10.7.Kreditning turlari.
Kreditning turi deganda uning ma’lum belgilariga ko‘ra o‘ta aniqlikda shakllantirilgan tavsifi tushuniladi.
Kreditlar muddatiga ko‘ra uch turga bo‘linadi:
– qisqa muddatli kreditlar;
– o‘rta muddatli kreditlar;
– uzoq muddatli kreditlar.
Kreditlarning muddati bo‘yicha turlarga ajratish dunyo mamlakatlarida bir-biridan farq qiladi. Masalan, AQSHda muddati 1 yildan 8 yilgacha bo‘lgan kreditlar o‘rta muddatli kreditlar hisoblanadi. Germaniyada esa, 1 yildan 6 yilgacha muddatdagi kreditlar o‘rta muddatli kreditlar hisoblanadi119. O‘zbekistonda esa, umuman o‘rta muddatli kreditlar toifasi mavjud emas. Demak, respublikamizda 1 yilgacha muddatga berilgan kreditlar qisqa muddatli, 1 yildan ortiq har qanday muddatga berilgan kreditlar uzoq muddatli kreditlar hisoblanadi.
Tijorat banklarining qisqa muddatli kreditlari xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning aylanma mablag‘larini to‘ldirish maqsadiga berilsa, ularning o‘rta va uzoq muddatli kreditlari investitsion xarajatlarni moliyalashtirish maqsadiga beriladi.
Kreditlar ta’minlanganligiga ko‘ra quyidagi turlarga bo‘linadi:
– ta’minlanmagan kreditlar;
– qisman ta’minlangan kreditlar;
– to‘liq ta’minlangan kreditlar.
Ta’minlanmagan kreditlar deganda hech qanday ta’minotsiz berilgan ishonchli kreditlar tushuniladi. Bunday kreditlar tijorat banklarining to‘lovga qobilligi yuqori bo‘lgan ishonchli mijozlariga beriladi.
Qisman ta’minlangan kreditlar deganda ta’minot summasi kreditning asosiy qarz summasi va foizini to‘liq qoplashga etmaydigan kreditlarga aytiladi.
To‘liq ta’minlangan kreditlar deganda ta’minot summasi kreditning asosiy qarz summasi va foizini to‘liq qoplashga etadigan kreditlarga aytiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining talabi bo‘yicha, tijorat banklari kreditlari uchun qabul qilingan ta’minot summasi kredit bo‘yicha qarzdorlik summasiga nisbatan kamida 125% bo‘lishi lozim.
Kreditlar takror ishlab chiqarish jarayoniga xizmat ko‘rsatishiga ko‘ra quyidagi turlarga bo‘linadi:
– ishlab chiqarish jarayoniga beriladigan kreditlar;
– ishlab chiqarilgan tovarlarni sotish uchun beriladigan kreditlar;
– iste’mol maqsadi uchun beriladigan kreditlar.
Tovarlar ishlab chiqarishning uzluksizligini ta’minlashda tijorat banklari beradigan kreditlar muhim rol o‘ynaydi. SHuningdek, ishlab chiqarilgan tovarlarni xarid qilish uchun iste’molchilar har doim etarli darajada pul mablag‘lariga ega bo‘lmaydi. Shu sababli, ular tovarlarning ma’lum qismini tijorat banklarining kreditlari hisobidan xarid qiladilar.
Kredit bahosiga ko‘ra quyidagi turlarga bo‘linadi:
– bepul (tekin) kreditlar;
– arzon kreditlar;
– qimmat kreditlar.
Garchi foiz to‘lashlilik kreditning prinsiplaridan biri bo‘lsa-da, ba’zan kreditlar foizsiz beriladi. Bunga misol qilib, Xalqaro ta’mirlash va taraqqiyot banki tomonidan qashshoq mamlakatlarga berilayotgan foizsiz kreditlarni keltirish mumkin. Xususan, Afrikaning Sahara davlatidan janubda joylashgan barcha mamlakatlarda ocharchilik hukm surmoqda. Mazkur mamlakatlarga ijtimoiy maqsadlar uchun foizsiz kreditlar berilmoqda.
Arzon kredit deganda, odatda, foiz stavkasi, ya’ni bahosi bozor stavkasidan past bo‘lgan kreditlarga aytiladi.
Kreditlarning bahso ssuda kapitallari bozorida shakllanadi. Ssuda kapitallari bozorining ikki segmenti mavjud bo‘lib, pul bozori segmentida qisqa muddatli kreditlarning bahosi shakllanadi. Kapitallar bozori segmentida esa, o‘rta va uzoq muddatli kreditlarning bahosi shakllanadi.
Qimmat kreditlar deganda foiz stavkasi bozor stavkasidan yuqori bo‘lgan kreditlarga aytiladi. Odatda, risk darajasi yuqori bo‘lgan bitimlar banklarning qimmat kreditlari hisobidan moliyalashtiriladi.
Shuningdek, 2-jadval ma’lumotlari respublikamiz tijorat banklari kreditlarining foiz stavkasining ijobiy darajaga ega ekanligini, ya’ni inflyasiya darajasidan yuqori ekanligini ko‘rsatadi.
Kreditlar foiz stavkasining turiga ko‘ra ikkiga bo‘linadi:
– suzuvchi stavkaga ega bo‘lgan kreditlar;
– qat’iy belgilangan stavkaga ega bo‘lgan kreditlar.
Tijorat banklari har doim suzuvchi stavkada kreditlar berishdan manfaatdor bo‘ladi. Buning sababi shundaki, kredit suzuvchi stavkada berilganda, uning foiz stavkasi qanday o‘zgarishidan qat’iy nazar, bank oladigan daromad, ya’ni marja yoki spred, o‘zgarmasdan qoladi.
Kredit oluvchi har doim qat’iy belgilangan stavkaga ega bo‘lgan kreditlarni olishdan manfaatdor bo‘ladi. Chunki, bunda kreditning bahosi o‘zgarmasdan saqlanib qoladi. Agar kredit suzuvchi stavkada olingan bo‘lsa, u holda, kreditning bahosining oshishi kredit oluvchining foiz to‘lovlari miqdorining oshishiga olib keladi.
Kreditlar tarmoq xususiyatiga ko‘ra quyidagi turlarga bo‘linadi:
– sanoatga berilgan kreditlar;
– qishloq xo‘jalik kreditlari;
– qurilish kreditlari;
– savdo kreditlari va h.k.
Kreditlash ob’ektlariga ko‘ra kreditning quyidagi turlarini ajratib ko‘rsatish mumkin:
– tovar-moddiy qimmatliklarni sotib olish uchun berilgan kreditlar;
– ishlab chiqarish xarajatlarini moliyalashtirish uchun berilgan kreditlar (masalan, respublikamizda paxta va g‘allani etishtirish xarajatlari imtiyozli kreditlar hisobidan moliyalashtiriladi);
– mijozlarning to‘lov aylanmasidagi uzilishni qoplash uchun berilgan kreditlar.
Kreditning maqsadi yo‘nalishi va kredit munosbatlarida ishtirok etuvchi sub’ektlarga ko‘ra kreditning quyidagi turlarini ajratib ko‘rsatish mumkin:
– sinditsiyali kreditlar;
– ipoteka kreditlari;
– xalqaro kreditlar.
Sinditsiyali kredit deganda bitta ob’ektni yoni loyihani kreditlash uchun ikki yoki undan ortiq bank tomonildan berilgan kreditga aytiladi.
Bosh bank bilan ishtirokchi banklar o‘rtasida Bosh bitim tuziladi va ushbu bitimga asosan bank sindikati tashkil etiladi.
Bank sindikati bilan kredit oluvchi o‘rtasida kredit shartnomasi tuziladi.
Sinditsiyali kreditlar berish quyidagi shartlar asosida amalga oshiriladi:
A. Etakchi bankning to‘lovga qobil va likvidli bo‘lishi.
B. Etakchi bank sinditsiyali kreditning kamida 25 foizini o‘zining resurslari hisobidan beradi.
V. Markaziy bank tomonidan tijorat banklarining kreditlash faoliyatiga nisbatan o‘rnatilgan iqtisodiy normativlarni buzmaslik:
– bir mijozga yoki o‘zaro bog‘liq mijozlar guruhiga beriladigan ta’minlangan kreditlarning maksimal miqdori;
– bir mijozga yoki o‘zaro bog‘liq mizojlar guruhiga beriladigan ta’minlanmagan kreditlarning maksimal miqdori;
– tijorat banki tomonidan beriladigan yirik kreditlarning maksimal miqdori;
– insayderlarga beriladigan kreditlarning maksimal miqdori.
G. Kredit oluvchi sub’ektning kredit to‘loviga layoqatli bo‘lishi.
D. Kredit bilan bog‘liq bo‘lgan hujjatlarni (kredit shartnomasi, Bosh bitim va boshqalar) yuridik jihatdan to‘g‘ri rasmiylashtirish va ushbu jarayonni nazorat qilish.
Hozirgi kunda taraqqiy etgan mamlakatlarda suzuvchi stavkadagi sinditsiyali kreditlardan keng ko‘lamda foydalanilmoqda. Buning sababi shundaki, mazkur mamlakatlar tijorat banklarining depozitlari tarkibida suzuvchi stavkalarda jalb qilingan depozitlarning salmog‘i oshib bormoqda. Bu esa, suzuvchi stavkalardagi sinditsiyali kreditlar hajmining oshirish zaruriyatini yuzaga keltiradi. Buning sababi shundaki, suzuvchi stavkalarda jalb qilingan depozitlar hisobidan qat’iy belgilangan stavkalardagi sinditsiyali kreditlarni berish tijorat banklari faoliyatida kredit riskini chuqurlashish xavfini yuzaga keltiradi.
Sinditsiyali kreditlar bo‘yicha marja miqdori 0,5 foizdan 2,5 foizgacha bo‘lgan darajani tashkil etadi.
Ipoteka krediti deganda qo‘zg‘almas mulkni garovga olish yo‘li bilan beriladigan kreditlarga aytiladi.
Ipoteka kreditlari berish amaliyoti quyidagi ikki yo‘nalishga ega:
1. Xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarga va aholiga ipoteka kreditlari berish;
2. Ipoteka kreditlarini ikkilamchi bozorda sotish.
O‘zbekiston Respublikasida ipoteka kreditlari bilan bog‘liq bo‘lgan huquqiy munosabatlar O‘zbekiston Respublikasining “Ipoteka to‘g‘risida”gi qonuni bilan tartibga solinadi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2015 yil 7 yanvardagi PQ-2282-sonli “2015 yilda Qishloq joylarda namunaviy loyihalar bo‘yicha yakka tartibdagi uy-joy qurilishi dasturi va 2016 yilgi qurilishning asosiy parametrlari to‘g‘risida”gi qarori ipoteka kreditlari berish amaliyotining muhim huquqiy asosi hisoblanadi.
Qishloq joylarda namunaviy loyihalar bo‘yicha yakka tartibda uy-joy qurish uchun beriladigan ipoteka kreditlari eng kam ish haqining 1000 barobari miqdorida, Markaziy bank qayta moliyalash stavkasining 50% darajasidagi foiz stavkasi bo‘yicha beriladi.
Uy-joy qurish yoki sotib olish uchun beriladigan ipoteka kreditlari uy-joy qiymatining 75 foizigacha miqdorda beriladi. Uy-joy qiymatining qolgan 25% kredit oluvchining o‘z mablag‘lari hisobidan dastlabki badal sifatida to‘lanishi lozim.
Xalqaro kreditlar – bu ssuda kapitalining davlatlararo harakati bo‘lib, ushbu hara kat valyuta va tovar ko‘rinishidagi mablag‘larni qaytarib berishlik, foiz to‘lashlilik va muddatlilik shartlari asosida berish natijasida berish natijasida yuzaga keladi.
Xalqaro kreditlarning ikki asosiy turi mavjud:
1. Xalqaro bank krediti.
2. Xalqaro tijorat krediti.
Xalqaro bank krediti banklar tomonidan valyutalarda beriladi.
Xalqaro tijorat krediti firmalar, kompaniyalar tomonidan tovarlar ko‘rinishida beriladi.
Xalqaro kreditlarning bahosi xalqaro ssuda kapitallari bozorida shakllanadi va ular har kuni e’lon qilinadi. Dunyodagi eng yirik xalqaro ssuda kapitallari bozori bo‘lib, London ssuda kapitallari bozori hisoblanadi.
London ssuda kapitallari bozorida har kuni mahalliy vaqt bilan soat 11.00 da etakchi xorijiy valyutalardagi depozitlar va kreditlarning foiz stavkalari aniqlanadi va butun dunyoga e’lon qilinadi.
Xorijiy valyutalardagi depozitlarning bozor stavkasi LIBOR deb, kreditlarning bozor stavkasi esa, LIBID deb ataladi.
Xalqaro kreditlar ikki xil stavkada – suzuvchi va qat’iy belgilangan stavkalarda beriladi.
Xalqaro kreditlarning prinsiplari quyidagilardan iborat:
– qaytarib berishlik;
– muddatlilik;
– foiz to‘lashlilik;
– ta’minlanganlik.
Hozirgi davrda tijorat banklari amaliyotida qo‘llanilayotgan zamonaviy kreditlash usullariga quyidagilarni kiritish mumkin:
a) aylanma bo‘yicha kreditlash usuli;
b) qoldiq bo‘yicha kreditlash usuli;
v) aylanma-qoldiq usuli
Aylanma bo‘yicha kreditlash usulida kredit, mijozning, ya’ni kredit oluvchi mijozning xarajatlarini, uning resurslari bo‘shagunga qadar, moliyalashtirishga beriladi. Kredit miqdori ssudaga bo‘lgan ehtiyoj oshib borishi bilan ortib boradi va ushbu ehtiyojning kamayishiga qarab qoplanib boradi.
Aylanma bo‘yicha kreditlash usuli kredit oluvchining ishlab chiqarish faoliyatining uzluksizligini ta’minlash imkonini beradi.
Qoldiq bo‘yicha kreditlash usulida kredit kredit oluvchining tovar-moddiq qimmatliklarining qoldig‘i va xarajatlarining o‘zgarishi natijasida yuzaga kelgan ehtiyojga qarab beriladi. Masalan, korxona tovar-moddiy qimmatlikni o‘zining mablag‘lari hisobidan sotib oldi va shundan keyingina bankka ssuda so‘rab murojaat qildi. Bunday sharoitda kredit xarajatlarni avanslash uchun emas, balki tovar-moddiy qimmatliklarning qoldig‘iga, qoplash tartibida beriladi.
Amaliyotda kreditlashning yuqorida qayd etilgan har ikkala usuli uyg‘unlashib, kreditlashning yangi usulini, ya’ni aylanma-qoldiq usulini yuzaga keltiradi.
Ushbu usulda kredit dastlab tovar-moddiy qimmatliklar va xarajatlar shakllanishining dastlabki bosqichida beriladi, keyingi bosqichda esa, kredit mijozning bank oldidagi muddatli majburiyatining qoldig‘i asosida so‘ndiriladi.
Kreditlashning aylanma-qoldiq usulida kredit aniq belgilangan muddatlarda so‘ndiriladi, biroq, bu muddatlar resurslarning bo‘shash muddatlariga mos kelmasligi mumkin.
Kreditlashning har uchala uslida kreditlarning harakati mijozning ssuda hisobraqami orqali amalga oshiriladi.
Berilgan kreditlar ssuda hisobraqamining debetida, kreditning qaytarilishi uning kreditida aks etadi.
Kredit oluvchi korxonaning aylanmasiga bog‘liq ravishda ssuda hisobraqamlarining uch turini ajratib ko‘rsatish mumkin:
– aylanma-to‘lov ssuda hisobraqami;
– qoldiq-kompensatsion ssuda hisobraqami;
– aylanma-qoldiq ssuda hisobarqami.
Aylanma-to‘lov ssuda hisobraqami mijozga barcha majburiyatlari bo‘yicha to‘lovlarni, jumladan, etkazib berilgan tovarlar va ko‘rsatilgan xizmatlar bo‘yicha yuzaga kelgan kreditor qarzdorlikni, soliqlar bo‘yicha qarzdorlikni va boshqa to‘lovlarni amalga oshirish imkonini beradi.
Aylanma-qoldiq ssuda hisobrami ham barcha to‘lovlarni amalga oshirish imkonini beradi. Ammo qoldiq-kompensatsion ssuda hisobraqami bo‘yicha to‘lovlarni amalga oshirish uchun mijozning kreditlash ob’ekti qancha bo‘lsa, shuncha qoldiq-kompensatsion ssuda hisobraqami ochish kerak.
Zamonaviy kreditlash usullaridan foydalanish samaradorligi bevosita qo‘llanilayotgan to‘lovlarning ketma-ketligiga bog‘liq.
Taraqqiy etgan mamlakatlar amaliyotida to‘lovlarning kalendar ketma-ketligi qo‘llaniladi. Bunda qaysi qarzdorlik oldin paydo bo‘lgan bo‘lsa, o‘sha birinchi bo‘lib to‘lanadi. Shu sababli, tijorat banklari kredit olgan mijozning pul oqimini aniq baholash imkoniga ega bo‘ladi.
O‘tish iqtisodiyoti mamlakatlarining ko‘pchiligida, shu jumladan, O‘zbekiston Respublikasida to‘lovlarning maqsadli ketma-ketligi qo‘llaniladi. Bunda bank mijozining davlat byudjeti oldidagi qarzdorligini to‘lashga ustuvorlik beriladi. Ayrim hollarda, soliq inspeksiyalari kelgusi davrdagi soliq qarzdorligi bo‘yicha inkasso talabnomasi qo‘yadilar. Natijada, mijozning joriy davrdagi pul mablag‘lari oqimi zaiflashib, berilgan kreditni o‘z vaqtida undirish imkonini bermasligi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasida lizing ob’ektini qabul qilish dalolatnomasi rasmiylashtirilmagunga qadar tijorat banklarining lizing kreditlariga foiz hisoblashning mumkin emasligi, Respublika valyuta birjasining konvertatsiya uchun tashlab berilgan kreditlarga konvertatsiya amalga oshirilgunga qadar foiz hisoblamasligi ssuda hisobraqamlaridan foydalanish jarayonida hisobga olinadigan muhim omillardan biri hisoblanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |