4.1-rasm. Davlat pensiya ta’minoti tizimining huquqiy-me’yoriy asoslari
Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 39-moddasida ”Har kim qariganda, mehnat layoqatini yo‘qotganda, shuningdek boquvchisidan mahrum bo‘lganda va qonunda nazarda tutilgan boshqa hollarda ijtimoiy ta’minot olish huquqiga ega. Pensiyalar, nafaqalar, ijtimoiy yordam boshqa turlarining miqdori rasman belgilab qo‘yilgan tirikchilik uchun zarur eng kam miqdordan oz bo‘lishi mumkin emas”ligi belgilab qo‘yilgan”.
O‘z navbatida, ijtimoiy ta’minot – keksaygan, mehnatga layoqatsiz bo‘lgan va boquvchisini yo‘qotgan fuqarolarga moddiy, tibbiy va ijtimoiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha davlat tomonidan belgilangan ijtimoiy-iqtisodiy tadbirlar tizimini ifoda etadi va ijtimoiy himoyaning muhim tarmog‘i hisoblanadi.
Ijtimoiy ta’minot to‘g‘ridan-to‘g‘ri davlat byudjetidan ajratiladigan mablag‘lari, homiylar (turli jamg‘arma va tashkilotlar, yuridik va jismoniy shaxslar) mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi. Ijtimoiy ta’minot miqdori va taqdim etish tartibi milliy urf-odatlar va xalqaro me’yorlarga asosan ishlab chiqilgan qonunchilik hamda davlatning iqtisodiy imkoniyati doirasida amalga oshiriladi. Pensiyalar (keksalik bo‘yicha, nogironlik bo‘yicha, boquvchisini yo‘qotganlik bo‘yicha va ijtimoiy nafaqa (nogiron bolalarga, bolalikdan nogironlarga, ishlamagan yolg‘iz nogiron va keksalarga) to‘lovlari ijtimoiy ta’minotning eng muhim turlari hisoblanadi. Qariyalar va nogironlarga ijtimoiy xizmat ko‘rsatish – nogironlarni “Muruvvat” uylariga, yolg‘iz qariyalarni “Sahovat” uylariga joylashtirish, muhtojlarni protezortopediya va harakatlanish vositalari bilan ta’minlash, nogiron bolalarni kasbga o‘qitish va ishga joylashishda yordam ko‘rsatish, pensionerlarni sanatoriy va dam olish uylarida sog‘lomlashtirish, ularga shahar jamoa transportlaridan foydalanishda, turar joy, maishiy xizmat va soliklarga aloqador imtiyozlar berish ijtimoiy ta’minotda katta rol o‘ynaydi.
O‘zbekistonda ijtimoiy ta’minot tizimi 20-asrning 20-yillari boshidan shakllana boshlangan. O‘zbekiston Respublikasi mustaqillikka erishganidan so‘ng 90-yillar boshidan bozor munosabatlariga o‘tish va ijtimoiy-iqtisodiy tizimni isloh qilish davrida aholini, ayniqsa nochor guruxlarni aniq manzilli va maqsadli ijtimoiy himoya qilish tizimi barpo etildi, pensiya jamg‘armasi, ijtimoiy nafaqalar, pensiyalar va nafaqalar indeksatsiyasi kabi tushunchalar va tuzilmalar amal qila boshladi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida belgilangan “pensiyalar, nafaqalar, ijtimoiy yordam boshqa turlarining miqdori rasman belgilab qo‘yilgan tirikchilik uchun zarur eng kam miqdordan oz bo‘lishi mumkin emas”ligi quyidagilarni nazarda tutadi: tirikchilik uchun zarur eng kam miqdor odamzod normal hayot kechirishi uchun zarur bo‘lgan oziq-ovqat va nooziq-ovqat mahsulotlari hamda xizmatlarni o‘z ichiga oladi; olinayotgan daromad yashash uchun zarur bo‘lgan eng muhim ehtiyojlarni qondirishga etishi kerak.
Aksariyat taraqqiy etgan mamlakatlarda aholiga beriladigan ijtimoiy nafaqalar aynan “iste’mol savati”ga, unda qayd etilgan ko‘rsatkichlarga ko‘ra belgilanadi. Dunyoning rivojlangan mamlakatlarida “iste’mol savati” degan “o‘lchov birligi” allaqachon huquqiy tartibga solingan. Yurtimizda bundan bir necha oy ilgari jamoatchilik muhokamasiga taqdim etilgan 2018 yilgi Davlat dasturi loyihasida mazkur masala alohida tilga olinib, “iste’mol savatchasi”ga oid munosabatlarni huquqiy tartibga solish lozimligi ta’kidlangandi.
“Iste’mol savati”dan qanday mahsulotlar o‘rin oladi? Masalan, Rossiyada mehnatga yaroqli kishi bir yil davomida: non mahsulotlari (un, yorma va dukkakli o‘simliklardan tayyorlangan non va makaron)dan 126,5 kg, kartoshkadan 100,4, sabzavot va poliz mahsulotlaridan 114,6, sarxil meva-chevadan 60, shakar va qandolat mahsulotlaridan 23,8, go‘sht mahsulotlaridan 58,6, baliqdan 18,5, sut va sut mahsulotlaridan 290 kg, 201 dona tuxum, yog‘ va yog‘ mahsulotlaridan 11, boshqa mahsulotlar (tuz, choy, ziravorlar)dan 4,9 kg iste’mol qilishi belgilab qo‘yilgan. Shuningdek, nooziq-ovqat mahsulotlari hamda xizmat ko‘rsatish narxi oziq-ovqat mahsulotlari bahosiga nisbatan belgilangan. Xususan, nooziq-ovqat mahsulotlari hamda xizmatlar narx-navosi aholining barcha qatlami uchun oziq-ovqat mahsulotlari qiymatining 50 foiziga teng bo‘lishi nazarda tutilgan.
AQShda ushbu “savat”ga 300 xil mahsulot kiritilgan bo‘lsa, Frantsiyada 250, Angliyada 350, Germaniyada 475 xil mahsulot aholi iste’moli uchun zarur deb topilgan. AQShda qo‘shimcha — “oziq-ovqat rejasi” (Food Plan) degan tushuncha ham bor. U qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan to‘rt xil variantda, ya’ni tejamkor, past, o‘rtacha va erkin reja tarzida ishlab chiqiladi. Tejamkor reja (Thrifty Food Plan)da oziq-ovqat uchun talon berish yo‘llaridan foydalaniladi. Ular oziq-ovqat (asosan, non va un mahsulotlari, sut va sut mahsulotlari, yog‘, go‘sht, tuxum, poliz va sabzavotlar, meva va boshqalar) hamda nooziq-ovqat mahsulotlari (asosan, kiyim-kechak, sanitariya va gigiena mahsulotlari, maktab va ta’lim olish, oddiy kundalik xizmatlar) bo‘lib, masalan, yilning aksariyat qismida iliq va sovuq ob-havo hukmronlik qiladigan yurtlarda isitish tizimi sifati “iste’mol savati”dan albatta joy oladi. Mazkur tendentsiya pulning qadrsizlanishi, turli tabiiy va sun’iy omillar ta’sirida yashash sharoitining keskin qimmatlashishi yoki arzonlashishiga qarab o‘zgarishi mumkin. Qolaversa, davlatlarda amal qilinayotgan “iste’mol savatlari” bir-biridan tur, hajm, miqdoriga ko‘ra farqlanadi. Unda o‘sha davlatdagi iqlim sharoiti, aholi ehtiyojlari va albatta, mamlakatning iqtisodiy qudrati ham hisobga olinadi. Umuman, “iste’mol savati” aslida davlat va xalq o‘rtasida aloqa vositasi bo‘lib, ikki institutning o‘zaro roziligi, birdamligi uchun xizmat qiladi. Aniqrog‘i, bu davlatning o‘z fuqarosini minimum darajada rozi qilishi, ehtiyojlarini eng past darajada bo‘lsa-da qondirishi va shu tariqa hayotga bo‘lgan mehrini bir maromda ushlashi, mehnat faolligini mustahkamlashiga xizmat qiladi.
Iste’mol savati – muayyan vaqt (oy, yil) da iste’mol etiladigan mahsulotlar turi va to‘plamining oila yoki jon boshiga hisoblangan miqdori. Kishi yoki oila oylik (yillik) hisobiy tovarlar (xizmatlar) iste’molining tipik darajasi va tuzilmasini tavsiflaydi. Moddiy o‘lcham va pul shaklida hisoblanadi. Bunday to‘plam amaldagi narxlarga ko‘ra iste’mol savatidan kelib chiqib minimal iste’mol byudjeta (tirikchilik minimumi)ni hisoblab chiqishga xizmat qiladi. Iste’mol savati foydalanish maqsadiga ko‘ra, oziqovqat mahsulotlari (go‘sht va go‘sht mahsulotlari, tuxum, sut va sut mahsulotlari, un, guruch, non va yorma, shakar, o‘simlik moyi, mevasabzavot va b. mahsulotlar), nooziq-ovqat tovarlari (kiyim-kechak, gazlama, poyabzal, mebel, uy jihozlari, xo‘jalik buyumlari, madaniy tovarlar va b.) va madaniy-maishiy xizmatlar, shu jumladan, pulli ijtimoiy xizmatlar (maishiy texnikalar tizimi, kir yuvdirish, kimyoviy tozalash, tomoshalar ko‘rish, pulli davolanish, pulli o‘qish va b.) ga ajraladi. Iste’mol savatiga kiritiladigan mahsulotlar avval mikdoran belgilanadi, so‘ngra pulga chaqilib, qiymati aniqlanadi. Odatda, minimal iste’mol savati, ya’ni eng zarur iste’mol belgilanadi. Iste’mol savati milliy xususiyatga ega bo‘lib, muayyan mamlakatning iqtisodiy darajasi, iste’mol tarkibini inobatga olgan holda ishlab chiqiladi. Iste’mol savatiga turli mikdordagi tovarlar va xizmatlar kiritiladi. Iste’mol savati mamlakatning iqtisodiy qudrati va aholi iste’mol xususiyatlariga ko‘ra, har bir davlatda har xil bo‘lishi mumkin27.
Aslida yashash minimumi ko‘rsatkichlarini davlat ijtimoiy siyosat yuritish jarayonida qo‘llaydi. Xususan, aholining turmush darajasini baholash uchun yashash minimumidan past, teng va yuqori daromadga ega oilalar miqdori aniqlanadi. Shu asosda aholining kam ta’minlangan qatlamiga g‘amxo‘rlik ko‘rsatish borasida manzilli ijtimoiy yordam dasturi ishlab chiqilib, amalga oshiriladi. Xalqaro ekspertlarning hisob-kitobiga ko‘ra, 16 yoshdan katta o‘smirlar yil mobaynida hech bo‘lmaganda 18,5 kg baliq, 58,6 kg go‘sht, 60 kg meva, 114,6 kg sabzavot, 126,5 kg non mahsulotlari iste’mol qilishi lozim. Bundan tashqari, 16 yoshdan kattalar uch yarim yilda 6 juft poyabzal kiyishi, etti yarim yilda yangi palto yoki kurtka olishi, yiliga uch juft o‘quv quroli sotib olishga qodir bo‘lishi zarur29.
Yurtimizda ham “iste’mol savati” tushunchasini hayotga tatbiq etish hamda uning tarkibini haqqoniy tarzda shakllantirish mezonlarini joriy etish ishlari boshlangan. Aniqrog‘i, xorijning eng ilg‘or tajribalaridan foydalanib, aholining munosib yashashi uchun zarur bo‘lgan ehtiyoj, xarajat va servislarni hamda ularni minimum darajada qanoatlantiradigan daromad miqdorini aniq belgilab olish ko‘zda tutilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |