini rivojlantirish, xalqaro terrorizm va diniy ekstremizmga qarshi kurash to‘g‘risida tuzilgan bitimlar alohida ahamiyat kasb etadi. I.A.Karimov aytib o`tganidek, “O`zbekistonning milliy manfaatlariga mos keladigan ko`p tomonlama faol tashqi siyosatni amalga oshirish-davlatimizning mustaqilligini mustahkamlash, iqtisodiy qiyinchiliklarni bartaraf etish va xalq turmushini yaxshilashning zarur sharti va g‘oyat muhim vositasidir”.
Do'stlaringiz bilan baham: |