Ta’lim-tarbiya insonning kamolga yetishida yetakchi omildir, bular:
а) ta’lim va tarbiya jarayonida, kishi organizmining o‘sishi va muhitning stixiyali ta’siri berolmaydigan narsalarni o‘rganib olishi mumkin, masalan: savod chiqarish.
b) Ta’lim-tarbiya yordami bilan bolalarning ba’zi tug‘ma kamchiliklarini ham yaxshi tomonga o‘zgartirishi mumkin.
v) Ta’lim-tarbiya yordamida salbiy ta’sir natijasida yuz bergan kamchiliklarni tugatish mumkin.
g) Ta’lim va tarbiya o‘z oldiga maqsad va vazifalar qo‘yadi va komil inson tarbiyasini rivojlantirishni ko‘zlaydi.
d) ta’lim jarayonida bola bilimlar, ko‘nikma va malakalar hosil qilibgina qolmay, o‘zi ham kamolga yetishib boradi, bilim darajasini ongli ravishda oshiradi.
Demak, ta’lim-tarbiya tabiiy qobiliyatlarni rivojlantirishning, bolalarni komil inson qilib tarbiyalashning muhim omilidir.
Ma’lumki, bola psixikasi o‘yin, o‘qish o‘rganish, mehnat va turli ijtimoiy faoliyat jarayonlarida taraqqiy qiladi. Faoliyatning bu turlari bolaning o‘sishi va yosh xususiyatlariga mos ravishda o‘zgarib biri ikkinchisi bilan almashinib turadi. Masalan: maktabgacha tarbiya yoshidagi bolalarning asosiy faoliyati o‘yindir. Chunki, o‘yin bola tabiatining asosiy xususiyati hisoblanadi. Bola o‘yin orqali atrofdagi hayotni va kishilar o‘rtasidagi turli munosabatlarni bila boshlaydi.
Bolaning ulg‘ayishi bilan uning o‘yin faoliyati o‘qish faoliyati bilan almasha boshlaydi. Lekin maktabgacha tarbiya yoshidagi bolalarning o‘qisho‘rganishi hali-hali tizimli xarakterda bo‘lmaydi, balki o‘qish faqat maktabdagi faoliyatning asosiy turiga aylanadi. O‘qish faoliyati bolani shaxsiy sifatlarini tarkib toptirishda, malaka, odat, ko‘nikma, bilimlar hosil qilishda katta rol o‘ynaydi. Lekin bola shaxsining tarkib topishiga o‘yin, o‘qish va o‘rganish qancha ta’sir qilmasin, kishi shaxsi mehnatda takomillashadi va to‘la- to‘kis tarkib topadi.
Umuman bolalar psixologiyasi taraqqiyot omillarini har tomonlama hisobga oladi va tarbiyani taraqqiyotning qudratli omili deb hisoblaydi.
Bola shaxsini rivojlanishida jamoaning roli ahamiyatlidir. Chunki bolalar jamoada, jamoa ta’sirida madaniy va axloqiy jihatdan, shuningdek psixologik jihatdan tarbiyalanadilar.
Bunda bolalarda bir - biriga mexribonlik, o‘zaro yordam, faqat o‘zi to‘g‘risidagina emas, balki boshqalar to‘g‘risida ham o‘ylash, jamoa manfaatlarini o‘z manfaatlaridan yuqori qo‘yish kabi fazilatlar tarkib topadi. Jamoada turli yoshdagi bolalarning do‘stlik va o‘rtoqlik tuyg‘ulari rivojlanadi.
Shaxs faqat jamoa tufayligina o‘zini o‘stiradigan vositalarga va barcha imkoniyatlarga ega bo‘la oladi. Har bir odamning psixik taraqqiyoti turli psixik jihatdan normal, ba’zi birlari psixik taraqqiyotida akseleratsiya, ya’ni rivojlanishning tezlashuvi bo‘lishi mumkin. Ba’zi birlar psixik jihatdan normal, ba’zi birlari esa psixik jihatdan notekis rivojlanishi mumkin. Bolalarning psixik jihatdan notekis rivojlanishiga quyidagilar, ya’ni:
noqulay muxit (Amola, Kamola) yoki jamiyatdagi turli notinchliklar, masalan urush (II jahon urushi), 6,7 yoshli bolalarning o‘sishiga, 12,13 yoshli qiz bolalar va 13, 14 yoshli o‘g‘il bolalar o‘sishining har xilligi;
ta’lim-tarbiyaning noto‘g‘ri yo‘lga qo‘yilganligi;
voyaga yetayotgan shaxs faoliyatining noto‘g‘ri tashkil qilinishi;
asab ish faoliyatining buzilishi va haddan tashqari kasalliklarga ko‘p chalinaverish;
yosh xususiyatlarni hisobga olmaslik (ta’lim va tarbiya jarayonida);
sharoit (maktabdan, uydan va bog‘chadan borgan bolalarning rivojlanishi) kabilar sabab bo‘lishi mumkin.
Shuningdek, qattiq ta’sirlanish natijasida uzoq muddatga uyquga ketish hollari psixik rivojlanishni tekis rivojlanishiga va ba’zan vaqtincha to‘xtab qolishiga sabab bo‘lishi mumkin.
Ma’lumki, bolaning aql idroki, fe’l - atvori, voqelikka munosabati, psixik va jismoniy o‘sish xususiyatlari, uni taraqqiyoti bilan bog‘liq ravishda o‘zgarib turadi. Bu o‘zgarish uning faoliyati va hayot kechirishidagina emas, balki yoshiga ham bog‘liqdir. Masalan: 1 yoshli bola bilan 3 yoshli bola, 7 yoshli bilan 15 yoshli bola orasidagi farq yaqqol ko‘zga tashlanadi. Bu farq bolani jismoniy xususiyatlari bilan emas, balki psixologik xususiyatlari bilan ham bog‘liqdir. O‘sib, ulg‘ayish bolaning jismoniy taraqqiyoti bilan bog‘liq bo‘lsa, sifat o‘zgarishlari, bolaning psixik taraqqiyoti bilan bog‘liqdir. Bolada yuz beradigan sifat o‘zgarishlari birdaniga sodir bo‘lmay, asta-sekin yuzaga keladi. Bolalarni turli yosh davrlarga ajratishda ularning taraqqiyotida yuz beradigan sifat o‘zgarishlari, ya’ni ularning psixik taraqqiyoti jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilishi asos qilib olinadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |