PSIXOMETRIKA
Intelekt tushunchasi izohlanganda shunday deyish mumkin: birinchidan, bu insonning fikr yurita bilish qobiliyati, ikkinchidan yangi shart- sharoitni tushunib moslasha olish va uchinchidan turli muammolarni hal qila olish qobiliyati.
O`quvchilarni psixologik-pedagogik jihatdan o`rganish ularning tafakkuri, intellektual salohiyatini o`rganishni taqazo etadi. Intelektual rivojlanish xarakteristikalarida tushunchalar va mantiqiy ko`nikmalar mavjudligi, yangi tushunchalarni qabul qila olish imkoniyati va ularni adekvat tarzda tahlil qila olish malakalari alohida o`rinda turadi. Intellektual saviya ta’lim jarayonida shakllanadi. Odatda ta’lim maqsadlari bilim va ko`nikmalarni shakllantirish va tafakkurni rivojlantirishga qaratiladi.
SHunday ekan o`quvchilarning bilimlarini va intellektual saviyasini vaqti- vaqtida tekshirib turish lozim. Quyida taklif etilgan testlar tafakkurning rivojlanganligini o`rganishga mo`ljallangan. Bu testlar an’anaviy intellektual testlardan bir muncha farq qiladi.
Birinchi farq - test vazifalarining mazmunida. Metodikalarni ishlab chiqqanda o`quvchi tafakkurini rivojlantiruvchi asosiy manba-bu umumiy o`rta ta`limning bilimlar hajmini hisobga oldik. Albatta bilimlar maktabdan tashqarida ham o`zlashtiriladi, lekin ilmiy asoslangan va tizimli bilimlar faqat ta`lim muassasasida yo`lga qo`yilgan. Ta’lim dasturlarida o`quvchining intellektual rivojiga qo`yilgan, tizimlashtirilgan talab etalonlari mavjud. Bu etalonlarni jamiyatning rivojlanishi asoslaydi va taqozo etadi, ta`lim jarayonida amalga oshiradi va sinovdan o`tkazadi. Biz ularni «ijtimoiy-psixologik normativ» deb ataymiz. Bu tushuncha diagnostik usullarning boshqa texnikasi va natijalarini boshqacha tahlil qilishni talab qildi.
SHunday qilib bizning metodikalarimizning an’anaviy intellektual testlardan ikkinchi farqi - boshqacha reprezentatsiya usullaridan va natijalarning boshqacha tahlilida. Asosiy ko`rsatkich - natijalar «ijtimoiy - psixologik normativ»ga qaratilgan, individual va guruhiy ko`rsatkichlarning normasidan voz kechdik. Test vazifalarining to`liq hajmi «ijtimoiy - psixologik normativ» deb qabul qilinadi va testlarning individual natijalarini analiz va interpretatsiya qilganimizda shu normativga yaqinlik darajasi intellektual rivojning ko`rsatkichi hisoblanadi.
An`anaviy metodikalardan bu metodikalarning uchinchi farqi - nafaqat bugungi kunga kelib shakllangan intellektual saviyani o`lchash, balki saviyani qaysi yo`nalishda o`stirishni, bilimlarning kamchiliklari qaysi sohaga taaluqliligini aniqlab olish mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |