Tayanch iboralar:
pedagogik tasavvurlar, etnopedagogika, pedagogik
fikrlar, komil inson.
1-masala. Markaziy Osiyoda ilk pedagogik tasavvurlarning
bayon etilishi
Xalq pedagogikasi – xalq ma‘naviy madaniyatining tarkibiy qismidir.
Shunday ekan Markaziy Osiyoda ilk pedagogik tasavvurlarning vujudga kelishi va
taraqqiyoti ham mahalliy xalq ma‘naviy madaniyatining o’sishi bilan bog’liqdir.
Xalq pedagogikasining rivoji esa nazariy pedagogika ilmi taraqqiyoti bilan
bevosita bog’liq. Biz ushbu holni Markaziy osiyoda pedagogik fikr taraqqiyoti
misolida ko’rishimiz mumkin.
82
Ibn Sino, Beruniy, Jomiy, Xorazmiy, Dehlaviy, Xayyom, Navoiy, Forobiy,
Sa‘diy, Nosir Xisrav va boshqa mutafakkirlar ilmiy merosi tahlili shuni
ko’rsatadiki, ularning pedagogik qarashlari bevosita xalq pedagogikasi manbalari
tizimi: maqollar, matallar, ertaklar, afsona va rivoyatlar mantiqiga mos keladi.
Ayni paytda ko’plab rivoyatlar va ertaklar mazkur mutafakkirlarning hayoti va
faoliyati bilan bevosita bog’liq holda vujudga kelgan. Demak, Markaziy Osiyoda
ham xalq pedagogikasining ijodkori, yaratuvchisi xalq ommasidir. Uning paydo
bo’lishida mehnat hal qiluvchi ahamiyat kasb etdi.
Mehnat jarayonida odamlar samaradorlikni g’oyat oshiruvchi g’aroyib
mashinalar haqida orzu qilganlar: “uchar gilam” lar, “uchar ot” lar, “oynai jahon”
lar, “chopqir etik” lar, “sehrli dasturxon”, “ur to’qmoq” larni orzu qilganlar.
Chunki, ibtidoiy ishlab chiqarish usullari, darajasi kishilarni qoniqtirmagan. Ular
bir kechada ko’plab mato to’qishni, bir lahzada uzoqlarga borishni orzu qilib, otga
minishni, qayiqda suzishni, himoyaga bardoshli qasrlar qurishni, kamon otishni,
to’quv dastgohlari, charx yasashni o’rganganlar.
Mehnat turli tarmoqlarga bo’lina borib, so’z san‘ati xilma – xil xarakter kasb
eta borgan. Og’zaki so’z paydo bo’lganida ibtidoiy odam so’zning magik (ilohiy)
qudratiga sig’inar va o’z mehnati samarasini unga bog’lar edi. Oqibatda so’z bilan
marosim bog’lana borib, so’zda u yoki bu marosim mohiyati ifoda etila boshlandi.
Jamiyat taraqqiy etgani sari ommani itoatkorlikka chorlovchi, diniy ruhdagi
asarlar paydo bo’la boshladi. Ko’pincha, etnopedagogik asarlarda zulm va yovuz
kuchlar ustidan g’alaba qiluvchi, komil shaxs darajasiga ko’tarilgan qahramonlarni
tasvirlash kuchaydi. Ularda eng oliy insoniy (tarbiyaviy) sifatlar: ilm egallash,
kasb-hunar o’rganishga undaydi. Adolatli jamiyat va odil hukmdorlar orzu qilindi.
Vatanparvarlik, ma‘naviy va jismoniy komillik, halollik va adolat, insonparvarlik,
do’stlik g’oyalari targ’ib etildi.
Xalq pedagogikasi asarlarida xalq ideal darajadagi fazilatlar sohibi bo’lib,
barcha yaxshi va yomon tarbiyaviy sifatlarni ko’ra biladi. Shuning uchun u eng
barkamol, ommani ergashtira oluvchi qahramonlarnigina tan oladi. Shuning uchun
ularda ijobiy qahramonlar tipiklashtiriladi. Masalan, Alpomish, Go’ro’g’li, Avaz,
Ravshanxon, Nasriddin afandi, Aldar ko’sa va boshqalarda yuksak tarbiyaviy
sifatlar mujassamlashgan. Dostonlarda qahramon va uning dushmani, ertaklarda
dono dehqon va zolim boy, o’gay ona va jafokash qiz kabi obrazlarda xalqona
kamtarlik va hukmrona takabburlik zuhr etilgan.
Xalqning yuqorida qayd etilgan azaliy orzu-umidlari aks etgan
etnopedagogika manbalari vositasida buyuk mutafakkirlar pedagogik qarashlari
ham shakllangan. Chunonchi, Ibn Sino o’zining “Tadbiri manozil” asaridagi
“Maktabda bolalarni o’qitish va tarbiyalash” deb nomlangan bobida umumta‘lim
g’oyasi olg’a suradi. Ta‘limda suhbat metodini qo’llashni, aqliy mashg’ulotni
jismoniy mashg’ulotlar bilan almashib turishni tavsiya etadi. Jamoada o’qitish
afzalliklarini uqtiradi. Bunday ilg’or pedagogik fikrlarni Beruniy, Forobiy,
Rudakiy, Nosir Xisrav, Sa‘diy, Yusuf Xos Hojib, Umar Hayyom, Burxoniddin
Zarnudjiy, Ahmad Yugnakiy asarlarida ham ko’rish mumkin. Buyuk
mutafakkirlarning pedagogik qarashlari shakl va mazmuniga ko’ra xalqning
83
pedagogik donishmandligi bilan uyg’unlashib ketgan. Ular Markaziy Osiyo
xalqlari pedagogik madaniyatining shakllanishiga katta ta‘sir ko’rsatgan.
Demak, xalq pedagogik g’oyalari buyuk mutafakkirlar pedagogik qarashlari
bilan hamohang shakllanib, ular bir-birini takomillashtirib, boyitib borgan.
Donishmandlar asarlarida xalqning amaliy pedagogikaga doir fikrlari ilmiy
pedagogik tusga kira borgan. Shu taxlitda pedagogika ilmi takomillasha borgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |