5. Yozma manbalar tarixiy manbalarning muhim va asosiy turi. Ular
insonning ijtimoiy faoliyati, aniqrog’i odamlarning o’zaro munosabatining natijasi
o’laroq yaratilgan va o’sha zamonlarda yuz bergan ijtimoiy-siyosiy voqyealarni
o’zida aks ettirgan manba sifatida o’rta asr (VI—XIX asrlar) tarixini o’rganishda
muhim o’rin tutadi.
Yozma tarixiy manbalar o’z navbatida ikki turga bo’linadi: 1) Oliy va
mahalliy hukmdorlar mahkamasidan chiqqan rasmiy hujjatlar (yorliqlar, farmonlar,
inoyatnomalar va b.q.), moliyaviy hisobot daftarlari, rasmiy yozishmalar va 2)
tarixiy, geo-kosmografik hamda biografik asarlar.
Ijtimoiy-siyosiy, ayniqsa iqtisodiy munosabatlarga oid masalalarni
o’rganishda rasmiy hujjatlar, moliyaviy hisobot daftarlari va yozishmalarning
ahamiyati benihoyat kattadir. Rasmiy hujjatlar ijtimoiy-siyosiy hayotni ma’lum
huquqiy ko’rinishda bevosita va ko’p hollarda aynan qayd etishi bilan qimmatlidir.
Lekin ularning orasida, ayniqsa rasmiy yozishmalarda soxtalari ham uchrab turadi.
Shuning uchun ham ulardan foydalanganda alohida diqqat-e’tibor va ehtiyotkorlik
talab qilinadi. Hujjatlar ustida ish olib borganda, aniqrog’i undan biron ijtimoiy-
siyosiy voqyea yoki dalilni talqin etish uchun foydalanish jarayonida bir hujjat
bilangina kifoyalanmasdan, o’xshash bir necha hujjatni qo’shib o’rganmoq zarur,
chunki bitta hujjatda faqat bir kelishuv yoki bir dalil ustida gap boradi. Shuning
uchun faqat bir hujjat asosida ma’lum ijtimoiy-siyosiy masala ustida qat’iy fikr
yuritib bo’lmaydi.
Tarixiy, geo-kosmografik hamda biografik asarlar masalasiga kelganda,
avvalo shuni aytish kerakki, ular hukmron sinfning topshirig’i bilan yozilgan va shu
tufayli ularning sahifalarida ko’proq podsholar va xonlarning, amirlar va yirik
ruhoniylarning hayoti va faoliyati yoritilgan, moddiy boylik yaratuvchi mehnatkash
xalqning tarixi esa ko’p hollarda cheklab o’tilgan. Xullas, bu asarlarda hukmron sinfning
dunyoqarashi o’z ifodasini topgan, o’sha sinfning maqsad va manfaatlari himoya qilinadi.
Bu tabiiy hol, albatta. Lekin shuni sabab qilib, bu asarlarni e’tiborsiz qoldirish xato bo’lur
edi, chunki uzoq o’tmishda bo’lib o’tgan voqyealar tafsiloti faqat shu asarlarning
sahifalaridagina saqlanib qolgan. Qisqa qilib aytganda, o’tmishni bu asarlarsiz o’rganib
bo’lmaydi. Ammo ularni o’rganish jarayonida, ularning sahifalarida keltirilgan axborot va
daliliy ma’lumotlardan foydalanishda hushyor bo’lish, ya’ni ularga tanqidiy yondashish
talab qilinadi.
Tarixiy, geo-kosmografik va biografik asarlar bizgacha ko’p miqdorda yetib
kelgan va o’rta asr tarixini o’rganishda asosiy manbalardan hisoblanadilar.
Manbashunoslik tarix fanining bir qator yordamchi sohalari; paleografiya,
diplomatika, geraldika, sfragistika, epigrafika, numizmatika, metrologiya va xronologiya
qo’lga kiritgan yutuklarga tayanadi.
Paleografiya (yunon. paleo — qadimiy, grapxo — yozaman; qadimiy yozuv) qadimiy
qo’lyozma asarlarning qog’ozi, muqovasi, siyohi, yozuvi va yozish usullarini tekshiradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |