IV. O‘zbekistonda inflyatsion targetlash rejimini joriy etish istiqbollari Barqaror iqtisodiy rivojlanish va makroiqtisodiy siyosatni amalga oshirish usullarining bozor instrumentlaridan foydalanish asosida tubdan qayta ko‘rib chiqilishi munosabati bilan ichki bozordagi narxlar barqarorligini ta’minlash pul-kredit siyosatining bosh maqsadi sifatida belgilandi.
Bunda inflyatsiya sur’atini pasaytirish va uni past darajada saqlab turish o‘rta muddatli istiqbolda makroiqtisodiy barqarorlik va iqtisodiy o‘sishni ta’minlashda asosiy shart sifatida qaraladi.
Ichki valyuta bozorining liberallashtirilishi pul-kredit siyosatining tamoyil va usullarini bosqichma-bosqich inflyatsion targetlashga qaratish uchun zarur bo‘lgan asosni yaratadi. O‘rta va uzoq muddatli istiqbolda narxlar barqarorligini ta’minlashda inflyatsion targetlash samarali usul hisoblanadi.
O‘zbekiston sharoitida inflyatsion targetlash rejimining tanlanishi qator sabablar bilan izohlanadi. Birinchidan, bugungi kunda inflyatsion targetlash pul-kredit siyosatining ta’sirchan rejimi sifatida o‘zini namoyon qilib, o‘rta muddatli istiqbolda narxlar barqarorligini ta’minlash maqsadiga eng muvofiq keluvchi rejim hisoblanadi.
Ikkinchidan, monetar agregatlar yoki valyuta almashuv kursini targetlash kabi rejimlarning amaliyotga qo‘llanilishi tajribasi ularning O‘zbekiston sharoiti va zamonaviy talablarga mos kelmasligini ko‘rsatmoqda.
Xususan, valyuta almashuv kursini targetlash rejimida kursning doimiy tarzda maqsadli darajada saqlab turilishi xalqaro rezervlarni sezilarli darajada kamaytirib, valyuta inqirozining kelib chiqish xatarini oshiradi.
Valyuta almashuv kursini targetlash rejimida valyuta kursini mos ravishda o‘zgartirish orqali tashqi salbiy ta’sirlarni mo‘tadillashtirish imkoniyati cheklanadi.
Bundan tashqari, mazkur rejimda Markaziy bankning asosiy e’tibori faqatgina valyuta almashuv kursining maqsadli darajasini ta’minlashga qaratilishi tufayli ichki maqsadlarga qaratilgan mustaqil pul-kredit siyosatini amalga oshirish imkoniyati cheklanadi.
Boshqa tomondan, iqtisodiyotni liberallashtirish va tarkibiy o‘zgartirish, shuningdek, xufyona iqtisodiyotning sezilarli darajada mavjud bo‘lishi sharoitlarida pul agregatlarining keskin o‘zgarishi kuzatilishi mumkin. Bu esa, o‘z navbatida, monetar targetlash rejimi doirasida maqsadli ko‘rsatkichlarni o‘rnatish va unga erishish vazifasini murakkablashtiradi.
Shu bilan birga, pul agregatlari va inflyatsiya orasidagi barqaror bog‘liqlikning pasayishi monetar targetlash rejimi samaradorligini kamaytiradi.
Mamlakatimizda valyuta siyosatini liberallashtirish borasida amalga oshirilgan chora-tadbirlar hamda narxlar barqarorligini ta’minlash bo‘yicha aniq maqsadlarning belgilanishi inflyatsion targetlashga o‘tish uchun tayanch shart-sharoitlar yaratadi.
Xalqaro tajribaga asosan, inflyatsion targetlash rejimiga o‘tish quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha makroiqtisodiy sharoitlar mavjudligini va kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilishini talab qiladi:
pul-kredit siyosatini yuritish, ya’ni transmission mexanizm samaradorligini oshirish;
-valyuta bozori faoliyatini yanada liberallashtirish va takomillashtirish;
-pul-kredit siyosatining mavjud instrumentlarini takomillashtirish va yangi zamonaviy bozor instrumentlarini joriy etish;
-banklararo pul bozori faoliyatining shaffofligini oshirish va rivojlantirish;
-makroiqtisodiy prognozlash va tahlil qilish salohiyatini mustahkamlash;
-pul-kredit siyosatining pirovard maqsadi va qo‘llaniladigan instrumentlar to‘g‘risida keng jamoatchilikni xabardor qilish maqsadida pul-kredit siyosatining aniqligi va shaffofligini oshirish;
kommunikatsion siyosatni takomillashtirish;
Markaziy bankning institutsional bazasini rivojlantirish;
moliya bozorini, shu jumladan, davlat qimmatli qog‘ozlar bozorini rivojlantirish;
makroiqtisodiy siyosatni samarali muvofiqlashtirish;
iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida tarkibiy islohotlarni muvaffaqiyatli amalga oshirish.
Umuman olganda, inflyatsion targetlashga o‘tish pul-kredit siyosatining barcha asosiy yo‘nalishlarini tubdan qayta ko‘rib chiqish va takomillashtirishni talab qiladi. Ushbu konsepsiyada nazarda tutilgan tadbirlarning bosqichma-bosqich amalga oshirilishi bozor mexanizmlari va instrumentlari asosida pul-kredit siyosati samaradorligini oshirish bo‘yicha strategik vazifalar bajarilishi uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.
Pul-kredit siyosatini amalga oshirish va rivojlantirish bo‘yicha ushbu Konsepsiya o‘z ichiga 2018-2021 yillar uchun mo‘ljallangan chora-tadbirlar “yo‘l xaritasi”ni qamrab oladi.
Mazkur yo‘l xaritasini ishlab chiqishda asosiy e’tibor inflyatsion targetlashning mexanizm va tamoyillarini o‘rta muddatli istiqbolda samarali joriy qilish uchun zaruriy shart-sharoitlarni yaratish bo‘yicha choralarni amalga oshirishga qaratildi.
Pul-kredit siyosatining transmission (o‘tkazish) mexanizmi
Iqtisodiyotda narxlar barqarorligini ta’minlashda pul-kredit siyosati choralarining yalpi talab va inflyatsiya darajasiga samarali ta’sir mexanizmining mavjudligi xal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.
Inflyatsion targetlash rejimida Markaziy bank inflyatsiya bo‘yicha qo‘yilgan maqsaddan kelib chiqib, foiz stavkalarini o‘zgartiradi va o‘rnatadi.
Iqtisodiyotda inflyatsion xatarlar kuchayganda, Markaziy bank an’anaviy tarzda foiz stavkalarini oshirish orqali pul-kredit qat’iylashtiradi.
Ushbu choralarning iqtisodiyotning real sektoriga ta’sir qilish darajasi va muddatlari pul-kredit siyosati transmission mexanizmlarining samaradorligi bilan belgilanadi.
Pul-kredit siyosatining transmission mexanizmi o‘zida Markaziy bank foiz stavkalari o‘zgarishining iqtisodiy faollikka va pirovardida inflyatsiya darajasiga ta’sir o‘tkazish jarayonini aks ettiradi.
Pul-kredit siyosatining iqtisodiyotga ta’siri alohida transmission kanallar orqali amalga oshiriladi. Asosiy kanallar sifatida quyidagilarni ko‘rsatish mumkin:
-foiz kanali;
-kredit kanali;
-valyuta kursi kanali;
-inflyatsion kutilmalar kanali;
-aktivlar bahosi kanali.
Foiz kanali pul-kredit siyosatining iqtisodiyotga ta’sir etuvchi an’anaviy kanali hisoblanadi. Markaziy bank foiz stavkasining o‘zgarishi iqtisodiyotdagi umumiy foiz stavkalari darajasiga ta’sir ko‘rsatib, investitsiya/jamg‘arma darajasini o‘zgartirish orqali iqtisodiyotdagi yalpi talabning o‘zgarishiga olib keladi. Yalpi talabning o‘zgarishi, o‘z navbatida, inflyatsiya darajasiga ta’sir etadi.
Markaziy bankning asosiy foiz stavkasi va yalpi talab orasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘liqlik mavjud bo‘lmasada, foiz stavkasi o‘zgarishining ta’siri boshqa kanallar orqali ham amalga oshadi.
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki qayta moliyalash stavkasining iqtisodiyotdagi foiz stavkalariga ta’siri bo‘yicha tahlillar ular orasida barqaror bog‘liqlik mavjudligini ko‘rsatmoqda.
Ayni vaqtda transmission mexanizm foiz kanalining ta’sirini O‘zbekiston sharoitida cheklangangini banklararo pul bozorining shaffof emasligi va yetarlicha rivojlanmaganligi bilan izohlash mumkin.
Xususan, banklararo pul bozorida tijorat banklari faolliyatining sustligi va operatsiyalar hajmlarining kichikligi foiz kanalining samaradorligini pasaytiradi.
2017 yilning ikkinchi yarmidan Markaziy bank tomonidan tijorat banklariga qisqa muddatli likvidlikni taqdim qilish operatsiyalari faollashtirildi. Lekin bunda yagona banklararo pul bozorining mavjud emasligi hamda pul-kredit instrumentlari ta’sirining cheklanganligi amalga oshirilayotgan choralar samarasini pasaytirmoqda.
Yuzaga kelgan holatdan kelib chiqib hamda pul-kredit siyosati transmission mexanizmining foiz kanalini kuchaytirish va pul bozorini samarali tartibga solish maqsadida 2018 yilning birinchi yarim yilligida qisqa muddatli pul resurslarini jalb qilish va joylashtirish bo‘yicha banklararo pul bozorining yagona elektron platformasini yaratish ko‘zda tutilgan.
Shu bilan birga, pul-kredit siyosatining transmission mexanizmining foiz kanalini mustahkamlashda zaruriyat tug‘ilganda Markaziy bank tomonidan bank tizimidagi ortiqcha likvidlikni jalb qilish bo‘yicha operatsiyalar amalga oshiriladi.
Shuni ta’kidlab o‘tish joizki, pul-kredit siyosatining transmission mexanizmi samaradorligini ta’minlash va foiz instrumentlarini optimallashtirish maqsadida Markaziy bankning pul-kredit siyosatining asosiy ko‘rsatkichi sifatida asosiy stavka va foiz koridorini 2019 yildan amaliyotga joriy qilish ko‘zda tutilgan.
Likvidlik taqdim etish va jalb qilish bo‘yicha pul-kredit siyosati instrumentlari turlarining kengaytirilishi Markaziy bankning asosiy operatsiyalari bo‘yicha foiz koridorini shakllantirishga xizmat qiladi.
Iqtisodiyotni liberallashtirish va unda bozor mexanizmlari ta’sirining oshib borishi bilan bir qatorda faol pul-kredit siyosatining amalga oshirilishi transmission mexanizmning foiz kanalini sezilarli darajada mustahkamlab boradi.
Kredit kanali pul-kredit siyosatining asosiy ta’sir kanallaridan biri bo‘lib, ushbu kanal orqali foiz stavkasi iqtisodiyotning real sektoridagi jarayonlarga o‘z ta’sirini ko‘rsatadi. Mazkur kanalning samaradorligi ko‘p jihatdan kredit resurslariga bo‘lgan talab va taklifning Markaziy bank foiz stavkalarining o‘zgarishiga nisbatan ta’sirchanligiga bog‘liq hisoblanadi.
Bugungi kunda iqtisodiyotdagi pul massasi oshishining asosiy qismi kredit kanali hissasiga to‘g‘ri kelganligi bois, uning o‘zgarishi ichki bozordagi narxlar darajasiga o‘zining salmoqli ta’sir ko‘rsatadi.
Xususan, 2017 yil birinchi yarim yilligida tijorat banklari tomonidan iqtisodiyotning real sektorini kreditlash hajmlarining sezilarli darajada oshirilishi pul massasi o‘sish sur’atining tezlashishi va iqtisodiyotdagi inflyatsion bosimning kuchayishiga olib keldi.
Iqtisodiyotni kreditlash darajasini barqarorlashtirish maqsadida 2017 yilning ikkinchi yarmidan Markaziy bank tomonidan qayta moliyalash stavkasi 14 foizgacha oshirilib, pul-kredit siyosati qat’iylashtirildi. Bu esa, o‘z navbatida, kredit resurslari foiz stavkalarining oshishiga olib keldi.
Shuningdek, umumiy depozit va kreditlar tarkibida xorijiy valyutadagi depozit va kreditlar ulushining yuqoriligi hamda xufyona iqtisodiyotning mavjudligi kabi omillar iqtisodiyotni kreditlash hajmiga ta’sir ko‘rsatishga asoslangan pul-kredit siyosatining samaradorligini sezilarli darajada pasaytirmoqda.
O‘z navbatida, tijorat banklari tomonidan kreditlarni bozor shartlari asosida berilmasligi, ya’ni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish davlat dasturlari doirasida imtiyozli va maqsadli kreditlar berilishi kredit kanali samaradorligining pasayishiga sabab bo‘lmoqda.
Bunday holatlarda Markaziy bank tijorat banklariga nisbatan prudensial nazorat talablarini kuchaytirish va pul-kredit siyosatining instrumentlaridan oqilona foydalanish asosida milliy valyutadagi kredit va depozitlarning jozibadorligini oshirish siyosatini faol ravishda olib borishni ko‘zda tutmoqda.
Markaziy bankning foiz siyosatini amalga oshirishda kredit resurslarini moliyalashtirish manbalari xususiyatlari inobatga olinib, bozor mexanizmlariga asoslanmagan kreditlar ta’sirini kamaytirish bo‘yicha choralar kuchaytiriladi.
Valyuta kursi kanali. Mazkur kanal ta’siri pul-kredit siyosati shartlarining o‘zgarishi natijasida almashuv kursining ichki hamda tashqi tovar va xizmatlarga bo‘lgan nisbiy talabning o‘zgarishi orqali namoyon bo‘ladi.
Boshqa tomondan, Markaziy bank foiz stavkasining o‘zgarishi milliy valyutadagi moliyaviy aktivlar daromadlilik darajasining mos ravishda o‘zgarishiga olib kelib, almashuv kursiga o‘z ta’sirini ko‘rsatishi mumkin.
Ichki valyuta bozorining liberallashtirilishi jarayonida milliy valyuta almashuv kursining devalvatsiyasi aholining inflyatsion kutilmalarini oshirib, valyuta kanalining inflyatsion kutilmalar kanali bilan aloqasini kuchaytirdi.
Bunda, inflyatsion targetlashga o‘tish almashuv kursining erkin bozor sharoitida shakllanishi talab qilinishini inobatga olib, valyuta kursi kanali va aholining inflyatsion kutilmalari darajasi orasidagi aloqadorlikning muntazam ravishda kamaytirib borilishi o‘rta muddatli davrdagi muhim vazifalardan biri hisoblanadi. (valyuta siyosati qismida batafsil yoritilgan)
Inflyatsion kutilmalar kanali pul-kredit siyosatining inflyatsion targetlash rejimi doirasida amalga oshirilishida inobatga olinishi lozim bo‘lgan asosiy omillardan biri hisoblanadi.
Iqtisodiy jarayonlar ishtirokchilari qarorlar qabul qilishlarida nafaqat real bozor sharoitlarini, balki ularning kelajakdagi o‘zgarish ehtimolini ham inobatga olishlarida inflyatsion kutilmalar kanali asosiy ahamiyat kasb etadi. Xususan, korxona va tadbirkorlar narxlarni o‘rnatishlari va kelajakda ish haqi o‘zgarishini baholashlari uchun inflyatsion kutilmalar muhim hisoblanadi.
Shu o‘rinda, mazkur kanalning asosiy xususiyati korxona va tashkilotlar tomonidan maxsulot va xizmatlar narxlarini shakllantirilishida namoyon bo‘ladi. Bunda, kelajakda inflyatsiya darajasining oshishini kutayotgan korxona va tashkilotlar narxlarni oshiradi, bu esa joriy inflyatsiya darajasining o‘sishiga olib keladi.
Shuni ta’kidlash joizki, kutilmalar kanali yuqorida keltirilgan to‘rtta kanallarning barchasi bilan o‘zaro bog‘liqdir. Masalan, pul bozoridagi foiz stavkalari dinamikasining shakllanishi ko‘p jihatdan kelajakda kutilayotgan stavkalar darajasiga bog‘liqdir.
Iqtisodiyotda inflyatsion kutilmalarning markaziy bank maqsadli ko‘rsatkichlariga nisbatan yuqori darajada bo‘lishi jamiyatda inflyatsiyani markaziy bank tomonidan to‘la nazoratga olish borasidagi shubhalarni keltirib chiqaradi. Mazkur vaziyat foiz stavkasini keskin oshirish zaruriyatini tug‘dirishi mumkin.
O‘zbekiston sharoitida iqtisodiyotni tarkibiy o‘zgartirish va erkinlashtirish jarayonlari amalga oshirilayotgan davrda inflyatsion kutilmalar oshishi va kelajakda ma’lum muddat davomida saqlanib qolishi mumkin.
Inflyatsion targetlash rejimiga o‘tish Markaziy bankning kelajakda amalga oshirilishi kutilayotgan siyosatiga jamoatchilik ishonchini oshirish va shu asnoda ijobiy inflyatsion kutilmalar shakllanishiga erishishni talab etadi.
Aholi va xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning kelajakda narxlar o‘zgarishi yuzasidan kutilmalarini baholash va monitoring qilish, shuningdek, mazkur kutilmalarning xususiyatlari hamda unga ta’sir ko‘rsatuvchi omillarni atroflicha o‘rganish maqsadida 2018 yildan boshlab Markaziy bank tomonidan iste’mol narxlari dinamikasi va inflyatsion kutilmalarni o‘rganish yuzasidan kuzatuvlar va so‘rovlar olib borish amaliyoti joriy qilindi.
Bunda, Markaziy bank tomonidan inflyatsion kutilmalar shakllanish jarayonini o‘rganish, tahlil qilish va ularni modellashtirish salohiyatini takomillashtirishga alohida e’tibor qaratiladi.
Aktivlar narxlari kanalining inflyatsiya darajasiga ta’siri pul-kredit siyosatining o‘zgarishi natijasida aktivlar narxlarining o‘zgarishi tufayli kuzatiladi.
Xususan, mazkur kanal samarali amal qilgan sharoitda pul-kredit shartlarining yengillashtirilishi hisobiga davlat qarz majburiyatlari bo‘yicha foiz stavkasining pasayishi moliyaviy resurslarning daromadliligi yuqoriroq bo‘lgan muqobil aktivlarga qayta yo‘naltirilishiga olib keladi. Natijada muqobil aktivlarning narxi va bunga mos ravishda inflyatsiya darajasining oshishi kuzatiladi.
Ta’kidlash joizki, davlat obligatsiyalari, kapital va ko‘chmas mulk bozorlarining rivojlanganlik darajasi va samarali faoliyati, o‘z navbatida, mazkur kanal ta’sirchanligini belgilaydigan asosiy omillardan hisoblanadi.
Bunda markaziy bank pul-kredit siyosati instrumentlarining samaradorlik darajasi mazkur siyosatdagi o‘zgarishlarning (qisqa muddatli foiz stavkalari, rezerv pullar) boshqa soha va tarmoqlarga ta’siri xususiyati, tezligi va intensivligi orqali belgilanadi.
Umuman olganda, o‘tkazish kanallarining amal qilishi bank va moliya sohasidagi raqobat muhiti, muqobil moliyalashtirish manbalarining mavjudligi, moliyaviy bozorlarning rivojlanganlik darajasi va samaradorligi, moliyaviy vositachilik xizmatlarining sifati va qamrovi, valyuta kursi rejimi, kapitallar harakati, investitsiya uchun xafsiz moliyaviy instrumentlarning mavjudligi kabi bir qator omillarga bog‘liq.
Ichki valyuta bozorini yanada liberallashtirish va kurs siyosatini takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar
Inflyatsion targetlash rejimiga o‘tish bozor mexanizmlari asosida erkin shakllanadigan suzib yuruvchi valyuta kursining amal qilishini talab etadi.
Bunda, Markaziy bankning valyuta siyosati va intervensiya strategiyasining aniq belgilab olinishi, shaffoflikning ta’minlanishi hamda qabul qilinayotgan qarorlarni valyuta bozori ishtirokchilari tomonidan to‘liq tushunilishi muhim ahamiyat kasb etadi.
Shu munosabat bilan, ichki valyuta bozorini erkinlashtirishda milliy valyuta ayirboshlash kursining shakllanishida bozor sharoitlarini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlarning davom ettirilishi Markaziy bankning mazkur yo‘nalishdagi ustuvor vazifasi bo‘lib qoladi.
Ushbu maqsadda Markaziy bankning valyuta kurslari shakllanish jarayoniga aralashuvini kamaytirib borish, valyuta intervensiyasi strategiyasini erkin suzib yuruvchi valyuta kursi tamoyillari asosida takomillashtirish hamda iqtisodiyot sub’ektlari va valyuta bozori ishtirokchilarini yangi sharoitlarda ishlashga tayyorlab borish ko‘zda tutilmoqda.
O‘rta muddatli davrda Markaziy bank intervensiyalarining valyuta kursi shakllanishiga yuqori darajada ta’sir ko‘rsatishining oldini olish maqsadida keyingi davrlarda amalga oshiriladigan intervensiyalar neytral xususiyatga ega bo‘ladi.
Xalqaro amaliyotda valyuta bozorida almashuv kursining erkin o‘rnatilishida markaziy bankning minimal ishtiroki talab etiladi. Bunda faqatgina inqirozli vaziyatlar yuzaga kelgandagina valyuta kursining keskin tebranishlarini oldini olish va valyuta bozorini barqarorlashtirish maqsadida Markaziy bank intervensiyani amalga oshiradi.
Biroq O‘zbekiston sharoitida Markaziy bankning valyuta bozorida muntazam ishtirok etish zaruriyati Markaziy bank tomonidan mahalliy ishlab chiqaruvchi korxonalardan monetar oltin va boshqa qimmatbaho metallarni bevosita sotib olinishi bilan izohlanadi.
Qimmatbaho metallarning bevosita Markaziy bank tomonidan sotib olinishi milliy valyutadagi mablag‘larning to‘g‘ridan-to‘g‘ri iqtisodiyotga tushishiga va inflyatsion xatarlar oshishiga olib keladi. Ayni vaqtda qimmatbaho metallarni sotishdan tushadigan valyuta mablag‘lari esa ichki valyuta bozoriga tushmaydi.
Markaziy bank tomonidan qimmatbaho metallarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri xarid qilishining salbiy ta’sirini oldini olish va valyuta bozori muvozanatliligini ta’minlash maqsadida Markaziy bank valyuta bozorida tegishli miqdorlarda xorijiy valyutaning muntazam sotuvini amalga oshirib boradi.
Xalqaro amaliyotda ishlab chiqaruvchilardan qimmatbaho metallarni xarid qilish va valyuta tushumlarini ichki valyuta bozorida sotish borasidagi to‘laqonli va samarali vositachilik funksiyasini Markaziy bank tomonidan bajarilishi to‘g‘ridan-to‘g‘ri intervensiya hisoblanmaydi.
Bunda Markaziy bank tomonidan xorijiy valyutaning sotilishi faqatgina vositachilik xususiyatiga ega bo‘lib, Markaziy bankning valyuta bozoridagi faol ishtiroki almashuv kursini boshqarish maqsadini ko‘zlamaydi hamda klassik ma’nodagi intervensiya deb hisoblanmaydi.
Bugungi kunda aholining inflyatsion kutilmalari ko‘p jihatdan valyuta bozoridagi almashuv kursining dinamikasi bilan bog‘liqligini inobatga olgan holda, qisqa muddatli davrda milliy valyuta kursining barqarorligini ta’minlash pul-kredit siyosatining muhim vazifalaridan biri hisoblanadi.
Bunda, almashuv kursi barqarorligini ta’minlash vazifasi bevosita markaziy bankning to‘g‘ridan-to‘g‘ri intervensiyalari hisobiga emas, balki quyidagi choralarni bosqichma-bosqich ravishda amalga oshirish orqali ta’minlanadi:
qisqa muddatli davrda valyuta kursi o‘zgarishi tebranishlari kengligini bosqichma-bosqich oshirish yo‘li bilan valyuta bozoridagi talab va taklif muvozanatiga erishish hamda valyuta bozorini ta’minlanganlik darajasini oshirish;
pul-kredit siyosatining foiz va boshqa instrumentlarini ustuvor ravishda qo‘llash hamda bank tizimida tegishli hajmdagi likvidlikni saqlab turish orqali valyutaga bo‘lgan talabga ta’sir ko‘rsatish.
Ushbu maqsadlarga erishish uchun Markaziy bank “xalqaro valyuta zaxiralarining neytralligi” tamoyiliga amal qiladi, ya’ni ishlab chiqaruvchilardan qimmatbaho metallarni xarid qilish natijasida bank tizimiga tushgan milliy valyutadagi mablag‘larning sterilizatsiyasini amalga oshiradi.
Shu bilan birga, iqtisodiyotda mavjud yuqori inflyatsion bosimning milliy valyuta kursi barqarorligiga salbiy ta’sirini inobatga olib, kelajakda valyuta kursining barqarorligini ta’minlash ko‘p jihatdan inflyatsiya darajasini pasaytirishga bog‘liq bo‘ladi.
Real almashuv kursining muvozanatli darajasini ta’minlash uchun valyuta kursining dinamikasi ichki bozordagi hamda asosiy savdo hamkor mamlakatlardagi narxlar darajasining o‘zgarishini o‘zida aks ettirishi kerak.
Ushbu jihatlar hamda valyuta bozorining joriy rivojlanganlik darajasini inobatga olgan holda, Markaziy bank intervensiya siyosatida dastlabki bosqichlarda asosiy e’tibor fundamental omillar emas, balki qisqa muddatli davrda valyuta bozorida talab va taklifning nomuvofiqligi natijasida yuzaga keladigan valyuta kursidagi keskin tebranishlarning oldini olishga qaratiladi.
O‘rta muddatli istiqbolda ichki valyuta bozorini rivojlantirish vazifasiga valyutani tartibga solish va valyuta kursi shakllanishini liberallashtirish, jumladan, almashuv kursi tebranishi chegaralarini oshirish vositasida erishiladi.
Bu, o‘z navbatida, valyuta bozorining rivojlanish va ta’minlanganlik darajasini oshirishga hamda valyutaga bo‘lgan talab va taklifning muvozanatiga erishish uchun bozor mexanizmlarini takomillashtirishga xizmat qiladi.
Valyuta svopi, valyuta opsionlari, fyucherslar va shu kabi instrumentlarni amaliyotga joriy qilinishi valyuta bozorini rivojlantirish va valyuta almashuv kursi barqarorligini ta’minlash uchun qo‘shimcha imkoniyatlarni yaratadi.
Amaldagi pul-kredit siyosati instrumentlarini takomillashtirish va zamonaviy bozor insturmentlarini joriy etish
Inflyatsion targetlash rejimiga o‘tish jarayonida samarali pul-kredit siyosatini amalga oshirish, o‘z navbatida, pul-kredit siyosati instrumentlari ta’sirini cheklovchi omillarni aniqlash va bartaraf qilishni talab etadi.
Iqtisodiyotda narxlar barqarorligini ta’minlash vazifasi pul-kredit siyosati instrumentlari samaradorligiga hamda uning transmission mexanizmini ko‘rilayotgan choralarni iqtisodiyotning boshqa tarmoqlariga o‘z vaqtida va to‘liq o‘tkazish imkoniyatiga bog‘liq.
Pul-kredit siyosatini rivojlantirishning hozirgi bosqichida zamonaviy pul-kredit instrumentlarini joriy etish, amaldagilarini takomillashtirish va ularning ta’sir mexanizmini mustahkamlash, shuningdek ichki iqtisodiy cheklovlarni bartaraf etish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirishga ustuvor ravishda e’tibor qaratiladi.