PREZIDENT ASARIGA BAG‘ISHLANDI
O‘zbekiston Aloqa va axborotlashtirish agentligi Xorazm viloyat hududiy boshqarmasi, Xorazm viloyat axborot-kutubxona markazi, O‘zbekiston Xalq Demokratik partiyasi viloyat Kengashi va Urganch Davlat universiteti hamkorligida viloyat axborot-kutubxona markazida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning “O‘zbekiston mustaqillikka erishish ostonasida” kitobi mazmun-mohiyatini chuqur o‘rganish, uning mustaqillikni qadrlash, asrab-avaylash, mustaqkamlash va o‘zlikni anglashga da‘vat etuvchi tarixiy manba sifatidagi ahamiyatini keng targ‘ib etishga bag‘ishlangan amaliy konferentsiya bo‘lib o‘tdi. Konferentsiyada kitobxonlar, partiya faollari, tashkilot va korxonalarning rahbarlari va oliy o‘quv yurtlarining talabalari, yoshlar ishtirok etdilar.
-Mazkur kitobni o‘qib, har birimiz 20-22 yil oldingi davrga qaytamiz. Bu kitobni o‘qigan har bir kishi Prezidentimiz o‘sha vaqtdayoq kelajakni aniq tasavvur qilib, ezgu maqsad yo‘lida qat‘iyat bilan ish yuritganiga ishonch hosil qiladi. Chunki 80-yillarning oxirida mamlakatimizdagi ijtimoiy vaziyat juda tang holatga kelib qolganiga o‘zimiz guvoh bo‘lganmiz. Ayollar va bolalar salomatligi masalasida ham yuqorida hech kim qayg‘urmas edi, dedi konferentsiyada so‘zga chiqqan viloyat axborot-kutubxona markazi direktori Rahimboy Qurbonov. - Sog‘lig‘i zaiflashgan ayollar va bolalar o‘limi ko‘paygani yodimda. Aholi jon boshiga milliy daromad sobiq ittifoq davrida o‘rtacha darajadan ikki marta past bo‘lgan. Iste‘mol darajasi ham shunga yarasha edi. Prezidentimiz asaridan kelib chiqadigan dastlabki xulosa shuki, hammamiz o‘zimizga berilgan xizmat vazifamizdan kelib chiqqan holda bu kitobni nafaqat o‘qib, balki tahlil qilib, fikrlab, o‘z oldimizga yangi-yangi vazifalar qo‘yishimiz, jamiyatimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shishimiz kerak. Bugungi kunda iqtisodiyotimiz, qishloq xo‘jaligi rivoji uchun Prezidentimiz yangi va amaliy yo‘nalishlar berayapti. Xizmat turlarini ko‘paytirish, oilaviy biznesni kengaytirish qishloq aholisi o‘rtasida servis xizmatini rivojlantirish, tomorqadan samarali foydalanishni keng yo‘lga qo‘yish zarur.
O‘zbekiston Xalq Demokratik partiyasi viloyat kengashi raisi o‘rinbosari Alisher Yusupov Prezidentimizning “O‘zbekiston mustaqillikka erishish ostonasida” kitobi nashr etilishi ijtimoiy-siyosiy hayotimizda muhim voqea bo‘lganligini, unda mustaqillik yo‘lini tanlagan O‘zbekiston, xalqimiz hayotida ro‘y bergan siyosiy voqealar, yurtimizni milliy istiqlolga olib kelgan og‘ir va mashaqqatli kurash tarixining o‘chmas sahifalari o‘z ifodasini topganligini qayd etdi.
-Kitobda uzoq yillar hukm surgan va to‘qsoninchi yillar bo‘sag‘asida yemirila boshlagan sobiq ittifoq, o‘sha davrdagi beqarorlik, O‘zbekistonda vujudga kelgan o‘ta murakkab ijtimoiy-iqtisodiy vaziyat ro‘y-rost ochib berilgan, - dedi A.Yusupov. -Respublikamizning rahbari o‘zining birinchi ma‘ruzasidayoq “Biz bundan keyin eskicha yasholmaymiz va bunday yashashga zamon-ning o‘zi yo‘l qo‘ymaydi” deydiki, bunda ozodlik va hurlikka intilish ruhi yaqqol aks etadi. Biz bu asarni chuqur o‘rganishimiz, partiyadoshlarimizga, yoshlarimizga uning mazmun-mohiyatini har tomonlama tushuntirishimiz zarur. Shuningdek, O‘zbekistonning mustaqilligi osonlikcha qo‘lga kiritilmagani va unga erishish uchun astoydil harakat qilingani, og‘ir kunlar, mashaqqatli kurashlar tarixini bilishimiz zarur. Partiyamiz tizimida ham bu kitobni o‘rganish, muhokama etish xalq orasiga chuqur kirib borishda muhim omil bo‘ladi. Yurtimiz mustaqilligini mustahkamlash, uning qadr-qimmati nechog‘li baland ekanini har bir inson ongu shuuriga singdirishda O‘zXDPning faol ishtiroki muhim, deb o‘ylayman.
Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti Xorazm hududiy bo‘linmasi bosh mutaxassisi Masharif Bekchonov Prezidentimiz asari xalqimiz, keng jamoatchilik tomonidan katta qiziqish bilan kutib olinganligini, bu kitob mustaqillikka erishish yo‘lida 1989-1991 yillar davomida yurtimizda olib borilgan o‘ta og‘ir va mashaqqatli kurashlar, mustaqillikning dastlabki yili tarixiga doir noyob fundamental asar, istiqlol arafasida chuqur tanglik holatidagi O‘zbekistonni ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy inqirozdan olib chiqish borasidagi kurashlar aks etgan g‘oyatda bebaho manba ekanligini alohida ta‘kidladi.
- Kitobdagi tarixiy materiallarning kattagina qismi bevosita milliy tiklanish va o‘zlikni anglash, ya‘ni ma‘naviyat masalalariga bag‘ishlangan. Biz bu kitobni, ayniqsa, yoshlar ongiga singdirishimiz lozim. Chunki mustaqillik urug‘i sochilgan davrni tushunish kitob bilan tanishgan har bir inson uchun Istiqlolning qadriga yetishda ishonchli omil bo‘ladi, -dedi u. Urganch Davlat universitetining ma‘naviyat va ma‘rifat ishlari bo‘yicha prorektori, tarix fanlari nomzodi Sanjar Davletov: - Mustaqillikka erishish oson kechmagani, qanchadan-qancha og‘ir sinovlardan o‘tilgani, katta matonat va jasorat talab qilinganini odamlar, ayniqsa, yoshlar chuqur bilsa, mustaqillik qanday ne‘mat ekanini yurakdan his etadi, anglaydi, uni himoya etadi, -dedi.
- Ushbu kitobning tarixiy ahamiyati shundaki, u mustaqillik arafasida respublikamizda yuzaga kelgan og‘ir ijtimoiy-iqtisodiy ahvol, murakkab siyosiy vaziyat, sobiq markazdan turib o‘tkazilgan zug‘umlar, xalqimiz boshiga solingan kulfatlar aniq ma‘lumotlar, hujjatlar asosida ko‘rsatib berilgan. Mustaqillik yo‘lida tashlangan dastlabki qadamlar, kurashlar nechog‘li og‘ir bo‘lgani, ammo qat‘iy olib borilganini anglaymiz. Sobiq markaz paxta maydonlarini yil sayin ko‘paytirishni talab qilib turgan, bo‘sh yer borki, paxta ekishga majbur etilgan, plan qonunga aylangan, uni bajarmaslik jinoyat sanalgan bir paytda paxta maydonlarini qisqartirish, qishloq odamlariga yer ajratib berish-boshni garovga qo‘yish bilan barobar edi.
Kitobdagi hujjatlar mazmun-mohiyatiga, voqea-hodisalar rivojiga e‘tibor qaratib tahlil etilsa, davlatimiz rahbari Islom Karimov xalqimizni mustaqillikka olib chiqishni o‘z oldiga aniq maqsad qilib qo‘ygani va bu ulug‘ niyat yo‘lida qat‘iy kurash olib borganini anglaymiz.
“Kamolot” Yoshlar ijtimoiy harakati viloyat Kengashi bo‘limi mudiri Rayxon Davlatova ayni paytda yoshlar Prezidentimizning “O‘zbekiston mustaqillikka erishish ostonasida” asarini chuqur o‘qib-o‘rganayotganliklarini, asar yoshlarga tariximizni teran anglashda muhim omil bo‘layotganini bildirdi.
-Kitobni o‘qish jarayonida qattiq ta‘sirlandim. Chunki, biz yoshlar bilmagan, ammo bilishimiz zarur bo‘lgan qancha tarixiy voqealardan xabardor bo‘ldim. Mazkur kitobdan, bilishimiz kerak bo‘lgan juda muhim tarixiy hujjatlar o‘rin olgan. Ularni chuqur o‘rganish, tahlil qilish, mohiyatiga yetishimiz zarur. Yurtboshimiz o‘sha og‘ir sharoitda ham yoshlar to‘g‘risida ko‘p qayg‘urgan. Yosh kadrlarni tayyorlashni muhim vazifa sifatida kun tartibiga qo‘ygan. 1989 yildayoq talantli yoshlar uchun maxsus stipendiyalar ajratish, ularni nufuzli oliy o‘quv yurtlarida o‘qitish uchun hukumat zahirasidan katta mablag‘ ajratishgan. Istiqlol yillarida biz, yoshlar uchun hamma sharoitlar yaratildi.
Shuningdek, konferentsiyaning boshqa qatnashchilari ham kitobning Mustaqillik tarixini o‘rganish, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashdagi muhim ahamiyati haqida fikr yuritishdi. Prezidentimizning yangi kitobini qunt bilan o‘qib-o‘rganish, mazmun-mohiyatini xalqimiz ongiga yetkazish zarurligi qayd etildi. Konferentsiyada “O‘zbekiston mustaqillikka erishish ostonasida” kitobini soha xodimlari o‘rtasida keng targ‘ib qilish bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.
Elmira Hamidullina, viloyat axborot-kutubxona markazi direktori o‘rinbosari.
“Xorazm haqiqati” gazetasi
Do'stlaringiz bilan baham: |