Markaziy bankning bosh maqsadi milliy valyutaning barqarorligini
ta’minlashdan iborat bo’lib, ushbu maqsadni amalga oshirish uchun qator
vazifalarni bajaradi. Ushbu vazifalar ichida eng muhimlaridan biri uning pul –
kredit siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirish hisoblanadi.
Pul – kredit siyosatining qator usullari mavjud bo’lib, ularning asosiylari
quyidagilardan iborat:
– tijorat banklariga nisbatan o’rnatilgan majburiy zaxira siyosati; – tijorat banklarini qayta moliyalash siyosati (hisob stavkasi); – ochiq bozordagi siyosati; – valyuta va depozit siyosati. Iqtisodiy adabiyotlarda va xalqaro bank amaliyotida Markaziy banklarning
pul – kredit siyosati monetar siyosat, monetar instrumentlar tarzida ham yuritiladi.
Biroq, Markaziy bankning pul – krediti siyosati qanday tarzda yuritilishiga
qaramasdan, ularning maqsadi bitta masalaga, ya’ni mamlakat milliy valyutasining
barqarorligini ta’minlashga qaratiladi.
Xalqaro bank amaliyoti va xo’jalik yuritish tajribasidan ma’lumki, milliy
valyuta sotib olish qobiliyatining tushib ketishi iqtisodiyotda inflyatsiya
darajasining oshishiga va mamlakatda ishsizlik darajasining pasayishiga olib
keladi va aksincha. Ya’ni, inflyatsiya darajasining pasayishi esa mamlakatda
ishsizlik darajasining oshishiga olib keladi.
Markaziy bank aynan shu iqtisodiy jarayonni milliy iqtisodiyotga salbiy
ta’sir etmaydigan darajada ushlab turish va milliy valyutaning barqarorligini
ta’minlash uchun pul – kredit siyosati usullarini amaliyotga joriy etadi.
O’zbekiston Respublikasi Markaziy bankining pul – kredit siyosati
“O’zbekiston Respublikasi Markaziy banki to’g’risida”gi Qonunning 23 –
moddasiga binoan kelgusi yil uchun mamlakat monetar siyosatining asosiy
yo’nalishlari sifatida ishlab chiqiladi.
Xususan, ushbu siyosat:
– iqtisodiy kon’yunkturaning tahlili va istiqbol ko’rsatkichlarini;
– muomalada bo’lgan pul massasining iqtisodiy jihatdan asoslangan
chegaralarini;
– pul massasi yillik o’sish sur’atining aniq maqsadli ko’rsatkichlarini, shu
jumladan, Markaziy bank ichki aktivlarining o’zgarishini;
– valyuta hamda foiz siyosatining asosiy yo’nalishlarini;
– pul – kredit sohasini tartibga solishga doir harakatlarning aniq maqsadli
asosiy ko’rsatkichlarini o’z ichiga oladi.