PULGA TALAB FUNKSIYASI
8.1. Pul tushunchasi va bozor iqtisodiyotida uning tutgan o’rni
Milliy ishlab chiqarish o’rtasidagi barcha iqtisodiy munosabatlar pul yoki uning vositalari yordamida amalga oshiriladi, o’lchanadi, baholanadi.
Pul – maxsus xususiyatga ega bo’lgan tovar hisoblanib, ayirboshlashning rivojlanishi natijasida paydo bo’lgan. U tovarlar ayirboshlashda umumiy teng qimmatlilik rolini bajaradi. Pul maxsus xususiyatga, ya’ni likvidlilik xususiyatiga ega bo’lganligi uchun ham ideal vosita hisoblanadi.
Xar qanday buyumning likvidliligi uni sezilarsiz sarf xarajatlar bilan boshqa buyumga ayirboshlanish qobiliyatini bildiradi.
Agar sarf xarajatlar nulga teng bo’lsa, unda bunday buyum mutloq likvidli hisoblanadi. Masalan 1000 so’mlik qiymatga ega bo’lgan pulni boshqa ko’pgina buyumlarga oson almashtirish mumkin va bunda sotuvchilar 1000 so’mlik qog’ozning qiymatini hech qanday tushirmasdan qabul qilishadi, ya’ni bu erda ayirboshlash jarayoni butunlay sarf xarajatlarsiz kechadi.
Ayirboshlash kengayishi bilan kredit pullar deb ataluvchi veksellar, banknotlar, cheklar, sertifikatlar va hakozolar paydo bo’la boshladi. Ular tovar ayirboshlashni, ya’ni oldi – sotdi jarayonini engillashtirish, tezlashtirish va ixchamlashtirishga xizmat qiladi.
Keng ma’noda pul deganda nimalar tushuniladi, pul massasiga nimalar kiritiladi? Bu savolga javob berish juda muhim, chunki iqtisodiyotni barqarorlashtirish, uni bir zaylda rivojlanishi ko’p hollarda pul massasini samarali tartibga solishga bog’liq.
Hozirgi sharoitda bozor munosabatlariga asoslangan iqtisodiyotda pul massasining asosiy tashkil etuvchilari yoki pul agregatlari quyidagicha:
Pul1 (M1) – “tor ma’nodagi pullar” yoki muomaladagi naqd pullar (M0) + aholi va korxona, firmalarning talab qilib olinadigan omonatlari hamda joriy to’lov aylanishiga xizmat qiluvchi cheklar.
Pul2 (M2) – bu M1 + aholi va korxona, firmalarning muddatli omonatlari.
Pul3 (M3) – “keng ma’nodagi pullar” yoki jami pul massasi bo’lib, o’z ichiga M2 + likvidli qimmatli qog’ozlar va byudjet, jamoat tashkilotlari hisoblaridagi mablag’lar hamda byudjet mablag’lari va kapital qo’yilmalarni moliyalashtirish uchun mablag’lar.
Pul4 (M4) – bu M3 + banklarda saqlanayotgan pul shaklida bo’lmagan likvid mablag’lar.
Ayrim mamlakatlarda pullarning bunday bo’linishi boshqacharoq bo’lishi mumkin. Masalan, Rossiyada M0, M1, M2, M3 pul agregatlari ishlatiladi. M0 pul agregati bu muomaladagi naqd pullar, M1 =M0 + korxona, firmalarning joriy hisoblaridagi mablag’lari, ularning depozitlari, aholining talab qilib olinadigan depozitlari va davlat sug’urtasi mablag’lari, M2 pul agregati bu M1 + aholini tijorat banklaridagi muddatli depozitlari, shu jumladan kompensatsiyalar, M3 pul agregati M2 + sertifikatlar va davlat zayomlari obligatsiyalari.
Do'stlaringiz bilan baham: |