Shu tariqa 1950 – 1960 yillarga kelib, G’arbiy Evropa mamlakatlari va
Yaponiya dollar zaxirasini oshirib borish siyosati samarasiz ekanligi hamda yangi
tizim tashkil etilganda dollar kursi sun’iy baholanganligidan sarosimaga tushdi.
Chunki dollarning sotib olish qobiliyatining tushishi, G’arb davlatlarida dollarga
bo’lgan ehtiyojni pasaytirdi.
Bretton – Vuds tizimi Evropa mamlakatlari iqtisodiyoti uchun “tuzoq”
sifatida qaraldi va qarama – qarshiliklar ortdi. Frantsiya nomidan Oltindeviz
standartini yoqlab va amaldagi tizim qoidalariga qarshi fikrlar bilan davlat
moliyaviy maslahatchisi de Gollya Jak Ryueff chiqdi. Amerika siyosatchilari va
iqtisodchilari yuzaga kelgan qarshiliklarga e’tibor bermay, Evropa dollarni
“tayanch valyuta” sifatida qabul qilganligini ta’kidladi. Ularning fikriga ko’ra,
Evropa aynan Bretton – Vuds tizimini amal qilishi natijasida iqtisodiy tanglikdan
chiqish muammosini hal etgan. Davlatlar o’rtasidagi kelishuvga asosan boshqa
mamlakatlarda dollarning inflyatsiya darajasi ortishidan qat’iy nazar, AQSh
yanada pul taklifini oshirish huquqiga ega edi.
Evropada oltinning bir untsiyasi uchun 35 dollarga teng bo’lgan miqdori
saqlanib qolingan edi. 1950 yillarda Evropada dollar massasini ortib ketishi, uning
oltinga va evropaning “qattiq” valyutalariga nisbatan qadrsizlanishiga hamda
Amerikadan oltinni chiqib ketishiga sabab bo’ldi. Buning natijasida AQShning
oltin zaxiralari 25 mlrd. dollardan, 9 mlrd. dollargacha kamayib ketdi. Evropa
mamlakatlari hukumatlari va Markaziy banklarining dollarni oltin bilan so’ndirish
talabini qondirilmasligi oqibatida Bretton – Vuds tizimining izdan chiqish xavfi
tug’ilgan edi. Lekin, Evropa mamlakatlarida yuzaga kelgan ushbu salbiy holat ham
AQShni pul taklifini oshirishdan qaytarmadi. Shu tariqa 60 yillarning oxirida
Evropada 80 mlrd dollardan ortiq “evrodollar” nomini olgan pullar paydo bo’ldi.
Evropada muomalada bo’lgan dollarni oltin bilan so’ndirish talabini to’xtatish
maqsadida AQSh siyosiy bosim o’tkaza boshladi. 1930 yilda oltindeviz
standartining inqirozga yuz tutishida ham Buyuk Britaniya va Frantsiya o’rtasida
shunday vaziyat yuzaga kelgan.
Ta’kidlash joizki, iqtisodiy qonunlarni aylanib o’tish, AQSh inflyatsiyani
hisobga olmagani kabi, mamlakatda ijtimoiy – iqtisodiy salbiy oqibatlarga olib
keladi. Shu tariqa 1968 yilda Amerika tomonidan taklif etilgan “abadiy va
buzilmas” Bretton – Vuds tizimi emirila boshladi.
Do'stlaringiz bilan baham: