Bola asrab olish tartiblari soddalashtirilmoqda
Farzandlikka olish tartiblari soddalashtirilmoqda. Jumladan, uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatlarni sodir etib, jazo muddatini o‘taganlarga farzandlikka olish imkoniyati yaratiladi. Ushbu jarayonga monelik qiladigan kasalliklarga chalingan shaxslar ro‘yxati tasdiqlanadi.
Oliy Majlis Senatining 19-yalpi majlisida Oila kodeksi hamda «Vasiylik va homiylik to‘g‘risida"gi qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish nazarda tutuvchi qonun muhokama qilindi, deya xabar berdi parlament yuqori palatasi matbuot xizmati.
Qayd etilishicha, qonun bilan ijtimoiy ahamiyati katta bo‘lmagan, uncha og‘ir bo‘lmagan hamda farzandlikka olishga to‘sqinlik qilmaydigan jinoyat turlarini sodir etib, jazo muddatini o‘taganlarga nisbatan farzandlikka va vasiylikka olish imkoniyati yaratilmoqda.
Shuningdek, farzandlikka olishga monelik qiladigan kasalliklarga chalingan shaxslar ro‘yxati Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanishi belgilandi.
Senat raisi Tanzila Narbayeva ta’kidlashicha, bolalarni oilaviy muhitda tarbiyalash orqali ularni jamiyatga moslashtirish osonlashadi.
«Bola mehr ko‘rib, mehr berishni o‘rganadi. Biroq bu farzandlarimizni duch kelgan oilaga yoki odamga berish kerak degani emas. Farzandlikka oluvchilar har tomonlama, ayniqsa, ma’naviy-axloqiy jihatdan yetuk bo‘lishlari shart. Qonunning maqsadi shu, aslida», — dedi u.
«Hozir ayrim mehribonlik uylari yopilish arfasida, lekin bu raqamlar ortidan quvish kerak degani emas. Bizda mehribonlik uyi bo‘lishi kerak emas deb bir pastda oilaviy bolalar uylari tashkil qilib, to‘g‘ri kelgan joyga berib yuborish noto‘g‘ri. Birinchidan, bolalarni oilaga oladigan oila tayyormi? Har tomonlama o‘ylash kerak, ularda ota-onalik ko‘nikmasi bormi? Bolani olishdan oldin bolani oilaga olayotgan fuqarolarni tayyorlash kerak emasmi?» — dedi Senat raisi.
Tanzila Narbayevaning so‘zlariga ko‘ra, boshqa oilaga berib yuborishdan oldin bolalarni ham tayyorlash kerak, ya’ni uning ruhiyati bilan ishlash pedagoglar bilan suhbatlashish va boshqalar. «Shuning uchun har tomonlama o‘ylab, yetti o‘lchab bir kesgan holda bolalarni oilaviy bolalar uylariga yoki farzadlikka berishni ta’minlashimiz kerak bo‘ladi», — deya ta’kidladi u.
«Bu ko‘chani remont qilish yoki daraxt ekish emas, bu farzandlar taqdiri, farzandlarning yuragi, shuning uchun bu yerda xato qilish umuman mumkin emas», — qo‘shimcha qiladi u.
Senat raisining qayd etishicha, ushbu qonunning asosiy maqsadi farzandlar institutlarda (mehribonlik uylari, bolalar shaharchasi) emas, oila bag‘rida o‘sishi va voyaga yetishini ta’minlashdan iborat.
Do'stlaringiz bilan baham: |