Pul va inflyatsiya
Zarur pul miqdori bilan mavjud miqdor o`rtasida farq katta bo`lsa, u iqtisodiyotda salbiy oqibatlarga, chunonchi inflyatsiyaga olib keladi. Chunki, muomalada pul ko`p bo`lib, ortiqchalik darajasi ko`tarilib borsa inflyatsiya ro`y beradi. Bunday holat iqtisodiyotni tebrantiradi, aholi turmush darajasini pasaytiradi. Giperinflyatsiya, qimmatchilik, qashshoqlanish kuchayadi va umuman iqtisodiyot izdan chiqadi.
Inflyatsiya mamlakatda bahoning umumiy darajasining ko`tarilishi jarayonidan iborat bo`lib, ilgari buning sababini qog`oz pullardan axtarishar edi. Lekin pul chiqarish qattiq nazorat ostiga olinganda ham inflyatsiya holati mavjudligi aniqlangan, ya`ni gap faqat davlatning pul chop etishi imkoniyati mavjudligida emas ekan. Uning sabablari ko`p va ular bir necha xil ko`rinishda bo`ladi. Iqtisodiy islohotlar, ishlab chiqarish tuzilishining keng hajmdagi o`zgarishi, umuman, bir iqtisodiy tizimdan ikkinchisiga o`tish kabi o`zgarishlar albatta inflyatsiya bilan bog`liq bo`ladi. Chunki, bunday holatlar talab va taklif muvozanatining o`zgarishi, pulga bo`lgan ishonchning pasayishi, narx-navoning tezlik bilan o`zgarishi, aksar hollarda uning ko`tarilib borishi natijasida yuz beradi.
Buning ikki tomoni ta`sirlidir: birinchisi talab inflyatsiyasi bo`lsa, ikkinchisi xarajatlar inflyatsiyasidir. Tijorat, firmalar, hukumat yuzaga keladigan zaruriyatlar tufayli ishlab chiqariladigan tovarlarga nisbatan ko`proq pul sarf etadi. Bu taklifga nisbatan talabning o`sishiga olib kelib, o`z navbatida, baholarning ko`tarilishi bilan yakunlanadi. Хarajat inflyatsiyasi ishlab chiqarish xarajatlarining o`sib borishi vositasidir. Bundagi bahoning o`sishi resurslarga xarajatlarning ortib borishi va buning esa tovarlar bahosida o`z aksini topishi inflyatsiyani kuchaytiradi. Aytaylik, energiya, xomashyo va materiallar qimmatlashuvi xarajatlar inflyatsiyasi sabablaridir. Bunda ish xaqining o`sib borishi, ko`tarilayotgan baholarni oldindan ko`zlab, ishchilarning ish xaqini oshirish uchun urinishlar va shunga o`xshash boshqa harakatlar kuchayadi va bu inflyatsiyada o`z aksini topadi.
Inflyatsiyaning oldini olishda normal tovar-pul muomalasi jarayonini ta`minlash, uning uchun pulning ma`lum miqdorda bo`lishi, uning na ko`p va na oz bo`lishiga qarshi kurash eng ma`qul yo`l. Bu talab va taklif muvozanatini ta`minlaydi. Baho ko`tarilishining oldini olishga qaratilgan barcha chora-tadbirlar inflyatsiyaga qarshi qaratilgan harakat hisoblanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |