etish deganda uni mazmuniga qarab taxlil qilish, tushuntirish, g’oyaviy-siyosiy saviyasi
keltirilgan dalillarning to’g’riligi va nihoyat oldinga surilgan fikr va g’oyalar bilan
o’lchanadi. Shuning bilan bir qatorda, bunda asarning original (asl nusxa) yoki
kompilyasiya (terma) bo’lishi, to’la va qisqaligi, voqyealarning qay tarzda bayon etilishi
ham muhim ahamiyat kasb etadi, chunki, odatda, ilmiy tadqiqotlar olib borganda original
va nodir nusxalarga tayanib ilmiy tadqiqotda keltirilgan har bir dalil va hatto raqam nodir
manbalardan olinishi kerak. Kimningdir kitobida keltirilgan ma’lumotdan foydalanishdan
saqlanish lozim. Qanday qiyin bo’lmasin, birinchi manbani topib o’qish zarur.
Yana shunga ham e’tibor berish kerakki, sinfiy jamiyat sharoitida yozilgan asarlarning
mualliflari ko’pincha o’zlari keltirayotgan dalillardan to’g’ri xulosa chiqarmaydilar; ularning
fikrlarida noaniqlik, chalkashlik va qarama-qarshiliklar ham uchraydi. Bu tabiiy hol, albatta,
chunki ular yashab ijod etgan muhitning o’zi ziddiyatlar bilan to’lib-toshgandir.
Manbaning mazmunini tahlil etishda yana bir narsaga e’tibor berish lozim.
Muallifning dunyoqarashidagi sinfiy cheklanish, voqyealar va faktlar ustidan xulosa
chiqarganda yuz beradigan ziddiyat va qarama-qarshiliklar bilan bir qatorda, ayrim
hollarda xolisona fikr yuritish hollari ham bo’ladi. Bunday paytlarda muallif
ko’pincha o’z fikr va mulohazalarini pardozli iboralar va istiorali so’zlar orasiga
yashiradi, goroskop (odam tug’ilganda uning taqdirini yoki biron ulug’ shaxs
ishtirokida sodir bo’lishi mumkin bo’lgan muhim voqyeaning natijasini
sayyoralarning o’sha paytdagi holati va o’rniga qarab maxsus jadvallar vositasida
oldindan belgilash), shuningdek, ko’p asr avval bo’lib o’tgan va aynan muallif bayon
qilmoqchi bo’lgan voqyeaga o’xshash faktlarni misol tariqasida keltirish yo’li bilan
bayon etganlar. Bir-ikki misol keltiramiz. «Abdullanoma» asarining muallifi Hofiz
Tanish Buxoriy (XVI asr) mashhur Juyboriy xojalardan biri xoja Muhammad Islom
(taxm. 1493—1563) va uning «Yetti iklimning chaqqon hisobchilari» (bir bo’lganda
ham) yuzdan birini ham hisoblolmaydigan» behisob boyliklariga bo’lgan
munosabatini Tafsir va Hadis kitoblariga tayanib, mana shu so’zlar bilan ifodalaydi:
«Tafsirat ul-mubtadin» ning uchinchi misbohida (bobida) aytilganki, jahon a’yonlari
bo’lganliklari uchungina emas, (balki) unga tegishli bo’lishlari va mol-dunyoga hirs
qo’yishdan o’zini tiymaganliklari uchun yomondir. Shu bois hazrat risolat-panoh
(Muhammad payg’ambar) bu ma’nidan xabar berdi (va dediki) «Mol-dunyoni do’st
tutish har qanday gunohning boshidir». Ashtarxoniylardan Ubaydullaxonning
(1702—1711) kitobi muarrix Mir Muhammad Amini Buxoriy mazkur xonning
o’ldirilish sabablarini uning faoliyatidagi nuqsonlardan, aniqrog’i atrofiga tuban va
sotqin kishilarni to’plab olib, saltanat va xalq ahvolidan beparvo bo’lganligidan
qidiradi: «Ravzat us-safo» da aytilganki (jahon ustidan hukm yurgizishning) birinchi
sharti (shulki) hukmdor sir saqlay oladigan, muhim davlat ishlarida mustaqil fikrga
ega bo’lgan maslahatchilarni tarbiyalab yetkazmog’i zarur. Jahon ustidan hukm
yurgizishning ikkinchi sharti shulki, (hukmdor) o’ziga yetuk, oqil, vijdonli, kamtarin
va iste’dodli kishilarni yaqinlashtirmog’i lozim... Shunga o’xshash, «Siroj ul-
muluk» kitobida hikoya qilinganki, Nushirvon kunlardan bir kuni bosh kohindan
so’radi: «Davlatning inqiroziga sabab nima?» Bosh kohin javob qildi: «Buning
sababi uchta. Birinchisi, davlatning umumiy ahvoli oliy hukmdordan yashirin
tutilsa; ikkinchisi, xalq podshoga nafrat ruhida tarbiyalansa; uchinchisi, soliq
to’lovchilarning jabr-zulmi ortib ketsa». Mir Muhammad Amin Buxoriy yuqorida
aytilganlardan xulosa chiqarib bunday deydi: «Afsuski har uchala zarur shart sayyid
Ubaydullaxon hukmronligiga taalluqlidir... Podshoh hukmronligining ikkinchi
yarmida ilgari o’tgan podsholar tariqidan, ota-bobolarning tutimidan chetga chiqdi.
Tamom kuch-quvvatini tuban va zaif, sust va manfur kishilarni tarbiyalashga
sarfladi, ularni o’ziga yaqinlashtirdi; muttahamlar, haram xodimlari va xotinlar bilan
yaqin munosabatda bo’ldi. Mana shularning hammasi uning davlatini inqirozga
uchratdi».
Xulosa qilib aytganda, manbani ilmiy tahlil qilishdan kuzatilgan maqsad, uning
muhim va ilmiy tomonlarini aniqlash, unda keltirilgan dalillarning birinchi darajasidagisini
ikkinchi darajadagisidan, to’g’risini haqiqatdan yiroq bo’lganlaridan ajrata bilish hamda
eng muhimi asarda bayon etilgan voqyealarni (xolis tarixchi) nuqtai nazarida turib baholay
olishdan iboratdir.
Yana shuni ham aytish kerakki, manbani faqat uning bir o’zida keltirilgan dalil va
ma’lumotlarga qarab baholab bo’lmaydi. Ba’zi hollarda keltirilgan dalillar soxta, bayon
etilgan voqyea esa soxtalashtirilgan bo’lishi ham mumkin. Shuning uchun ham biron asar
haqida qat’iy bir fikr aytishdan avval uni o’ziga o’xshash boshqa asar bilan solishtirib
ko’rish, keltirilgan dalillarni bir-biri bilan solishtirish va tekshirish zarur. Busiz biron tarixiy
voqyeaga xolisona yondashib bo’lmaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: