187
188
3. Tashabbuskor yoshlar – Yangi O’zbekiston kelajagi.
O’zbekiston jami aholisining 60 foizdan ortig’ini yoshlar tashkil etadi. Shuning uchun
O’zbekistonda yoshlarning hayotiy maqsadlarini ro’yobga chiqarish uchun zarur bo’lgan barcha
sharoit yaratilib, ularning muammolari davlat siyosati darajasida hal etilmoqda.
Xususan, keyingi besh yilda yoshlar siyosatiga oid jami 77 ta qonun va qonunosti hujjatlari,
jumladan, 2016 yil 14 sentabrda Yoshlarga oid davlat siyosati to’g’risidagi O’zbekiston
Respublikasi qonuni qabul qilindi.
Alohida ta‘kidlash joiz, 2017-2021 yillarda O’zbekiston Respublikasini rivojlantirishning
beshta ustuvor yo’nalishi bo’yicha Harakatlar strategiyasida ham yoshlar masalasi ustuvor o’rin
egallagan.
2017 yil 30 iyunda mamlakat yoshlari hayotida yangi sahifa ochildi: Davlat rahbari
tashabbusi bilan O’zbekiston yoshlar ittifoqi tashkil etilib, uning asosiy maqsadi yoshlarning
barcha tashabbuslarini qo’llab-quvvatlash va amalga oshirishga qaratildi. O’z navbatida, Prezident
taklifiga ko’ra, O’zbekiston Respublikasida yoshlar kunini belgilash to’g’risidagi qonun bilan 30
iyun Yoshlar kuni deb e‘lon qilindi.
Ayni damda yoshlarning har tomonlama kuchli, salohiyatli, ilm-ma‘rifatli, vatanparvar
shaxslar sifatida unib-o’sishlari yo’lida qator tuzilmalar samarali faoliyat yuritib kelmoqda. Oliy
Majlis Senatining Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo’mitasi, Qonunchilik palatasi
huzuridagi Yoshlar masalalari bo’yicha komissiya, Quyi va Yuqori palata qoshidagi Yoshlar
parlamentlari, Yoshlar ishlari agentligi, Yoshlar ittifoqi, Yoshlar muammolarini o’rganish va
istiqbolli kadrlarni tayyorlash instituti, Innovatsion rivojlanish vazirligi qoshidagi Yoshlar
akademiyasi va boshqalar shular jumlasidandir.
O’zbekistonda yoshlarga oid davlat siyosatini 2025 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi, 2019-
2023 yillarga mo’ljallangan Jismoniy tarbiya va ommaviy sportni rivojlantirish konsepsiyasi, 2020-
2025 yillarga mo’ljallangan Kitobxonlikni rivojlantirish va qo’llab-quvvatlash milliy dasturi doirasida
amalga oshirilayotgan say-harakatlar esa, yoshlar muammolari va ularni qiynayotgan muammolarni
bevosita davlat darajasida ko’rib chiqish va hal etish imkonini ta‘minlamoqda.
Ana shu kabi mislsiz imkoniyat va shart-sharoitlardan bugun yoshlarimiz o’z orzu-umidlari,
intilishlari va maqsadlarini ro’yobga chiqarish yo’lida hech ikkilanmay foydalanishayotgani, g’ayrat-
shijoatli, fidoyi va tashabbuskor yigit-qizlar safi tobora kengayib borayotgani quvonarlidir.
Yana bir mulohaza. Bugun barcha har kuni, har soatda yosh avlodning dardu tashvishi,
qayg’usi bilan yashamog’i, bu borada davlat rahbaridan ibrat olmog’i darkor.
Zero, Prezident g’oyasi bilan O’zbekistonda ilk bor ishsiz yoshlar bandligini ta‘minlashga
qaratilgan mutlaqo yangi tizim – Yoshlar daftarining joriy etilishi o’z vaqtida ko’rilgan muhim chora
bo’ldi. Bu tizim asosida o’tgan qisqa davr ichida respublikadagi 8 714 ta mahallada yashayotgan 18-
30 yoshdagi jami 6 484 806 nafar yigit-qizning 5 451 442 nafari, yoki 84 foizi bilan yuzma yuz
muloqotlar o’tkazildi. Suhbatlar asosida 682 787 nafar ijtimoiy himoyaga, iqtisodiy va psixologik
qo’llab-quvvatlashga muhtoj, ishsiz shaxslar Yoshlar daftariga kiritildi.
Hududiy va mahalliy hokimliklar qoshida Yoshlar daftariga kiritilgan yigit-qizlarning
muammolarini hal qilishga ko’maklashish uchun Yoshlar jamg’armalari tashkil etilib, 113,5
milliard so’mdan ortiq mablag’ ajratildi. Ayni vaqtga qadar ushbu mablag’ning 4,6 milliard so’mi
yoshlar manfaatlari uchun yo’naltirildi.
Yoshlar kelajagimiz Davlat dasturi doirasida esa, 8 635 ta biznes loyihaga jami 1 trillion 830
milliard so’m miqdorida imtiyozli kreditlar ajratilib, 42 421 ta yangi ish o’rni yaratildi. Shuningdek,
Davlat dasturi doirasida yoshlarning 31,4 milliard so’mlik 63 ta loyihasiga jamg’arma kafilligi taqdim
etilib, ularning tadbirkorlik faoliyatini boshlashiga yaqindan ko’maklashildi.
Hududlarda 19 ta Yosh tadbirkorlar kovorking-markazi hamda 212 ta Yoshlar mehnat guzari
kompleksi foydalanishga topshirilib, ularda jami 2 380 ta yangi ish o’rni yaratildi.
Umuman, so’nggi uch yil ichida 841 147 nafar yoshning o’z ish joyiga ega bo’lgani juda
katta natija ekanini alohida ta‘kidlash joiz. 2018 yil sentabr oyida tashkil etilgan El-yurt umidi
jamg’armasi orqali esa, ilm-fanga chanqoq, iste‘dodli yoshlarimizning yetakchi xorijiy oliy o’quv
yurtlarida bakalavr, magistratura va doktoranturada o’qishlari uchun grantlar ajratilmoqda.
189
Bugunga kelib, mazkur jamg’arma madadi bilan o’qishga yuboriladigan yoshlar soni 5 barobarga
oshirildi. 2021 yilda tasdiqlangan davlat byudjeti parametrlariga ko’ra, jamg’arma dasturlarini
moliyalashtirish uchun 62 milliard so’m ajratildi.
Muxtasar aytganda, O’zbekistonda yoshlarga oid davlat siyosati aniq maqsadlarni ko’zlagan
holda, bosqichma bosqich, kompleks chora-tadbirlarga tayanib izchil davom ettirilmoqda.
Bu borada Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ijtimoiy, ma‘naviy-ma‘rifiy
sohalardagi say-harakatlarni tizimli ravishda yo’lga qo’yish bo’yicha 5 ta muhim tashabbusning
ilgari surilishi yangi O’zbekistonning yangi tarixida yana bir inqilobiy bosqichga asos soldi.
Davlat rahbarining bu ezgu g’oyasi O’zbekiston xalqi, ayniqsa, yoshlari tomonidan katta
qiziqish bilan qarshi olinib, qisqa vaqt ichida mamlakat bo’ylab keng quloch yozdi.
Darhaqiqat, har qanday davlatning yuksak taraqqiy etishi, xalqining farovonligi yoshlarga
yaratib beriladigan imkoniyat va qulayliklar bilan baholanadi. Ya‘ni mamlakat taraqqiyotiga
kiritiladigan yuqori samarali sarmoya yoshlar ta‘lim-tarbiyasiga yo’naltirilgan investitsiya ekani
tarix isbotlagan haqiqat. Shu ma‘noda, yangi O’zbekistonning Uchinchi Renessansga dadil qadam
qo’yishi zamonaviy innovatsion bilimlarni egallagan, har tomonlama yetuk va barkamol, inson
kapitali sohibi bo’lgan yosh avlodning ertangi kuchli intellektual salohiyati, iqtidori va
qobiliyatiga bog’liq. Tadqiqotlardan ma‘lum bo’lishicha, shaxsning 3 yoshidan 22 yoshigacha
bo’lgan davrida unga sarflanadigan investitsiya kelgusida 19-22 barobar ko’p foyda berar ekan.
Shu bois, O’zbekistondagi barcha o’zgarishlarning negizi hisoblangan ta‘lim-tarbiya
tizimida ham tub islohotlar olib borilmoqda. Ayni vaqtda ta‘lim, shu jumladan, ijtimoiy soha
uchun sarflanayotgan xarajatlar miqdori davlat byudjeti xarajatlari umumiy qiymatining yarmidan
ko’pini tashkil etmoqda. Tabiiyki, bunday katta xarajatlarni har qanday davlat ham ko’tara
olmaydi, ammo qanchalik og’ir bo’lmasin, mamlakatimizda buning uchun zarur mablag’ va
resurslar izlab topilmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyev mazkur xarajatlarni xarajat emas, balki kelajak uchun
qo’yilgan sarmoya deb hisoblab, ta‘lim darajasi va sifati davlatning istiqbolini belgilab beradigan
muhim omil ekanini ta‘kidlamoqda.
Bil‘aks, mamlakat ta‘lim tizimida bola tug’ilganidan boshlab, 30 yoshgacha bo’lgan davrda
uni har tomonlama qo’llab-quvvatlaydigan, hayotda munosib o’rin topishi uchun ko’mak
beradigan yaxlit va uzluksiz tizim yaratish yo’lida amaliy say-harakatlar olib borilmoqda. Bu
jarayonda, birinchi navbatda, farzandlarimizga bog’cha, maktab va oliy o’quv yurtida sifatli
ta‘lim-tarbiya berishni yo’lga qo’yish, ularning jismoniy va ma‘naviy sog’lom, vatanparvar
insonlar bo’lib ulg’ayishi uchun barcha kuch va imkoniyatlarni safarbar etish ko’zda tutilmoqda.
Shuningdek, yoshlarni zamonaviy bilim va tajribalar, milliy va umumbashariy qadriyatlar asosida
mustaqil va mantiqiy fikrlaydigan, ezgu fazilatlar egasi bo’lgan insonlar etib voyaga yetkazishga
alohida e‘tibor qaratiladi.
Bir so’z bilan aytganda, yoshlarning ta‘lim-tarbiya olishi, kasb-hunar egallashi, yetuk va
komil shaxslar bo’lib ulg’ayishi yo’lida zamonaviy, qulay, ilg’or va innovatsion shart-sharoitlarni
yaratib berish uchun O’zbekiston bor kuch-imkoniyatlarini ishga solmoqda. Maqsad – Uchinchi
Renessans poydevorini yaratish, mamlakatimiz dunyoning eng taraqqiy etgan davlatlari qatoriga
chiqishi uchun intellektual va ma‘naviy yetuk, tashabbuskor yoshlarni yangi O’zbekistonning
drayveriga aylantirishdan iborat.
Shuning uchun ham, O’zbekistonda jamiyatning eng faol qatlami sifatida e‘tirof etiluvchi yosh
avlodga muammo deb emas, balki ertangi taraqqiyotni ta‘minlovchi katta kuch, davlatning
strategik
resursi, deb qaralmoqda. Natijada yuksak bilimli, g’ayrat-shijoatli, zamonaviy fikrlaydigan,
mustaqil, qat‘iy pozitsiyaga ega yoshlar hal qiluvchi kuchga aylanib bormoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |