2.1 KREDIT MEXANIZMI TUSHUNCHASI VA UNING RIVOJLANISH BOSQICHLARI Kredit mexanizmi- xo‘jalik mexanizmining tarkibiy qismi bo‘lib, o‘z ichiga kreditlash shartlarini, usullarini va kreditni boshqarishni oladi. Kredit mexanizmi yordamida bank tizimining kredit siyosati amalga oshiriladi.
Klassik iqtisodchi olimlar kredit mexanizmini kredit munosabatlarini tashkil etishning konkret usullari bilan bog‘lashgan va bu usullar pul oborotini hamda kredit munosabatlarini tashkil etish amaliyotida qo‘llanilishini ta’kidlashgan. SHuni inobatga olgan holda kredit mexanizmi kredit munosabatlarining namoyon bo‘lish shakli sifatida qaralmoqda. Masalan, prof. M.S.Atlas kredit mexanizmi to‘g‘risida shunday yozgan: «Kredit mexanizmi kredit tizimi organlari, kreditlashtirish vositalari va usullari, tamoyillari, majmuasidan iborat bo‘lib, ular yordamida tegishli organlar o‘zlarining vazifalarini amalga oshiradilar va butun xalq xo‘jaligiga hamda korxonalarning xo‘jalik faoliyatiga ta’sir ko‘rsatadilar».
M.S.Atlas kredit mexanizmini xo‘jalik mexanizmining iqtisodiy richaglaridan biri sifatida qaraydi. U orqali ishlab chiqarish va yalpi maxsulot taqsimlashni nazorat vositasi sifatida yalpi ishlab chiqarish samaradorligiga ta’sir ko‘rsatiladi. Kredit mexanizmining qaytarishlilik, muddatlilik va to‘lovlilik tamoyillari xo‘jalik mexanizmlarini ratsional va optimal xolda rivojlanishni taqozo qiladi.
YU.P.Avdiyans kredit mexanizmini kredit tizimining tarkibiy qismi sifatida talqin etib, uningcha kredit tizimi o‘z ichiga quyidagilarni qamrab oladi: 1) kredit munosabatlarining sferasi; 2) kredit mexanizmini (kredit tizimi ob’ekti va sub’ektining o‘zaro ta’sir etish vositasi va bank tomonidan kredit munosabatlari sferasining boshqarilishi); 3) iqtisodiy rivojlanishning manbalari. Bundan tashqari u kredit mexanizmi texnik emas, iqtisodiy tushuncha ekanligini ta’kidlaydi. Kredit mexanizmi o‘zida kreditning barcha tomonini va uning konuniyligini, kishilarning konkret faoliyatini umumlashgan ifodasini aks ettirishini aytgan. Uningcha kredit tizimi uning boshqa qismlariga: kredit munosabatlari, kredit munosabatlari elementlari, (kredit uchun foiz, kredit muddati va ob’ekti, kredit munosabatlaridagi tomonlarning iqtisodiy qiziqishlari) xalq xo‘jaligida kredit munosabatlarini yuzaga keltiruvchi banklarga bevosita o‘z ta’sirini o‘tkazadi. Uning fikricha, kredit mexanizmi tushunchasi quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
-kredit tizimi rivoji, amal qilish shartlari va prinsiplari;
-kredit tizimining pul muomalasi, xalq xo‘jaligining naqd pulsiz xisobkitoblari va moliya tizimining boshqa bo‘g‘inlari bilan o‘zaro aloqasi.
Kredit mexanizmining tarkibiy qismlari to‘g‘risida gapirib, birinchi o‘ringa kreditlash tamoyillarini qo‘ydik. CHunki ular kreditning mazmunini aks ettirib, vaqtinchalik foydalanishga berilayotgan mablag‘larni belgilangan muddatda va to‘liq ravishda qaytib kelishini bu mablag‘lardan samarali foydalanishni ta’minlashga qaratilgan. Kredit munosabatlarida kreditlash tamoyillari kredit nazariyasi va kredit muassasalarining faoliyati rivojlanib borgan sari takomillashib va o‘zgarib boradi. Bu o‘zgarishlar ko‘p jihatidan kredit munosabatlarining rivojlanish darajasi bilan belgilanadi.
Kredit muassasalari kredit munosabatlari mazmunini chuqur o‘rgangan holda kreditning mohiyatini aks ettiruvchi yangi tamoyillar vujudga keltirishi mumkin. Bozor iqtisodiyotiga o‘tish va shunga mos ravishda, kredit munosabatlari sub’ektlarining iqtisodiy mustaqillik doirasini kengaytirilishi ayrim kreditlashtirish tamoyillari mazmunini ham tubdan o‘zgartirmoqda.
Kreditlash tamoyillarining kredit mazmuni bilan aloqadorligi ularning yana bir o‘ziga xos xususiyatini vujudga keltiradi. Bizga ma’lumki, kreditning mazmuni uning umumiy va maxsus xususiyatlari orqali namoyon bo‘ladi. Agar umumiy xususiyatlari uni boshqa iqtisodiy kategoriyalar bilan o‘zaro bog‘liqligini aks ettirsa, maxsus xususiyatlari esa kreditni iqtisodiy munosabatlar majmuasidan ajratib turadi. Kreditlashning maxsus ya’ni konkret tamoyillari bilan tanishamiz. Kreditlashtirish maxsus tamoyillarining mazmuni kreditning ichki mohiyatidan kelib chiqib, mamlakat ssuda fondini normal harakatini ta’minlash uchun xizmat qiladi. Bu tamoyillar ichida kreditning maqsadliligi muhim ahamiyat kasb etadi.
Odatda kreditning maqsadliligi deyilganda, ssuda fondi mablag‘larini korxona va tashkilotlarning xo‘jalik yuritish maqsadlaridan kelib chiqadigan xarajatlarga yo‘naltirish tushuniladi. Bu tamoyilning mohiyati kredit munosabatlari maqsadidan kelib chiqqan holda, jamiyatning asosiy iqtisodiy qonuni va vaqtni tejash umumiy qonunining talablari bilan belgilanadi.
Kredit munosabatlari iqtisodiyotda mavjud aniq uslubiy asoslarga tayanadi. YA’ni ssuda kapitali bozori operatsiyalari ma’lum tamoyillar asosida olib boriladi.
iqtisodiy kategoriya sifatida kredit bir necha tamoyillarga ega. Bular:
Qaytarib berish; - Muddatlilik; - Ta’minlanganlik; - Maqsadlilik;
To‘lovlilik.
Kreditning qaytarib berish tamoyili. Bu tamoyil kreditning mustaqil iqtisodiy kategoriya ekanligining shartidir. qaytarib berishlik kreditning muhim belgisi hisoblanadi. qaytarib berishlik o‘z-o‘zidan vujudga kelmaydi; u moddiy jarayonlarga, qiymatning aylanishini tugashiga asoslanadi. qarzga beriladigan qiymat faqat muayyan bir muddatgina o‘z egasi qo‘lidan uzoqlashadi, lekin egasini o‘zgartirmaydi. qaytarib berishlik muayyan shartnomada o‘zining o‘rnini topadi.
Kreditdan samarali foydalanishi asosida qaytarib berishlik – butun bank faoliyatining markaziy bo‘g‘ini hisoblanadi. Kreditning bu tamoyili o‘z amaliyot aksini kredit va undan foydalanganlik uchun % summasini kredit bergan muassasa hisobiga ko‘chirish yo‘li bilan to‘lanadi. SHu yo‘l bilan banklar kredit resurslarining qayta tiklanishini ta’minlaydilar. Bizning amaliyotimizda markazlashgan rejali iqtisodiyot sharoitida kreditlashning “qaytarilmaydigan ssuda degan” norasmiy tushunchasi bor edi. Kreditlashning bu shakli xalq xo‘jaligining ko‘p tarmoqlarida ayniqsa qishloq xo‘jaligi sohasida keng tarqalgan edi. £zining iqtisodiy mohiyatiga ko‘ra qaytarilmaydigan ssudalar byudjet subsidiyasining qo‘shimcha shakli sifatidi namoyon bo‘ladi. Bozor iqtisodiyoti sharitida “qaytarilmas kredit” tushunchasi bozor iqtisodi tamoyillariga yod bo‘lib, bunday kreditning amaliyotda bo‘lishi iqtisod uchun juda xavfli hisoblanadi.
Kreditning muddatligi – bu tamoyil kredit beruvchidan olingan kreditni o‘z vaqtida qaytarib berish muddatini, ya’ni kreditning qanday muddatga berilganligi bilan xarakterlanadi. Bunda shu muddatlilik tamoyiliga ko‘ra kredit uzoq va qisqa muddatli kreditlarga bo‘linadi. Kreditning muddatlilik tamoyili qarzdor uchun qulay bo‘lgan har qanday vaqtda emas, balki kredit bitimida ko‘rsatilgan ma’lum muddatda kreditning qaytarilishi zarurligini bildiradi. Kreditning muddatliligi har ikkala tomon uchun muhimdir. Agar kreditor qarzni foizi bilan o‘z vaqtida qaytarib olsa, uni egasiga o‘z vaqtida qaytarish yoki yana uni kreditga berish imkoniyatiga ega bo‘ladi. qarz oluvchi kreditni samarali ishlatib, uni o‘z vaqtida kreditorga qaytarsa unga shartnomada belgilangan jazo choralari ko‘rilmaydi. Kreditning muddati bo‘yicha kredit shartnomada ko‘rsatilgan shartlarning buzilishi narijasida qarz beruvchi qarz oluvchiga iqtisodiy choralarni qo‘llashi mumkin. Bu choralar ham yordam berilgan hollarda kredit beruvchi moliyaviy talablarni xo‘jalik sudi orqali undirib olishi mumkin. Kreditning muddatliligi kelib tushuvchi boyliklarning tejamli qayta ishlatish muddatiga, ishlab chiqargan mahsulotini jo‘natish muddatiga, tovarlarni sotish muddatiga va pirovard natijada aylanma fondlarning doiraviy aylanishining tezligiga bog‘liqdir.
Kreditning ta’minlanganlik tamoyili – bu tamoyil yordamida xalq xo‘jaligining rivojlanishida qiymat va moddiy ishlab chiqarish o‘rtasida bo‘lishi zarur bo‘lgan proporsiyalarining bir me’yorda bo‘lishi rag‘batlantiriladi. Bu tamoyilning asosiy mohiyati shundaki, bunda xo‘jalik oborotida ishtirok etuvchi bank mablag‘larining har bir so‘miga muayyan moddiy boyliklarning bir sqmi qarama-qarshi turishi kerak. Banklar tomonidan xalq xo‘jaligi tarmoqlariga berilgan kreditlar to‘liq tovar moddiy boyliklari va ma’lum xarajatlar bilan ta’minlangan bo‘lishi kerak. Tarmoqlarga ta’minlanmagan kreditlarning berilishi bank kreditlarining bankka qaytib kelmasligiga asos hisoblanadi. Bu o‘z navbatida bankning likvidliligiga va upl muomilasga katta ta’sir ko‘rsatadi. SHuning uchun ham bozor iqtisodiyoti sharoitida banklar tomonidan beriladigan kreditlarning tovar moddiy boyliklar va xarajatlar bilan ta’minlangan bo‘lishiga muhim e’tibor berilmoqda. Hozirgi sharoitda bu jarayonning amalga oshirilishini quyidagicha ifodalash mumkin.
Kredit olayotgan korxona bankka tovar yoki tovar hujjatlarini, boshqa biror shakldagi mulkini garovga qo‘yadi. Agarda bank bergan kredit qarz oluvchi tomonidan o‘z vaqtida bankka qaytarilmasa bank tovarni sotish hisobidan qarz o‘rnini qoplash huquqiga ega bo‘ladi.
Xulosa qilib aytganda, kreditning ta’minlanganlik tamoyili qarz oluvchi o‘ziga olgan majburiyatlarni buzish sharoitida qarz beruvchining muldorlik manfaatlarini himoya qilishni ta’minlaydi va o‘zining amaliy aksini kreditni biror garov asosida yoki moliyaviy kafolat asosida berishda topadi.
To‘lovlilik tamoyili – bu tamoyil aylanma fondlarning doiraviy aylanishini, kengaytirilgan takror ishlab chiqarish jarayoning ta’minlovchi to‘lov resurslari summasini avanslashtirilgan zaruriyatidan kelib chiqadi. Bu tamoyilga asosan korxonalar foydalanilgan qarz mablag‘lari uchun kreditlarga foiz shaklida to‘lovni o‘tkazadilar. Kreditning to‘lovliligi uni to‘liq summada o‘z egasiga qaytarishigina emas, shu bilan kredit uchun foiz shaklidagi to‘lov bilan qaytarilishini ifodalaydi.
Kredit uchun haq to‘lashning iqtisodiy mohiyati qarz beruvchi va qarz oluvchi o‘rtasidagi qo‘shimcha olingan foydaning taqsimlanishini qayd qilishda namoyon bo‘ladi. Ko‘rib chiqilayotgan tamoyilning amaliyotda 3ta asosiy funksiyasini bajaruvchi bank foizi normasini o‘rnatish jarayonida namoyon bo‘ladi.
Huquqiy shaxslar foydasining va jismoniy shaxslar daromadining
taqsimlanishi;
Ishlab chiqarishni tartibga solish va ssuda kapitalining taqsimlanishi orqali tarmoq, tarmoqlararo va xalqaro miqyosda aylanishi;
Iqtisodiyot rivojlaishining inqirozli bosqichida bank mijozlarining pul mablag‘larini inflyasiyadan himoyalash va boshqalar.
Ssuda fondining stavkasi ssuda kapitalidan olingan yillik daromad summasining berilgan kredit summasiga nisbati bilan aniqlanib, kredit resurslarining bahosi sifatida namoyon bo‘ladi.
Kreditning maqsadliligi – bu tamoyilning mohiyati shundaki, qarz oluvchi tomonidan olingan kreditlar aniq bir maqsadni amalga oshirishga yo‘naltirilgan bo‘lishi zarur. Kreditning qaysi maqsadga yo‘naltirilganligi, masalan, tovar moddiy boyliklar sotib olishga yoki biror ishlab chiqarish xarajatlarini qoplashga va hakozo aniq biror ob’ektga maqsadli yo‘naltirilganligi korxona bilan bank o‘rtasida tuziladigan kredit shartnomada ko‘rsatilgan bo‘ladi. Korxona olgan kreditni faqatgina kredit shartnomasida ko‘rsatilgan ishni bajarishga sarflashi kerak. Bunda kredit aniq ob’ektga: ishlab chiqarish xarajatlariga, ishlab chiqarish zaxiralariga, tayyor mahsulotga, jo‘natilgan tovarlarga, hisob-kitob hujjatlariga va boshqalarga beriladi.
YUqorida keltirilgan tamoyillar kreditning iqtisodiy kategoriya sifatida mavjud bo‘lishi va harakat qilishining muhim tomonlarini o‘zida ifodalaydi.
Bizning fikrimizcha, bozor iqtisodiyoti sharoitida kreditning yuqorida keltirilgan tamoyillaridan tashqari, kreditdan oqilona foydalanishni ifodalovchi tamoyil kreditning samaradorligi tamoyilini kiritishimiz zarur. Bu tamoyil nafaqat kredit va foiz summasini bankka qaytarishni, undan tashqari shu kredit yordamida kreditlanadigan soha, tarmoq, korxona qancha samaradorlikka erishishini ifodalash zarur. Bozor iqtisodiyoti sharoitida beriladigan kreditlar ma’lum bir loyihalarning bajarilishiga yo‘naltirilgan bo‘ladi. Banklar loyihalarni kreditlashdan oldin loyihani bajarish uchun yo‘naltiriladigan mablag‘larni samaradorligini hisoblab chiqishlari zarur. Agar biz bozor iqtisodi yuqori rivojlangan mamlakatlarda kreditlash va loyihalarni moliyalashtirish amaliyotiga e’tibor beradigan bo‘lsak, bu mamlakatlarda korxona, tashkilotlarga kredit berishdan oldin qo‘yiladigan mablag‘larning samaradorligi hisob-kitob qilib chiqiladi. Agar loyihaga qo‘yiladigan mablag‘lar samara beradigan bo‘lsagina, shu loyiha uchun mablag‘ ajiratiladi. Har bir korxona va tashkilot uchun kreditdan foydalanishda uning samaradorligiga alohida e’tibar berish katta ahamiyatga egadir, chunki samaradorlik kreditning zaruriy shartlaridan biri hisoblanadi. Samaradorlik tamoyilining bo‘lishi va unga rioya qilish kreditning boshqa tamoyillarining bajarilishi uchun asos hisoblanadi. Samaradorlik kreditdan aniq, maqsadli foydalanishni taqazo etadi. Samaradorlik ko‘rsatkichi kredit qo‘yilmalar o‘rtacha qoldig‘ining 1 so‘miga to‘g‘ri keladigan realizatsiya qilingan tovaralr mahsulotning hajmini ko‘rsatadi.
Kreditni jalb qilish yordamida ishlab chiqarish sur’atlarining o‘sishi, tovarlarni sotish hajmini oshishi kreditning samaradorligini belgilab beradi.
Korxona kam kredit resurslari hisobiga ko‘p mahsulot sotuviga erishadigan bo‘lsa, kreditning samaradorligi shuncha yuqori bo‘ladi. Kredit resurslarining samaradorligi asosan ikki omil: realizatsiya qilingan mahsulotning hajmi va kredit resurslarining aylanish davriga bog‘liq.
Xulosa tariqasida shuni qayd etish lozimki, ular kreditlashtirish jarayonida o‘zaro uzviy bog‘liqlikda va aloqadorlipkda amal qiladi. Sub’ektlar tomonidan bu tamoyillardan biriga rioya qilmaslik, boshqa tamoyil talablarini ham buzilishiga olib keladi. Oqibatda, kredit munosabatlarida qiyminchiliklar vujudga kelishi kreditning iqtisodiyotga ijobiy ta’siri pasayishi mumkin. Kreditlashtirish samaradorligi banklar tomonidan kredit munosabatlarini tashkil etish jarayonida barcha tamoyillarni talablari har tomonlama inobatga olinganda yuqori bo‘lishi mumkin. Bunga kreditlashning shart-sharoitlari orqali erishiladi.
Bizga ma’lumki kredit munosabatlari ob’ektiv xarakterga ega bo‘lsa ham, har bir aniq holatdar ular banklarning faol ishtirokida tashkil etiladi. Bu jarayonlarni tashkil etishda banklar kreditlash tamoyillari va kreditlash shartsharoitlariga asoslanadilar. Kreditlashtirish shart-sharoitlari deganda - kreditlash jarayonini tashkil etish va amalga oshirish bilan bog‘liq bo‘lgan elementlarning majmuasi tushuniladi. Kreditlash shart-sharoitlari o‘z ichiga bir-biri bilan uzviy bog‘liq bo‘lgan kreditlashtirish ob’ektlari, usullari kreditga layoqatlilik, kredit shartnomasi va nazoratni qamrab oladi.
Kredit mexanizmini tashkiliy iqtisodiy elementlaridan biri kreditlash ob’ektlaridir. Kreditlash ob’ektlari deyilganda kredit beriladigan aniq maqsad yoki uning nimaga mo‘ljallanganligi tushuniladi. Xo‘jaliklarga beriladigan kreditlarni ishlab chiqarish fondlarining aylanishi bilan uzviy bog‘liqligi korxona va tashkilotlarni kreditlashtirish jaryonini 2 sferaga ajratishni taqazo etadi:
Asosiy ishlab chiqarish faoliyatini kreditlashtirish.
Kapital xarajatlar va quyilmalarni kreditlashtirish.
Kreditlashtirish bu tarzda 2 sferaga ajratish aylanma va asosiy fondlarning aylanishlaridagi xususiyatlar bilan belgilanadi. Ma’lumki, aylanma mablag‘lar o‘zlarining harakatchanligi aylanish tezligining kattaligi va ularni tashkil etishga beriladigan kreditlarning muddatini qisqaligi bilan ajralib turadi.
Asosiy fondlar esa, aksincha sekin harakat qiladi va bu harakat uzoq davr davomida o‘zining to‘liq ko‘rinishini olishi mumkin. SHuning uchun ham asosiy fondlarni kreditlashtirish jarayoni kredit munosabatlarini o‘ziga xos tarzda tashkil etishni taqazo etadi. Bu holat kapital xarajatlarni kreditlash jarayonida bank ssudalari asosiy fondlarni yangilash, kengaytirish, ta’mirlash va texnik jihatdan qayta jihozlash bilan bog‘liq bo‘lgan xarajatlarni mablag‘lar bilan ta’minlashga yo‘naltiriladi. Bu xarajatlar o‘z navbatida kapital quyulmalarni kreditlashtirishning asosiy ob’ektlari bo‘lib hisoblanadi.
Davlat byudjetining defitsiti sharoitida ko’pgina mamlakatlarda Markaziy bankning xukumatni kreditlash va davlat qarzini boshqarish funktsiyalari kuchayadi. Markaziy bank davlat qarzini boshqarish uchun turli usullardan foydalanadi. Masalan, davlat majburiyatlarining kurslariga ta’sir ko’rsatish maqsadida ularni sotadi va sotib oladi, sotish shartlarini o’zgartiradi, turli yo’llar bilan xususiy investorlar uchun ularni jozibadorligini oshiradi.
Davlatning vaqili (agenti) funktsiyasida, Markaziy bank mamlakatning oltinvalyuta zahiralaridan foydalanadi, milliy pul birligi kursini ushlab turish uchun valyuta bozorlarida valyuta interventsiyasi kabi vositalardan foydalanadi. Markaziy bank xalqaro valyuta-kredit tashkilotlarda o’z mamlakati nomidan qatnashadi.
Yuqorida aytib o’tilganlardan, umuman olganda, Markaziy bankning barcha funktsiyalari o’zaro bog’liqdir. Davlatga kredit berish orqali Markaziy bank kredit muomala vositalarini yaratadi. Xukumatning majburiyatlarini chiqarish va qoplash orqali, u ssuda foiziga ta’sir ko’rsatadi. Sanab o’tilgan funktsiyalari orqali Markaziy bank o’zining asosiy mamlakat pul-kredit tizimini tartibga solish funktsiyasiga asos yaratadi va iqtisodiyotni tartibga soladi.