Mehnat shartnomasining shakli O’zbekiston Respublikasi hukumati tomonidan belgilangan tartibda tasdiqlanadigan namunaviy shartnomani hisobga olgan holda ishlab chiqiladi.
Mehnat shartnomasi bir xil kuchga ega bo’lgan kamida ikki nusxada tuziladi va har bir tarafga saqdash uchun topshiriladi.
Mehnat shartnomasida taraflarning manzillari ko’rsatiladi.
Mehnat shartnomasi xodim va ishga qabul qilish huquqiga ega bo’lgan mansabdor shaxsning imzolari bilan mustahkamlanib, imzolangan muddati qayd etib qo’yiladi. Mansabdor shaxsning imzosi imzoning haqiqiy va vakolatli ekanligini ta’kidlash tariqasida korxona muhri bilan tasdiqlanadi.
Qonun hujjatlariga muvofiq tuzilgan mehnat shartnomasi u imzolangan paytdan boshlab kuchga kiradi. Xodim shartnomada belgilab qo’yilgan kundan boshlab o’zining mehnat vazifalarini bajarishga kirishmog’i lozim.
Agar mehnat shartnomasida ishning boshlanish kuni haqida shartlashilmagan bo’lsa, xodim mehnat shartnomasi imzolangan ish kunining (smenaning) ertasidan kechikmay ishga tushmog’i lozim.
Mehnat shartnomalari muddatlari quyidagicha bo’lishi mumkin:
nomuayyan muddatga;
besh yildan ortiqbo’lmagan muayyan muddatga;
muayyan ishni bajarish vaqtiga mo’ljallab tuzilishi mumkin.
Agar mehnat shartnomasida uning amal qilish muddati ko’rsatilmagan bo’lsa, mehnat shartnomasi nomuayyan muddatga tuzilgan deb hisoblanadi.
Nomuayyan muddatga tuzilgan mehnat shartnomasi xodimning roziligisiz muayyan muddatga, shuningdek, muayyan ishni bajarish vaqtiga mo’ljallab qayta tuzilishi mumkin emas.
Muddatli mehnat shartnomalari:
bajarilajak ishning xususiyati, uni bajarish shartlari yoki xodimning manfaatlarini hisobga olgan tarzda, nomuayyan muddatga mo’ljallangan mehnat shartnomalarini tuzish mumkin bo’lmagan hollarda;
korxona rahbari, uning o’rinbosarlari, bosh hisobchi bilan, korxonada bosh hisobchi lavozimi bo’lmagan takdirda esa, bosh hisobchi vazifasini bajaruvchi xodim bilan amaldagi qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa hollarda tuzilishi mumkin.
O’zbekiston Respublikasining mehnatga oid qonunlarida mehnat sharnomasini dastlabki sinov sharti bilan tuzish mumkinligi belgilab qo’yilgan. Dastlabki sinov sharti quyidagi maqsadlarda belgilanadi:
xodim mehnat shartnomasida shartlashilgan ishni davom ettirishning maqsadga muvofiqligi haqida bir qarorga kelishi.
Dastlabki sinovni o’tash haqida mehnat shartnomasida shartlashilgan bo’lishi lozim. Bunday shartlashuv bo’lmagan takdirda xodim dastlabki sinovsiz ishga qabul qilingan deb hisoblanadi.
Homilador ayollar, uch yoshga to’lmagan bolasi bor ayollar, korxona uchun belgilangan minimal ish joylari hisobidan ishga yuborilgan shaxslar ishga qabul qilinganda, shuningdek, olti oygacha muddatga ishga qabul qilish haqida xodimlar bilan mehnat shartnomasi tuzilganda dastlabki sinov belgilanmaydi.
Dastlabki sinov muddati uch oydan oshib ketishi mumkin emas.
Vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik davri va xodim uzrli sabablarga ko’ra ishda bo’lmagan boshqa davrlar dastlabki sinov muddatiga kiritilmaydi.
Dastlabki sinov davrida xodimlarga mehnat to’g’risidagi qonun hujjatlari va korxonada o’rnatilgan mehnat shartlari to’liq tatbiq etiladi.
Dastlabki sinov davri mehnat stajiga kiritiladi.
Dastlabki sinov muddati tugagunga qadar har bir taraf ikkinchi tarafni uch kun oldin yozma ravishda ogohlantirib, mehnat shartnomasini bekor qilishga haqlidir. Bunday holda ish beruvchi mehnat shartnomasini sinov natijasi qoniqarsiz bo’lgandagina bekor qilishi mumkin.
Mehnat shartnomasini bekor qilish to’g’risida ogohlantirish muddatini qisqartirishga faqat shartnoma taraflarining kelishuvi bilan yo’l qo’yiladi.
Dastlabki sinov muddati tugagunga qadar yoki mehnat shartnomasi taraflarining kelishuvi bilan belgilab olingan ogohlantirish muddati mobaynida xodim mehnatga oid munosabatlarni bekor qilish to’g’risida berilgan arizani qaytarib olishga haqlidir.
Agar dastlabki sinov muddati tugagunga qadar taraflardan birortasi mehnat shartnomasini bekor qilishni talab qilmagan bo’lsa, shartnomaning amal qilish muddati davom etadi va bundan keyin uni bekor qilishga umumiy asoslarda yo’l qo’yiladi.
Mehnat shartnomasida mehnat shartlari belgilab qo’yilgan bo’ladi.