Indoneziya adabiyoti. Indonez xalqining adabiyoti XIX asr oxiri, XX asr boshlarida vujudga kelgan, yangi adabiyot hisoblanadi. Adabiyotning ibtidosi bu yerda ham xalq og‘zaki ijodidir. Indoneziya o‘z mustaqilligini 1945 yilda qo‘lga kiritgan. O‘sha vaqtdan buyon indonez tilidan tashqari, xitoy, golland kabi tillarda ham badiiy asarlar yozildi hamda indonez xalqi muammolarini jahonga, o‘z navbatida, jahon adabiyotini indonezlarga tanitishda katta ahamiyat kasb etdi.
Amir Hamzah, Sitor Situmoran, Hayril Anvar kabilar indonez xalqining zabardast shoirlaridan sanaladi. 1945 yilgi inqilob xalq tarixida ulkan rol o‘ynadi. Davr adabiy oqimi “45-yil avlodi” degan nom bilan tarixda qoldi. Oqimni shoir va tarjimon Hayril Anvar boshqargan. U asarlarida xalq tili shevalaridan unumli foydalangan va indonez tili mavqyeini yuksaltirgan.
Indoneziya yozuvchisi Marah Ruslining (1889-1968) tarixiy “Sitti Nurbaya” romani (1922) shoir va tarjimon Abdulhamid Pardaev tomonidan o‘zbekchaga o‘girilgan va chop etilgan.
Singapur adabiyoti. Singapur ham ana shu mingorollarda joylashgan, jadal rivojlanib borayotgan Okeaniya mamlakatidan biri bo‘lib, adabiyoti dunyodagi eng yosh adabiyotlardan hisoblanadi. Shuning uchun ham Singapur milliy adabiyoti deb atalishga munosib adabiyot hali oldinda. Siril Vong, Eng I-Shen, Elvin Pang kabilar Singapurning taniqli ijodkorlaridan. Elvin Pang Singapur adabiyoti antologiyasini tayyorlab, nashr qilgan. Antologiyalardan biri “Timasik” deb ataladi va Singapurda adabiyot ixlosmandlari orasida shuhrat qozongan. Sinnatambi Rajaratnam (1915-2006) uzuvchining “Yo‘lbars” hikoyasi o‘zbek tiliga tarjima qilinib, “Jahon adabiyoti” jurnalida e'lon qilingan.51
AFRIKA ADABIYOTI. Afrika qit'sidagi ko‘plab mamlakatlarning o‘ziga xos, ayni paytda, bir-biriga o‘xshash hamda noo‘xshash og‘zaki va yozma adabiyotlari mavjud. Afrika qit'asida joylashgan Misr mamlakati adabiyoti o‘zining qadimiyligi jihatidan shumer, xitoy, hind, yunon adabiyotlari bilan bir qatorda turadi. Zamonaviy Misr adabiyoti ham dunyo o‘quvchilari e'tiborini o‘ziga jalb qila bilgan. Uning bag‘rida Najib Mahfuzdek Nobel mukofoti sovrindorlari yetishib chiqqan. Lekin Afrikada Misrdan boshqa yana o‘nlab mamlakatlar mavjud bo‘lib, quyida asosan shular haqida so‘z yuritiladi.
Ammo Afrika mamlakatlari adabiyoti yevropa adabiyotidan o‘zining asosiy qismi og‘zaki adabiyot bo‘lishi bilan farqlanib turadi. Yana yevropa adabiyotida shakl va mazmun bir biridan keskin ajraladi, Afrika adabiyotida esa ularni bir biridan ajratish mahol. Ifodaning go‘zalligiga shakl go‘zalligi uchun emas, balki tinglovchini ko‘proq jalb qilish, dialog uchun ahamiyat beriladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |