Ksilema (yeg’ochlik). Yeg’ochlik tarkibiga o’tkazuvchi, mexanik va asosiy parenxima to’qimalari kirib, uning ixtisoslashgan o’tkazuvchi elementlari traxeid va naylardir.
Traxeidlar bir necha mm uzunlikdagi prozenxima hujayralardan iborat. Shakllangan traxeidlar qalin hujayra devoriga ega bo’ladi va o’lik hujayralar hisoblanadi. Traxeidlarning hujayra qobig’i qalinlanish xususiyatiga ega. Ular halqasimon, spiralsimon, parvonsimon eki to’rsimon shag’llarda qalinlashadi. Traxeidlar tuzilishi jihatidan naylarga o’xshash, ammo ularga nisbatan oldin kelib chiqqan oddiy suv o’tkazuvchi element desa bo’ladi.
Naylar. Naylar uzun (bir necha sm yoki metr), ichi bo’sh hujayralarning tik qatoridan iborat. Ular parenxima hujayralarning tik qatoridan hosil bo’lib, ko’ndalang devorlari erib ketadi. Bir–birlari bilan yonma–yon joylashgan hujayralar nayga aylanadi. Har bir hujayra nayning ayrim a’zosi bo’lib qoladi. Hujayralarning ko’ndalang devorlarini erib ketishidan qolgan qismi perforatsion plastinka deb ataladi. Perforatsion plastinkada bir necha teshikchalar bo’lsa, parvonsimon per-foratsiyalar hosil bo’ladi. Agarda unda bitta yirik teshik bo’lsa, oddiy perforatsiya deb ataladi. Hujayra devorlarining qalin-lashish xarakteriga ko’ra halqasimon, spiralsimon, parvonsimon, to’rsimon va nuqtasimon naylar farq qilinadi.
Yog’ochlik tarkibidagi mexanik to’qima libriform yoki yog’ochlik deb ataladi. Ko’pchilik gulli o’simliklar yog’ochligi tarkibiga asosiy parenxima ham kiradi. Uning hujayralari butun yog’ochlik bo’ylab tarqaladi yoki uni atrofidan o’rab oladi, yoki naylarning bir tomonidan tik qatordan iborat parenxima hujayralarini hosil qiladi. Birlamchi va ikkilamchi yog’ochlik farq qilinadi. Birlamchi yog’ochlik o’simlikning birlamchi tuzilishidan, birlamchi yon meristemalar prokambiydan kelib chiqadi. Uning elementlari mayda, kuchsiz, yog’ochlangan naylardan, ya’ni halqasimon va spiral naylardan iborat proteksilemani hosil qiladi. Keyinroq hosil bo’lgan yog’ochlik elementlari ancha yirik bo’lib, metaksilema deb ataladi. Ikkilamchi to’qimalar o’simlik organlarini eniga o’sishini ta’minlaydi.
Floema (lub). Lub tarkibiga ham o’tkazuvchi element elaksimon naylar, mexanik to’qima va asosiy to’qima hamda ba’zan boshqa elementlar (sut naylari, smola kanallari) kiradi. Elaksimon naylar lubning funksional va muhim morfologik elementi hisoblanadi. Ularning vazifasi plastik moddalarni o’tkazishdan iboratdir. Elaksimon naylar mayda teshiklarga ega, ularni odatda elaksimon teshiklar deyiladi. Elaksimon naylar ikki tomonlama teshiklarga ega bo’lganligi uchun elaksimon kanallar ham deb yuritiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |