VII. Yakuniy qism
Milliy iqtisodiyot xususiyatlarini inobatga olgan holda, pul-kredit siyosati rejimlarining o‘ziga xos jihatlari va ta’sirchanligi tahlili o‘rta muddatli istiqbolda Markaziy bankning ustuvor maqsadi sifatida narxlar barqarorligiga erishish vazifasiga inflyatsion targetlash rejimi juda mos kelishini ko‘rsatmoqda. Shundan kelib chiqqan holda, pul-kredit siyosatini amalga oshirishning tamoyil va usullarining inflyatsion targetlashga bosqichma-bosqich yo‘naltirish uchun zaruriy huquqiy asoslar va tayanch iqtisodiy sharoitlar yaratildi.
Xususan, valyuta siyosatining liberallashtirilishi va bozor sharoitlarida almashuv kursining shakllanishini ta’minlash bo‘yicha choralar, Markaziy bankning ustuvor maqsadlari va amaliy mustaqilligini aniq belgilanishi, pul-kredit siyosatini amalga oshirishning faol bosqichiga o‘tilishi, inflyatsiyani hisoblash va baholash usullarini takomillashtirilishi, shuningdek shaffoflikning oshirilishi va kommunikatsion siyosatning kuchaytirilishi kabi amaliy choralar inflyatsion targetlashga o‘tish uchun asosiy sharoitlarni yaratadi.
Shu bilan birga, mavjud xatarlar va to‘siqlar inflyatsion targetlash rejimini joriy etish vazifasining bajarilishini qiyinlashtiradi.
O‘z navbatida, Markaziy bank asosiy e’tiborni prognozlash va tahliliy bazani mustahkamlashga, pul-kredit siyosati instrumentlarini takomillashtirish va ularning ta’sir kanallarini kuchaytirishga, komunikatsion siyosatni rivojlantirish va aholining ishonchini oshirish kabi vazifalarga qaratadi.
Markaziy bank ushbu rejimga bosqichma-bosqich o‘tish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirishda tegishli vazirlik va idoralar bilan sa’y-harakatlarni birlashtiradi va hamkorlikda faoliyat yuritadi.
Umuman olganda, inflyatsion targetlashga o‘tish pul-kredit siyosati sohasining barcha jihatlarini tubdan qayta ko‘rib chiqish va takomillashtirishni talab etadi. Bu esa, o‘z navbatida, uzoq muddatli istiqbolda barqaror iqtisodiy o‘sishning asosi bo‘lgan makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlashda sifat jihatdan yangi bosqichga o‘tilishini anglatadi.
Ushbu Konsepsiya O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi va Moliya vazirligi bilan kelishilgan.
1O‘zbekiston sharoitida mustaqil pul-kredit siyosatini yuritish imkoniyati 1994 yilda milliy valyutaning muomalaga kiritilganidan so‘ng paydo bo‘ldi.
2Mayexl N., Monetar siyosatni qo‘llash: Rivojlanayotgan monetar rejimlarga ega mamlakatlardagi operatsion masalalar (XVF).
Pul-kredit siyosatining 2024 yilgacha mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlarining dastlabki konseptual loyihasi ma’qullandi
Pul-kredit siyosatining 2022 yil va 2023-2024 yillar davriga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlarini ishlab chiqishda, birinchi navbatda, iqtisodiyotda narxlar va moliyaviy barqarorlikni ta’minlash, inflyasiya darajasini 2023 yil yakuniga qadar 5 foizgacha pasaytirish maqsadlaridan kelib chiqilgan.
Markaziy bank Boshqaruvining 2021 yil 21 oktyabrdagi yig‘ilishida “Pul-kredit siyosatining 2022 yil va 2023-2024 yillar davriga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari”ning dastlabki konseptual loyihasi ma’qullandi.
Pul-kredit siyosatining asosiy yo‘nalishlarida Markaziy bankning o‘rta muddatli makroiqtisodiy rivojlanish prognozlari va kelgusi yillarda pul-kredit sohasida amalga oshiriladigan ishlar, tashqi va ichki iqtisodiy sharoitlar o‘zgargan holatlarda Markaziy bank tomonidan ko‘riladigan choralar va pul-kredit siyosatini yuritishdagi yondashuvlar aks ettirilgan.
Shuningdek, ushbu loyihada pul-kredit siyosati instrumentlari, ichki valyuta va pul bozorini takomillashtirish, tahliliy-prognozlash salohiyatini rivojlantirish bo‘yicha kelgusi yillarga rejalashtirilgan choralar ham aks ettirilgan.
Pul-kredit siyosatining 2022 yil va 2023-2024 yillar davriga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlarini ishlab chiqishda, birinchi navbatda, iqtisodiyotda narxlar va moliyaviy barqarorlikni ta’minlash, inflyasiya darajasini 2023 yil yakuniga qadar 5 foizgacha pasaytirish maqsadlaridan kelib chiqilgan.
Jahon iqtisodiyoti 2020 yilda koronavirus pandemiyasi va uning ta’sirida yuzaga kelgan global iqtisodiy inqiroz sharoitida qat’iy karantin cheklovlarining kiritilishi sababli iqtisodiy faollikning pasayishi va ta’minot zanjiridagi uzilishlar hamda pul-kredit va soliq-byudjet siyosatlarining sezilarli darajada yumshatilishini boshdan o‘tkazdi.
2021 yilda esa pandemiya bilan bog‘liq vaziyatning nisbatan yaxshilanishi, karantin choralarining yumshatilishi, iqtisodiyot sub’yektlarining pandemiyaga moslashuv darajasining ortishi hisobiga iqtisodiy faollikning sezilarli tiklanishi kuzatilib, yalpi talab hajmining pandemiyagacha bo‘lgan darajasiga yetishiga xizmat qilmoqda.
Bunda, global iqlim sharoitlarning o‘zgarishi va ta’minot zanjiridagi uzilishlarning saqlanib qolishi fonida yalpi taklif hajmining talabga nisbatan sekinroq tiklanishi jahon miqyosida inflyasion jarayonlarning tezlashishiga olib keldi.
2020 yilning so‘nggi choragidan boshlab asosiy oziq-ovqat mahsulotlari va 2021 yil boshidan energiya resurslari narxlarida kuzatilgan sezilarli o‘sish aksariyat davlatlarda inflyasiyaning maqsadli ko‘rsatkichidan yuqori shakllanishiga sabab bo‘ldi.
2020 yil va 2021 yilning o‘tgan 9 oyida mamlakatimizda fiskal, monetar va tarkibiy iqtisodiy islohotlar borasida ko‘rilgan chora-tadbirlar iqtisodiy faollikni va yalpi talabni rag‘batlantiruvchi omillardan bo‘ldi. Natijada, 2020 yil yakunlari bo‘yicha real iqtisodiy o‘sish sur’ati 1,7 foizni va 2021 yilning dastlabki 9 oyligida 6,9 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2021 yil yakunida 6,5-7,2 foizga teng bo‘lishi kutilmoqda.
Pandemiya sharoitida 2020 yilda iqtisodiy faollikni qo‘llab-quvvatlash va narxlar barqarorligini ta’minlash vazifalari o‘rtasidagi muvozanatni ta’minlash maqasadida Markaziy bankning asosiy stavkasi 16 foizdan 14 foizgacha pasaytirildi hamda pul-kredit sharoitlari biroz yumshatilib nisbatan qat’iy fazaga o‘tkazildi. 2021 yilning o‘tgan 9 oyida esa mazkur pul-kredit sharoitlari o‘zgarishsiz saqlab qolindi.
Ta’kidlash lozimki, tashqi va ichki iqtisodiy sharoitlarning kelgusidagi o‘zgarishi bo‘yicha noaniqliklar hali ham yuqori darajada saqlanib qolmoqda. Shu bois o‘rta muddatli makroiqtisodiy rivojlanish prognozlari tashqi va ichki omillarning ta’siri ko‘lami va davomiyligini inobatga olib asosiy va muqobil ssenariylari ishlab chiqildi.
Ssenariylarni shakllantirishda tashqi iqtisodiy sharoitlarning o‘zgarishlari, xalqaro moliya tashkilotlarining jahon iqtisodiyoti va asosiy eksport tovarlari narxlari bo‘yicha prognozlari, asosiy savdo-hamkor davlatlarda kutilayotgan vaziyatlar, ichki iqtisodiy sharoitlardagi ehtimoliy tendensiyalardan kelib chiqildi.
Jahonda vaksinatsiyalash jarayonining borishi rivojlangan davlatlar bo‘yicha iqtisodiy o‘sish sur’atlarining tezroq tiklanishi, rivojlanayotgan davlatlarda esa nisbatan sustroq tiklanishini belgilovchi asosiy omillardan bo‘layotgan sharoitda ssenariylar shartlarini belgilashda pandemiya bilan bog‘liq vaziyat muhim omil sifatida qaraldi.
Shuningdek, bu yilgi hisob-kitoblarda iqlim o‘zgarishlari va asosiy oziq-ovqat mahsulotlari taklifi, moliyaviy barqarorlik ko‘rsatkichlari, amalga oshirilishi ko‘zda tutilayotgan islohotlar va ularning kutilayotgan natijalari shartli omillar sifatida inobatga olindi.
Makroiqtisodiy rivojlanishning asosiy ssenariysida tashqi va ichki iqtisodiy sharoitlarning bosqichma-bosqich yaxshilanib borishi kutilayotgan bo‘lib, keskin tashqi xatarlar yuzaga kelishi ko‘zda tutilmaydi. Pandemiya bilan bog‘liq vaziyat normallashib, inson resurslari migratsiyasi va transchegaraviy harakatlar bo‘yicha uzoq muddatli cheklovlar joriy etilmaydi.
Mazkur ssenariyga ko‘ra, iqtisodiy faollik yuqori sur’atlarda jadallashib borib, investitsion va iste’mol talabi pandemiyagacha bo‘lgan darajaga to‘liq tiklanadi.
Ushbu ssenariy doirasidagi hisob-kitoblarga ko‘ra, 2022 yilda yalpi ichki mahsulot hajmi o‘zining potensial darajasiga ko‘tarilib, real iqtisodiy o‘sish sur’atlari 5,5-6,5 foizni tashkil etadi va 2023-2024 yillarda 6 foiz atrofida bo‘lishi prognoz qilinmoqda.
2021 yil yanvar-sentyabr oylarida O‘zbekiston iqtisodiyotining rivojlanishi (+infografika)
Asosiy ssenariy doirasida iqtisodiy o‘sishni qo‘llab-quvvatlashning muhim drayveri sifatida xususiy ichki va tashqi investitsiyalar hamda iqtisodiyot tarmoqlarida amalga oshiriladigan tarkibiy islohotlar qaralmoqda.
Kelgusi yillarda mamlakatda makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash vazifasi 2022 yildan bosqichma-bosqich fiskal konsolidatsiya boshlanishini taqozo qiladi va fiskal taqchillikning YaIMga nisbati 2023-2024 yillarda 2,0-3,0 foiz atrofida shakllanishi prognoz qilinmoqda.
Yuqorida keltirilgan omillar va tartibga solinadigan narxlarni erkinlashtirish darajasidan kelib chiqib inflyasiya sur’atlarining 2022 yilda 8-9 foizga tashkil etishi, 2023-2024 yillarda esa 5 foizgacha pasayishi kutilmoqda.
Makroiqtisodiy rivojlanishning muqobil ssenariysi shartlari sifatida jahonda pandemiya bilan bog‘liq vaziyatning keskinligicha qolishi sababli tashqi sharoitlarning noqulay shakllanishi va iqtisodiy faollikni pasayishi kabi ehtimollar asos qilib olingan.
Ushbu ssenariy bo‘yicha yalpi ichki mahsulot hajmining real o‘sishi 2022 yilda 3-4 foiz atrofida bo‘lishi mumkin. Vaziyatning normal fazaga o‘tishi bilan 2023 yildan iqtisodiy faollik va yalpi talabning tiklanishi kuzatilib, 2023 yilda 4,8-5,8 foizni va 2024 yilda 5,5-6,5 foizni tashkil etishi taxmin qilinmoqda.
Bunda, ichki iqtisodiy faollikni qo‘llab-quvvatlash uchun 2022 yilda ham fiskal rag‘batlantirishlar davom ettiriladi va umumiy fiskal taqchillikning YaIMga nisbati 4-5 foiz atrofida bo‘lishini taqozo etishi mumkin. Fiskal konsolidatsiya 2023 yildan boshlanib, fiskal taqchillikning YaIMga nisbati 2023 yilda 3-4 foizgacha, 2024 yilda esa 2,0-2,5 foizgacha pasayishi baholanmoqda.
Makroiqtisodiy rivojlanish shartlari muqobil ssenariy bo‘yicha shakllangan holatda tartibga solinadigan narxlarning erkinlashtirilishi kelgusi davrlarga kechiktiriladi. Natijada, ushbu ssenariy shartlari ro‘y bergan sharoitda umumiy inflyasiya darajasi 2022 yilda 7,5-8,5 foizni tashkil etishi va 2023 yilda esa 5,6-6,6 foiz atrofida bo‘lishi prognoz qilinmoqda.
Yuqorida keltirilgan ssenariylarning har birida pul-kredit siyosatining asosiy maqsadi iqtisodiyotda narxlar va moliyaviy barqarorlikni ta’minlash hamda inflyasiyaning target ko‘rsatkichiga erishishga qaratiladi. Bunda, ssenariylarda keltirilgan vaziyatlarning shakllanishiga qarab pul-kredit sharoitlarining qat’iylik darajasi belgilab boriladi.
Asosiy ssenariyda pul-kredit siyosatini nisbatan qat’iy sharoitlari saqlab qolinsa, muqobil ssenariyda esa pul-kredit sharoitlarini biroz yumshatish hamda narxlar barqarorligi va iqtisodiy faollikni rag‘batlantirish maqsadlari o‘rtasidagi muvozanatni ta’minlash bo‘yicha choralar ko‘rilishi mumkin.
Kelgusi yillarda operatsion mexanizmni yanada takomillashtirish va pul bozorini rivojlantirish bilan birgalikda, ichki valyuta bozorida islohotlarning navbatdagi bosqichini amalga oshirish, tahliliy-prognozlash salohiyatini rivojlantirish va pul-kredit siyosati transmisson mexanizmi samaradorligini oshirish borasida amalga oshiriladigan chora-tadbirlar Markaziy bankning diqqat markazida bo‘ladi.
Transmission mexanizm samaradorligini oshirish vazifasi moliya bozorini, xususan davlat qimmatli qog‘ozlari bozorini rivojlantirish, xususiy kapital bozori ko‘lamini oshirish va iqtisodiyotda banklardan tashqari moliyaviy vositachilik institutlarini rivojlantirish bilan bog‘liq hisoblanadi.
Kelgusi yillarda alohida ahamiyat qaratilishi lozim bo‘lgan masala – bu inflyasiyaning uzoq muddatli barqaror omillarini bartaraf etish masalasi hisoblanadi. Bu, birinchi navbatda, iste’mol bozorida raqobatni rivojlantirish, iste’mol tovarlari
ishlab chiqarish hajmlarini oshirish, tovarlar importida konsentratsiyalashuv darajasini pasaytirish, hududlarda savdo va xizmat ko‘rsatish infratuzilmasini rivojlantirish kabi choralarni amalga oshirishni taqozo etadi.
Ushbu tarkibiy islohotlarning muvaffaqiyatli amalga oshirilishi inflyasiyaning target darajasiga yetganidan so‘ng pul-kredit sharoitlarini bosqichma-bosqich neytral shartlarga o‘tkazish imkonini beradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |