Ekologik tarbiya o’quvchilar dunyoqarashini shakllantirishning tarkibiy qismi. Ekologik tarbiya bugungi kun-dolzarb masalasi ekan, biz bu ekologiyaning foydasini, uni asrab-avaylashni bolalarga kichik sinflardanok tushuncha berib borishimiz kerak, ekologiya bu atrof muhit demakdir.
Tabiat-kishilarning moddiy va ma’naviy talabalarini qondirish manbai. Odam hayot kechirishi uchun zarur bo’lgan hamma narsani tabiatdan oladi, (oziq-ovqat, kiyim-bosh, binokorlik materiallari, suv, havo va hokazo). Inson foydalanadigan hamma narsa tabiat moddasi bilan mehnatning mahsulidir. Tabiatdan oqilona foydalanish, uning boyliklarini muhofaza qilish va ko’paytirish jamiyatimizning eng asosiy vazifalaridan biridir.
«Ekologiya» tushunchasi ilk bor nemis zoologi E.Gekkel tomonidan qo’llanilgan. Ekologik tarbiya ijtimoiy tarbiyaning muhim tarkibiy qismi hisoblanadi. Ekologik tarbiya (grekcha «oikos» -turar joy, makon, «logos» -fan) o’quvchilarga dastlabki ekologik bilimlarni berish, mavjud ekologik bilimlarini boyitish, ularda tabiat va atrof-muhit muhofazasini tashkil etish ko’nikma va malakalarini shakllantirishga qaratilgan pedagogik jarayondir.
O’zbekiston Respublikasida tabiat va atrof-muhit muhofazasini tashkil etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu yo’lda amalga oshiriluvchi ijtimoiy-ekologik harakat mazmuni «O’zbekiston Respublikasining Atrof-muhitni muhofaza qilish Milliy harakat rejasi»da o’z ifodasini topgan.
Tabiat va atrof-muhitni muhofaza qilish, shuningdek, ekologik muammolarning ijtimoiy xavfi xususida to’xtalib, O’zbekiston Respublikasi Prezidenti I.A.Karimov quyidagi fikrni qayd etadi: «Ekologik xavfsizlik muammosi allaqachon milliy va mintaqaviy doiradan chiqib, butun insoniyatning umumiy muammosiga aylangan. Ekologiya hozirgi zamonning keng miqyosidagi keskin ijtimoiy muammolaridan biridir. Uni hal etish barcha xalqlarning manfaatlariga mos bo’lib, sivilizasiyaning hozirgi kuni va kelajagi ko’p jihatdan ana shu muammoning hal qilinishiga bog’liqdir»1.
O’quvlarda tabiatga nisbatan to’g’ri munosabatni qaror toptirish, mehr-muhabbatni uyg’otish, atrof-muhit musaffoligiga erishish ekologik muammolarni hal etish yo’lida muhim bosqich sanaladi.
Ekologik ta’lim o’quvchiga aniq maqsadga muvofiq, izchil, tizimli va uzluksiz ravishda nazariy ekologik bilimlarni berishga yo’naltirilgan ta’limiy jarayonidir.
Nazariy ekologik bilimlar (ekologik ong) hamda atrof-muhit va tabiat muhofazasi yo’lida olib borilayotgan faoliyat birligi ekologik madaniyatni shakllantirishga xizmat qiladi. Ekologik ong tabiat va atrof-muhitning mavjud holati, ularni muhofaza etish borasidagi tushunchalarning ongdagi ifodasi bo’lib, u murakkab ijtimoiy-psixologik hodisa sifatida namoyon bo’ladi. Ekologik faoliyat esa ekologik bilimlarga tayanilgan holda tabiat va atrof-muhit muhofazasini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan xatti-harakatlar majmui demakdir.
Ekologik madaniyat o’quvchining ijtimoiy talablarga muvofiq tabiat va atrof-muhit muhofazasini tashkil etish qobiliyati.
Ekologik tarbiya ijtimoiy tarbiyaning yana bir muhim tarkibiy qismi bo’lib, uni tashkil etish jarayonida quyidagi vazifalar hal etilishi zarur:
O’quvchilarning ta’lim jarayonida o’zlashtirgan ekologik bilimlarini yanada oshirish.
Ularning tabiat va atrof-muhit ekologiyasi to’g’risidagi tasavvurini boyitish.
O’quvchilarda tabiat va atrof-muhit muhofazasini ta’minlash ijtimoiy zaruriyat ekanligi to’g’risidagi e’tiqodni shakllantirish.
O’quvchilarda ekologik faoliyat ko’nikma va malakalarni tarbiyalash hamda ularning tabiat va atrof-muhit muhofazasini ta’minlash jarayonida faol ishtirok etishlariga erishish.
Oila va jamiyatda tashkil etilayotgan ekologik tarbiyaning suhbat, davra suhbati, ekskursiya, bahs-munozara, ijodiy tanlovlar, uchrashuv, ijtimoiy-foydali mehnat (shanbalik, hashar, ko’kalamzorlashtirish) kabi shakl hamda suhbat, kuzatish, amaliy faoliyatni tashkil etish, rag’batlantirish va jazolash kabi metodlar yordamida tashkil etish o’quvchilarda ekologik madaniyatni qaror topishini ta’minlaydi.
O’quvchi tarbiyasida ishtirok etayotgan subyektlarning shaxsiy namunalari, o’quv manbalari, badiiy adabiyotlar, ommaviy axborot vositalari (shu jumladan, Internet) materiallari va ularning g’oyalari o’quvchilarda ekologik madaniyatni shakllantirishning muhim vositalari sanaladi.
Birinchi sinf bolalari bilan tabiatga ekskursiya o’tkazish katta ahamiyatga ega. Bunday ekskursiyalarda tabiat muhofazasiga oid turli materiallar tuplash, tushuntirish ishlari olib borish, bolalarni inson uchun foydali bo’lgan hayvon va o’simliklar bilan tanishtirish zarur. Beparvolik oqibatida tabiatga zarar yetishini misollar bilan ko’rsatish kerak. Bolalarga foydali ko’chatlar o’tkazish, qo’shlar uchun yasama uyalar o’rnatish esa tabiiy resurslarni ko’paytirish vositasi ekanligini anglatish kerak.
Maktablarda tabiat muhofazasiga oid qisqa metrajli kinofilmlar ko’rsatib borish xam katta ahamiyatga ega. Tabiat va uning go’zalligiga oid san’at asarlari. chiroyli rasmlar, she’r va hikoyalar xam bolalarda tabiatga yaxshi munosabatda bo’lish tuyg’usini uyg’otadi.
O’quvchilarning tabiat, tabiiy boyliklar va ularni muhofaza qilish to’g’risida sinfda olgan bilimlari sinfdan tashqarida olib boriladigan amaliy mashg’ulotlarda mustahkamlanadi.
Tabiat muhofazasiga oid ishlar maktab tajriba uchastkasida olib boriladi. Maktab uchastkasida tajriba bog’chasi, gulzor manzarali daraxtlar ekilgan maydon, butazor bo’lishi zarur, o’quvchilar bularni saqlash, parvarish qilish bilan shug’ullanadilar.
Maktablarda tabiatni muhofaza qilish jamiyatining boshlang’ich tashkiloti tashkil etilishi zarur. Unga o’quvchilar, maktabning boshqa xodimlari, o’quvchilar a’zo bo’lib kirishlari lozim. Ota-onalar xam a’zo bo’lsa yaxshi buladi. Tabiat muhofazasiga bag’ishlangan maxsus kechalar o’tkazilishi, ularda "Tabiatni muhofaza qilish", jamiyat va uning ishlari. "O’zbekiston qo’riqxonalari va ularning faoliyati" mavzularida dokladlar, suhbatlar o’tkazilib turilishi kerak.
Sinfdan tashqari bunday ishlarda xar bir o’quvchi uz mehnati bilan ishtirok etishi juda foydali, o’z kuchli bilan ko’chat o’tkazgan bola uni parvarishini qiladi, sindirmaydi, qo’shlarga uya yasab, uni daraxtga yoki boshqa joyga o’rnatgan bola qo’sh uyalarini buzmaydi.
Maktablarda "Yashilboy dustlarimiz" tashkilotlari xam tuzilishi mumkin. Ular tabiatni muhofaza qilish a’zolari ya’ni o’simliklar qo’riqchilari bo’lib hisoblanadilar. Maktab o’quvchilarini tabiatni muhofaza qilish ruxida tarbiyalash ishida turistik yurishlar va ekskursiyalar yaxshi samara beradi.
Turistik yurishlar va ekskurtsiyalar o’lkashunoslikka katta yordam beradi, o’quvchilar yiqqan namunalar maktabni va Shahar o’lkashunoslik muzeyini qimmatli materiallar bilan boyitadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |