Bog'liq Potensial xavfli ob’ektlarning xavfsizligini ta’minlash
sanoat xavfsizligi – xavfli ishlab chiqarish ob’ektlaridagi avariyalar va noxush hodisalardan hamda ularning oqibatlaridan shaxs va jamiyatning hayotiy muhim manfaatlari himoyalanganligi holati;
sanoat xavfsizligi deklaratsiyasiga hisob-kitob-tushuntirish xati – avariya xavfining asosli bahosi va avariyalarning oldini olish bo‘yicha ko‘rilgan chora-tadbirlarning etarliligini asoslovchi materiallar keltirilgan hujjat;
avariya ssenariysi – aniq xavfli oqibatlarga sabab bo‘luvchi avariyalarga olib keladigan, aniq tashkil etiladigan voqea sabab bo‘ladigan alohida mantiqan bog‘liq voqealarning izchilligi;
sanoat xavfsizligi ekspertizasi – ekspertiza ob’ektining unga qo‘yiladigan sanoat xavfsizligi talablariga muvofiqligini baholash;
xavfli ishlab chiqarish ob’ektining sanoat xavfsizligi deklaratsiyasi ekspertizasi (keyingi o‘rinlarda deklaratsiya ekspertizasi deb ataladi) – natijasi sanoat xavfsizligi deklaratsiyasi hisoblanadigan sanoat xavfsizligi deklaratsiyasining sanoat xavfsizligi me’yorlari va qoidalariga muvofiqligini baholash;
ekspert tashkiloti – belgilangan tartibga muvofiq ekspertiza o‘tkazish huquqi yuzasidan akkreditatsiyaga ega bo‘lgan tashkilot.
Xavfsizligi deklaratsiyalanishi kerak bo‘lgan xavfli ishlab chiqarish ob’ektlari: Qonun hujjatlariga muvofiq xavfli ishlab chiqarish ob’ektlarining birinchi tipiga muvofiq bo‘lgan loyihalanayotgan va faoliyat ko‘rsatayotgan xavfli ishlab chiqarish ob’ektlari sanoat xavfsizligini majburiy deklaratsiyalashga tegishli bo‘ladi.
Boshqa xavfli ishlab chiqarish ob’ektlarining sanoat xavfsizligini deklaratsiyalash ixtiyoriy asosda amalga oshiriladi.
Majburiy deklaratsiyalanishi kerak bo‘lgan xavfli ishlab chiqarish ob’ektlarini identifikatsiya qilish xavfli ishlab chiqarish ob’ektidan foydalanuvchi tashkilot, shuningdek sanoat xavfsizligi ekspertizasini o‘tkazish yuzasidan akkreditatsiyaga ega bo‘lgan ekspert tashkiloti tomonidan amalga oshiriladi.
Majburiy deklaratsiyalanishi kerak bo‘lgan xavfli ishlab chiqarish ob’ekti identifikatsiya qilingan taqdirda tashkilot rahbari ushbu ob’ekt to‘g‘risidagi ma’lumotlarni favqulodda vaziyatlar bo‘yicha tegishli hududiy boshqarmaga va «Sanoatkontexnazorat» davlat inspeksiyasining mintaqaviy organlariga, yuqori tashkilotga, vazirlik yoki idoraga (mavjud bo‘lganda) hamda xavfli ishlab chiqarish ob’ekti joylashgan hududdagi mahalliy davlat hokimiyati organiga taqdim etadi. Ma’lumotlar Nizomga ilovada keltirilgan shakl bo‘yicha rasmiylashtiriladi.
Favqulodda vaziyatlar bo‘yicha hududiy boshqarmalar va «Sanoatkontexnazorat» davlat inspeksiyasining mintaqaviy organlari har yili o‘zlarining markaziy apparatlariga, xavfsizligi majburiy deklaratsiyalanadigan xavfli ishlab chiqarish ob’ektlari ro‘yxatiga kiritish uchun umumlashtirilgan axborot taqdim etadilar.
O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi va «Sanoatkontexnazorat» davlat inspeksiyasi o‘zlarining bo‘linmalari tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarni hisobga olgan holda xavfsizligi majburiy deklaratsiyalanadigan xavfli ishlab chiqarish ob’ektlari ro‘yxatini shakllantiradilar va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga taqdim etadilar.