(1864—1927)
Saidahmad Siddiqiy ham ta’lim-tarbiya sohasida o’z o’rniga ega.
Saidahmad Siddiqiy hunarmand-dehqon oilasida tug’ilib o’sdi. Boshlang’ich maktabni tugatganidan so’ng madrasaga o’qishga kirdi. Ammo tez orada turmush qiyinchiliklari sababli madrasani tashlab, ota kasbi tikuvchilik bilan mashg’ul bo’ldi. Shuning bilan bir vaqtda rus tilida tashkil etilgan maktabga ham qatnay boshlaydi va rus tili hamda adabiyotini mukammal egallab bordi.
Saidahmad Siddiqiy Rossiya, Evropa va Osiyodagi qator mamlakatlarda sayohatda bo’ladi. U 1903 yili Samarqandga qaytib kelib, madaniyat va maorifning faol targ’ibotchisiga aylanadi.
Siddiqiy Samarqand viloyatidagi Xalvoi nomli o’z qishlog’ida dehqon va hunarmandlarning bolalariga yangi usul maktabini tashkil etib, unda ta’lim-tarbiyani o’sha davr ilg’or maktablarning tajribasi asosida quradi. U yangi usul maktabining ijtimoiy, siyosiy va pedagogik yutuqlarini keng yoritishga dadil e’tibor berdi.
Siddiqiy viloyatda birinchi bor kattalar uchun yangi usul maktabi ochib, madaniy hayotda katta o’zgarish yasadi. U 1914 yil «Zarafshon» nomi bilan kitob savdo do’koni ochib, unda ko’rgazmali qurollar, metodik, darslik adabiyotlar, o’quv qurollari hamda jurnallar bilan savdo qilishga sharoit yaratadi.
Siddiqiy ko’plab asarlar yozdi. Keyinchalik ular tojik va o’zbek tillarida nashr qilingan edi. Uning asarlari «Mir’oti Ibrat» (1912 yil, Tiflis), «Anjumani arvoh» (1912 yil, Tiflis), «Ganjinai hikmat» (1914 yil, Toshkent) va «Aynul adab» (1915 yil, Toshkent) kabi to’plamlarida nashr qilingan edi.
U o’zining qator asarlari va nutqlarida maktablarda dunyoviy fanlarni ko’plab o’qitish, dunyoviy ta’lim berish g’oyasini olg’a surib, buning uchun Ulug’bek, Ahmad Donish, Furqat, Muqimiy va boshqalar ijodini puxta o’rgatish, tarbiyaviy ishda qo’llash g’oyalarini targ’ib qiladi.
Ma’lum bo’ldiki, Siddiqiy birinchilardan bo’lib Samarqanddagina emas, qishloq tumanlarida ham yangi usul maktablari ochib, unda nafaqat o’zbek, tojik bolalarini, balki rus bolalarini ham o’qitishga muyassar bo’lgan.
Siddiqiy ta’lim uslubiyatiga katta mehr bilan munosabatda bo’lib, o’qitishning yangi usulini ilmiy, ongli, tushunib o’qitish printsiplarini eskicha hijjalab o’qitishga qarama-qarshi qo’ydi. Mohir o’qituvchi darslarni qat’iy tartib dars jadvali asosida tashkil etib, o’zbek, rus tillarida chuqur ta’lim bera olgan. U tabiatshunoslik, geografiya darslarida mashg’ulotlarni Bulung’ur daryosi yonida ochiq havoda amaliy mashqlar bilan o’tishga erishgan. Shu usul bilan bolalarning fan, jamiyat, tabiat qonunlarini, sirli voqealarning asl mazmunini tushunib olishlariga alohida diqqat qilgan. Bolalarga uy vazifasi bermagan, ota-onalar bilan juda yaqindan munosabatda bo’lgan.
Saidahmad Siddiqiy 1918—21-yillar davomida huquq ishlari komissari vazifasida ishladi. 1921 yildan umrining oxirigacha pedagogik ishda ishlagan, «Xizmat ko’rsatgan o’qituvchi» yuksak unvoniga sazovor bo’lgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |