Qo‘zg‘atuvchilarning belgilari. Sphaerotheca fuliginea. Zamburug‘ning pushti-kulrang tusli mog‘or qatlami ko‘pincha bargning ostki tomonida rivojlanadi. Konidiyalar zanjirchalarda, ellipsoid, silindr, yoki ko‘pincha bochka shaklli, o‘lchami 20-40x11-22 mkm. Kleystotetsiylar ba’zan ancha ko‘p, ba’zan esa kam miqdorlarda paydo bo‘ladi. Ular shar shaklli, mo‘rt, to‘q-qo‘ng‘ir rangli, diametri 50-100 mkm, bitta xaltachali. O‘simtalari odatda oz miqdorda, kalta, oddiy, buralgan shaklli, och-qo‘ng‘ir yoki to‘q-qo‘ng‘ir tusli yoxud rangsiz. Xaltachalar keng tuxum yoki deyarli shar shaklli, sarg‘ish tusli, o‘lchami 55-82x45-77 mkm, ichida 5-8 askospora mavjud. Askosporalar 1 hujayrali, rangsiz, ellipsoid yoki deyarli shar shaklli, o‘lchami 16 - 25 x 11 -15 mkm.
Kurash choralari. Chidamli navlar yaratish va qo‘llash; sog‘lom o‘simliklardan olingan puxta saralangan samarali fungitsid bilan dorilangan urug‘lik ekish; kasallik boshlanishi bilan ekinga fungitsid, jumladan Bayleton 25% n. kuk. (0,2-0,6 kg/ga), Karatan LS 50% em. k. (0,5-1,0 l/ga), Topsin-M 70% n. kuk. (0,8-1,0 kg/ga), kolloid yoki n. kuk. shaklidagi oltingugurt (2,0-4,0 kg/ga), OOQ (0,5-1°li eritma) va boshqalarni 1 yoki 2 marta purkash; issiqxona devorlari, shifti, jihozlari va tuproqni zararsizlantirish, o‘simliklarni iliq suv bilan sug‘orish, shamollatib turish; issiqxona va daladan o‘simlik qoldiqlarini yo‘qotish, ularni begona o‘tlardan toza holda tutish; dalani chuqur kuzgi shudgor qilish, almashlab ekish tavsiya qilinadi (Andreyeva, 1960; Gamalitskaya, 1960; Golovin, 1960; Kulakova, 1977; Pidoplichko, 1977a; Peresipkin, 1982; Gaponenko, 1983; MacNab et al., 1983; Fletcher, 1987; Bernhardt et al., 1988; Vyangelyauskayte i dr. 1989; Smev, Mizunov, 1991).
Poliz ekinlarida soxta un-shudringni Perenoplasmopara cubensis (sinonimi Pseudoperenospora cubensis) oomitset zamburug‘i qo‘zg‘atadi. Kasallikka barcha poliz ekinlari moyil, ammo ko‘pincha bodring va mushk qovunga katta zarar yetkazadi.
Soxta un-shudring O‘zbekistonda tarqalishi haqida adabiyotda ma’lumotlar kam (Lyan, Hoshimxo‘jayeva, 2007); O‘HQI xodimlari kuzatuvlarida (SH.T.Xodjayev) Farg‘ona vodiysida issiqxonalarda ekiladigan bodringda keng tarqalganligi aniqpangan.
Zararlangan barglarda mayda tomirchalar oralarida joylashgan, serqirra oqish dog‘lar paydo bo‘ladi, keyinroq ular sarg‘ayadi yoki qo‘ng‘ir tus oladi, barg olachipor bo‘lib qoladi. Dog‘lar so‘ngra bir-biriga qo‘shilib ketadi va qo‘ng‘ir tus oladi. Bargning ostki tomonidagi dog‘lar ustida mayin oqish yoki och-kulrang mog‘or qatlami rivojlanadi, yuqori namlik sharoitida bu qatlam kulrang, to‘q-qizg‘ish yoki binafsha tus oladi. Zararlangan barglar qotib, qurib qoladi. Kuchli zararlangan o‘simliklar barglarining ko‘pchiligi to‘kilib ketadi, natijada hosil pasayadi.
Kasallik yomg‘ir tomchilari va shamol orqali hamda ishchilar kiyimlari va asbob-uskuna vositasida tarqaladi. Yuqori namlik va nisbatan past harorat kasallik uchun qulay hisoblanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |