3. To’lov vositasi. Ayrim adabiyotlarda pulning to’lov vositasi uning muomila vositasi bilan qo’shib yuboriladi. Aslida ular o’rtasida tub farqlar mavjud va ularni asosiylari quyidagilar:
a) muomila funksiyasi tovarni faqat naqd pulda sotilishini bildirsa, to’lov funksiyasida tovar ham naqd pulda ham naqd pulsiz holda sotiladi.
b) muomila vositasida tovar va pul harakati bir vaqtda amalga oshiriladi deb tushiniladi, to’lovda esa u kechiktirilishi ham mumkin, kreditga amalga oshirilishi va to’lov muddatini kutilishi mumkin.
c) muomila vositasida tovarni sotuvchi va oluvchi o’rtasidagi munosabat bir yo’la tugaydi, to’lovda esa uzoq davom etadi va u debetorlik va kreditorlik qarzlariga sabab bo’ladi.
Pulni to’lov vositasi orqali davlat byudjetiga va kredit tizimiga to’lovlar amalga oshiriladi, aholiga ish haqi, nafaqa, kommunal va boshqa xizmatlarga to’lovlar amalga oshiriladi. Pulni to’lov funksiyasini tan olmaslik debitor va kreditor qarzlarni oshishiga, kredit bo’yicha va boshqa moliyaviy majburiyatlarni bajarilmasligiga, xo’jalik jarayonlarining me’yorida borishiga salbiy ta’sir ko’rsatishi mumkin.
Jamg’arma vositasi. Bu pulning jamlangan boylik shakliga kirib o’z egasi uchun kerak bo’lganda xarid etish vositasi bo’lib xizmat qila olshidir. Pul qog’oz yoki tanga bo’lgani uchun boylik emas, balki o’zida mehnatni mujassamlashtirgani, unga hamma narsani xarid etish yoki uni jamlab saqlash mumkin bo’lgani uchun boylik hisoblanadi.
Pul boylik jamgarishning eng qulay usulidir, chunki pulda likvidlik bor, ya’ni pul hamma yerda unga belgilangan nominalga (masalan 500 so’m) qarab to’lov uchun qabul qilinadi. Pul boshqa likvidlik vositalariga nisbatan (yer, bino, aksiya, obligasiya, sertifikat) barqaror vosita hisoblanadi, uning qadri inflyasiya bo’lmasa barqaror saqlanadi, boshqa likvidlarni esa narxi-qadri o’zgarib turadi.
Pulni sifati va soni mavjud. Pulni sifati cheksiz bo’lishi, ya’ni pulga zarur bo’lgan vaqtda xohlagan tovarga aylantirish imkoniyati mavjud, soni cheklangan bo’lishi mumkin, chunki unga cheklangan miqdorda tovar sotib olish mumkin.
Pulni qimmatbaho, noyob buyumlarga, san’at asarlariga, uy-joy, yer, mashina, asbob-uskuna, aksiya, obligasiya va boshqalar shaklida ham jamg’arish mumkin.
Adabiyotlarda pul xazina to’plash vazifasini xam bajarishi mumkinligi qayd etiladi. Uni faqat o’zining real qiymatiga ega bo’lgan pullar (qimmatbaho metallar) bajara oladi. Qog’oz pullar asosan muomila va to’lov vazifasini bajaradi.
O’tmishda pul jahon puli vazifasini xam bajargan. Bunda mamlakatlar o’rtasidagi hisob-kitoblar, tovar va xizmatlar uchun to’lovlardagi baho masshtabini har bir mamlakatning pul birligini ma’lum oltin tarkibi bo’lishligi bilan xarakterlanadi. Jumladan, 1961 yildagi pul reformasidan keyin SSSR rubli – 0.987412 grammga, 1 AQSh$ = 0,88 gramm oltinga tenglashtirilgan. Hozir bunday tartib yo’q, chunki XVF ning 1976 yil maydagi Yamaykaning Kengston shahridagi yig’ilishida oltin bundan buyon jahon puli vazifasini bajarmasligi e’tirof etilgan. Shu sabab hozir o’zaro hisob-kitoblarda jahon puli emas, jahon pullaridan foydalaniladi va bu vazifani obro’li pul birliklari bajaradi.
Pulning funksiyalari o’zaro uzviy bog’liq va ular bir-birini to’ldirgan holda pulning mohiyatini to’liq ifoda qiladi. Pulning funksiyalari ketma-ketligiga e’tibor berish zarur. Pul qiymat o’lchovi vazifalarini bajarmasdan turib muomila, jamg’arma va to’lov vositasi bo’laolmaydi. Pulning qiymat o’lchovi sifatida mustahkamligi uning muomila, to’lov, jamg’arma funksiyalaridagi o’rni va ahamiyatini oshiradi, xalqaro miqyosda ham yuqori obro’ga ega bo’ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |