18-mavzu: Ulug` ajdodlarimiz merosini chuqurroq o`zlashtirish (Tarix fan
oyligi doirasida)
Kun shiori: “O`z tarixini bilmaydigan, kechagi kunini unutgan millatning
kelajagi yo`q”. Islom Karimov
Maqsad: O`quvchilarda vatanparvarlikni singdirish, ajdodlarimiz merosini
o`rganish farzandlik burchi ekanligini uqtirish, fan oylikka puxta tayyorgalik
ko`rishni tavsiya etish
Ota-bobolarimizning asrlar davomida to'plagan hayotiy tajribasi, diniy, axloqiy, ilmiy, adabiy qarashlarini ifoda etadigan bu kabi tarixiy yodgorliklar orasida bundan qariyb uch ming yil muqaddam Xorazm vohasi hududida yaratilgan, «Avesto» deb atalgan bebaho ma'naviy obida alohida o'rin tutadi.
Avvalambor, shuni aytish joizki, olis ota-bobolarimizning aql-zakovati, qalb qo'ri mahsuli bo'lmish bu noyob yodgorlikning zamon to'fonlaridan, qanchadan qancha og'ir sinovlardan o'tib, bizning davrimizgacha yetib kelganining o'zida katta ma'no mujassam. Bunday o'lmas osori atiqalar bu ko'hna o'lkada, bugun biz yashab turgan tuproqda qadimdan buyuk madaniyat mavjud bo'lganidan guvohlik beradi.Ana shunday tarixiy yodgorlik namunalari bilan yaqindan tanishar ekanmiz, ularda ifoda etilgan teran fikr va g'oyalar, hayot falsafasi bizni bugun ham hayratda qoldirishiga yana bir karra amin bo'lamiz. Misol uchun, «Avesto»ning tub ma'nomohiyatini belgilab beradigan «Ezgu fikr, ezgu so'z, ezgu amal» degan tamoyilni oladigan bo'lsak, unda hozirgi zamon uchun ham behad ibratli bo'lgan saboqlar borligini ko'rish mumkin. Ana shunday fikrlar, ya'ni, ezgu niyat, so'z va ish birligini jamiyat hayotining ustuvor g'oyasi sifatida talqin etish bizning bugungi ma'naviy ideallarimiz bilan naqadar uzviy bog'liq, nechog'liq mustahkam hayotiy asosga ega ekani ayniqsa e'tiborlidir. «Avesto»da borliqning yaxlitligi va bir butunligi, inson hayotining tabiat bilan uyg'unligi masalasi odamning ruhiy
olamiga chambarchas bog'liq holda ko'rsatilgani ko'p narsani anglatadi. Bu holat insonning ma'naviy dunyosini shakllantirishda atrof-muhit qadim zamonlardan buyon qanday kuchli ta'sir o'tkazib kelganiga yana bir bor e'tiborimizni jalb qiladi. Xalqimiz azaldan o'z vujudi, o'z tomirida mavjud ilohiy qudratga munosib bo'lmoqqa intilib, o'z o'g'lonlarini mardlik va halollik, jasurlik ruhida, el-yurt uchun jonini ham ayamaydigan asl pahlavonlar etib tarbiyalab kelgan. Shu ma'noda, xalq og'zaki ijodining noyob durdonasi bo'lmish «Alpomish» dostoni millatimizning o'zligini namoyon etadigan, avlodlardan avlodlarga o'tib kelayotgan qahramonlik qo'shig'idir. Agarki xalqimizning qadimiy va shonli tarixi tuganmas bir doston bo'lsa, «Alpomish» ana shu dostonning shoh bayti, desak, to'g'ri bo'ladi. Bu mumtoz asarda tarix to'fonlaridan, hayot-mamot sinovlaridan omon chiqib, o'zligini doimo saqlagan elyurtimizning bag'rikenglik, matonat, olijanoblik, vafo va sadoqat kabi ezgu fazilatlari o'z ifodasini topgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |