3.3. Pensiya ta’minoti holatini baholovchi ko’rsatkichlar Pensiya to’lovlarini taqdim etish shartlari va me’yorlarining, mamlakatdagi demografik va iqtisodiy ahvolning pensiya tizimlarining moliyaviy holatiga ta’sirini o’lchash va baholash maqsadida bir qator ko’rsatkichlardan foydalaniladi. Mazkur ko’rsatkichlar bir tomondan pensiya to’lovlari aholining moddiy ehtiyojlarini qondirish darajasini ifodalasa, boshqa tomondan pensiya tizimining moliyaviy holati haqida axborot beradi.
3.1-jadval
Pensiya ta’minoti holatini baholovchi ko’rsatkichlar
Ko’rsatkich nomi
Mazmuni
Qamrov koeffitsienti
Sug’urtalangan aholi ulushini hamda sug’urtaga tortilgan mehnat haqi daromadlari darajasini ko’rsatadigan
ko’rsatkich (1 ga teng bo’lishi kerak)
Bosim koeffitsienti
Pensiya ta’minoti tizimiga sug’urta badali to’lovchilar sonining pensiya oluvchilarga o’zaro nisbati (4/1)
Qoplash koeffitsienti
Pensionerning pensiyasi miqdorining mehnat qilgan davrida olgan ish haqining nisbati tarzida aniqlanadi (0,4)
Qamrov koeffitsienti (K1) sug’urtalangan aholi ulushini hamda sug’urtaga tortilgan mehnat haqi daromadlari darajasini ko’rsatadigan ko’rsatkich bo’lib, pensiya tizimlari tomonidan amalga oshirilayotgan ijtimoiy himoyaning samaradorligini belgilash imkonini beradi. Bu ko’rsatkichni quyidagi formula bilan ifodalash mumkin:
K yoki K (3.1)
Formuladan ko’rinib turganidek, sug’urta bilan qamrab olingan aholi soni (yoki aholi daromadlari) qancha ko’p bo’lsa, K1 koeffitsient 1 ga shuncha yaqin bo’ladi va pensiya tizimining ijtimoiy himoya qilish samaradorligi shuncha yuqori bo’ladi.
Pensiya tizimi tahlilida, uning amaldagi holatiga baho berishda pensiya ta’minotida aholining ishtiroki darajasi muhim ko’rsatkichdir. Bilamizki, aholining birdamlashgan pensiya tizimi barqaror bo’lishida unda ishtirok etuvchilar soni va darajasiga etibor qaratiladi, pensiya tizimlari tomonidan amalga oshirilayotgan ijtimoiy himoyaning samaradorligini belgilash imkonini beradi. Mazkur koeffitsient nazariy jihatdan birga teng bo’lishi mumkin, lekin buni amalda iloji yo’k, sababi barcha mehnatga yaroqli aholini ish bilan 100 foiz ta’minlash amalda mumkin emasligi ilmiy jihatdan isbotlangan. Shu nuqtai nazardan qamrov koeffitsienti qanchalik birga yaqin bo’lsa, pensiya tizimi shunchalik yaxshi yo’lga qo’yilgan bo’ladi va aksincha.
Xalqaro mehnat tashkilotining tavsiyasiga ko’ra, fuqarolarning pensiya ta’minoti tizimi barqaror faoliyat yuritishi uchun pensiya ta’minoti tizimiga sug’urta badali to’lovchilar sonining pensiya oluvchilarga o’zaro nisbati 4 : 1 darajada bo’lishi ijobiy holat hisoblanadi. Ammo, mazkur ko’rsatkich jahonning aksariyat rivojlangan mamlakatlarida ham iqtisodiy jihatdan kam rivojlangan mamlakatlardagi kabi tavsiya etilganidan birmuncha yomonroqdir. Bu ko’rsatkichning holatiga umumiy holda mehnatga layoqatli aholining pensiya ta’minotiga qamrab olinish darajasining pastligi, bu holat mamlakatdagi iqtisodiy vaziyat yomonlashgan, ishsizlik darajasi ortgan, natijada pensiya tizimida qatnashuvchilar soni kamaygan holatlarda yuzaga keladi va bunday holatning uzoq muddat surunkali davom etishi pensiya tizimida inqirozlarni keltirib chiqaradi. Pensiya ta’minotiga qamrov darajasi yuqori bo’lgan rivojlangan mamlakatlarda esa pensionerlar salmog’ining yuqoriligi ta’sir ko’rsatadi. Ammo, uchinchi holatni ham unutmaslik kerakki, pensiya tizimiga uzoq yillar davomida aholining qamrab olinmasligi, mehnatga layoqatli aholining kattagina qismi pensiya tizimidan chetda qolishi oqibatida ma’lum davr o’tib faqat pensiya tizimida ishtirok etib pensiyaga chiqqanlar va tizimga badal to’lovchilar o’rtasidagi nisbat barqaror bo’lishi mumkin, bu holga yuqorida ko’rib o’tilgan qamrov koeffitsienti orqali baho beriladi.
Bosim koeffitsienti (K2) pensiya va nafaqalar oluvchilar sonining sug’urtalangan (real sektorda ishlovchi) aholining umumiy sonidagi ulushi kabi aniqlanadi. Uning sondagi ifodasi pensiya yoki nafaqalarni olish huquqini beruvchi shartlarga, shuningdek, mehnat staji hamda aholining yosh tarkibiga (yoshga doir pensiyalar bo’yicha) bog’liq bo’ladi:
K (3.2)
Masalan, O’zbekistonda bosim koeffitsienti quyidagi ko’rsatkichlar bilan xarakterlanadi: 1992-yilda 1 pensionerga – 3,7 ishlovchi, 2001 yilda – 3,4 ishlovchi to’g’ri kelgan bo’lsa, hozirda bu ko’rsatkich 1,5 ni tashkil qilmoqda. Pensionerlar ulushining ko’payishi bilan pensiya jamg’armalariga mablag’ to’lab boradigan mehnatga qobiliyatli aholi salmog’i qisqaradi, buning natijasida esa Pensiya jamg’armasi zimmasiga pensiyalar to’lash xarajatlarining benihoya og’ir yuki tushadi.
Pensiyaning absolyut miqdori – pensiyaning pul birligida ifodalangan miqdori bo’lib, odatda bu miqdor pensiya oluvchining yashash minimumi bilan solishtiriladi va pensionerning moddiy ahvolini belgilab beradi. Bu ko’rsatkich pensiyaning xarid qobiliyatini ko’rsatadi hamda pensionerning muhtojlik darajasini belgilab beradi, uning miqdoriga qarab mahalliy va markaziy boshqaruv darajasida pensionerlarga yordam berish uchun zarur resurslar hajmi aniqlanadi, yordamning miqdori va ko’lamlari belgilanadi.
Qoplash koeffitsienti – individual sug’urta to’lovlari o’rtacha darajasining o’rtacha mehnat haqi darajasiga nisbatini ifodalaydi. Bu ko’rsatkichning iqtisodiy ma’nosi shundaki, pensiya miqdori xodimning oldin olib yurgan ish haqisining qancha qismini qoplay olish darajasini ifodalaydi.
Pensiya ta’minoti tizimining tashkil etilishida, birinchi navbatda, pensionerlarning moddiy ta’minotini etarli darajada ta’minlay olish hisobga olinadi, ya’ni pensionerning pensiyasi uning kundalik ehtiyojlarini qondira olishi zarur. Qoplash koeffitsienti pensionerning pensiyasi miqdorining mehnat qilgan davrida olgan ish haqining nisbati tarzida aniqlanadi. Umumiy makroiqtisodiy nuqtai nazardan mazkur ko’rsatkich o’rtacha pensiyaning o’rtacha oylik ish haqiga nisbati orqali aniqlanadi va 40 foizdan yuqori bo’lishi, ijobiy holat hisoblanadi.
O’zbekistonda umumiy belgilangan pensiyaga chiqish yoshi 1956 yilda sobiq Ittifoq mamlakatlari fuqarolarining pensiya ta’minoti qonunchiligi bilan belgilangan miqdorda (ayollarga 55 yosh, erkaklarga 60 yosh) saqlanib turibdi. O’sha davrning statistikasiga nazar soladigan bo’lsak, o’rtacha umr ko’rish davomiyligi 47 yoshni tashkil etganligini ta’kidlash o’rinlidir. O’rtacha umr ko’rish davomiyligi ko’rsatkichi so’ngi yillarda o’sish tendentsiyasiga ega bo’lib, jumladan, 1991 yilda ushbu ko’rsatkich 66,4 yoshni tashkil etgan bo’lsa, 2000 yilda 70,8 yoshni, 2010 yilda 73,0 yoshni, 2017 yilda 73,8 yoshni (ayollarda – 76,2 yosh, erkaklarda – 71,4 yosh) tashkil etgan.
Pensiya ta’minoti milliy g’oyani aks ettiradi hamda milliy iqtisodiy siyosat markazida turadi. Oxirgi o’n yilliklar mobaynida ko’p mamlakatlar o’zlarining amaldagi pensiya tizimlarini ijtimoiy-iqtisodiy va demografik sharoitlarining o’zgarishi bilan bog’liq bo’lgan isloh qilish zarurati bilan to’qnash kelmoqdalar.
XXI asr boshlarida jahon mamlakatlarida avlodlar birdamligi va jamg’arish tizimlariga asoslangan pensiya tizimlari amal qilmoqda. Birdamlik pensiya tizimi avlodlar, ish beruvchilar va ishlovchilar, yuqori va past ish haqi oluvchi xodimlar birdamligiga asoslangan va u birdamlik tamoyili asosida moliyalashtiriladn. Birdamlik pensiya tizimi davlatga tegishli bo’lib, uni korxona yoki bir tarmoq miqyosida tashkil etish mumkin emas. Birdamlik tizimining muhim jihati shundaki, u qayta taqsimlash tamoyiliga asoslanganligi uchun pensionerlar o’rtasida qashshoqlikni jiddiy kamaytiradi.
Avlodlar birdamligi tamoyiliga qurilgan O’zbekiston Respublikasining pensiya tizimi ham oxirgi yillar davomida qator o’zgarishlarni boshidan kechirdi, bu o’zgarishlar birinchi navbatda mamlakat iqtisodiyotini bozor sharoitlariga moslashtirish va bozor munosabatlariga o’tish bilan bog’liq bo’ldi. Jahon amaliyoti asosida davlat pensiya tizimining moliyaviy resurslari davlatning mustaqil byudjetdan tashqari fondiga – Pensiya jamg’armasiga biriktirildi, pensiya ta’minotida sug’urtaviy tamoyillar mustahkamlanib bordi, butunlay yangicha bo’lgan jamg’arib boriladigan pensiya ta’minoti tizimi shakllandi.
Shu bilan bir qatorda, mustaqillik yillarida mamlakatimiz pensiya tizimining tashkiliy va qonuniy-huquqiy asoslari ham shakllanib, takomillashib bordi. Bu boradagi dastlabki qadam bo’lib O’zbekiston
Respublikasining “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to’g’risida”gi Qonuni (1993-yil 3 sentyabr) ning qabul qilinishi bo’ldi. Ushbu qonun va hukumatimiz tomonidan qabul qilingan boshqa me’yoriy hujjatlar amaldagi pensiya ta’minoti tizimining huquqiy asosini tashkil etdi. Bu qonunning mohiyatini pensionerlarning jamiyatda tutgan o’rni, bozor iqtisodiyoti sharoitida ularni huquqiy va ijtimoiy jihatdan himoyalash, pensiya miqdorini bevosita mehnat stajining davomiyligi va ish haqi miqdoriga bog’liqligini ta’minlash tashkil etadi.
Turli mamlakatlar milliy pensiya tizimlarining shakllanishida quyidagi ikki yondoshuv asos bo’lib xizmat qilgan: birinchi yondoshuvga ko’ra, pensiya tizimiga tortilgan barcha fuqarolar uchun pensiya daromadining minimal hajmi kafolatlansa, ikkinchi yondoshuv bo’yicha pensiya - ish haqining zaxiralanuvchi qismi bo’lib, sug’urtalangan xodimga uning pensiyaga chiqish oldidagi daromadiga monand moddiy ta’minotga ega bo’lishni kafolatlaydi. Aksariyat pensiya tizimlarining asosini, ularning institutsional tuzilishi yoki qo’llaniladigan moliyaviy mexanizmlaridan qat’iy nazar, ijtimoiy pensiya sug’urtasi tamoyillariga qurilgan pensiya dasturlari tashkil qiladi.