Konsepsiya oldiga qo‘yilgan vazifalar:
-maʼnaviy-axloqiy tarbiyani baholashning ilmiy asoslangan indikatorlarini ishlab chiqish;
-tarbiyaning homiladorlik davridan boshlanadigan, tadrijiylik va uzluksizlik tamoyillariga asoslangan metodikasini ishlab chiqish va hayotga tatbiq etish;
-uzluksiz tarbiya tizimida milliy va zamonaviy pedagogikaning ilg‘or yutuqlaridan samarali foydalanish;
-tarbiyalanuvchilar bilan birga tarbiyachilarning ham bilimi va malakasini muntazam oshirib borish;
-oila, taʼlim muassasalari va mahalla, shuningdek, ommaviy axborot vositalari va boshqa ijtimoiy tuzilmalar o‘rtasida samarali hamkorlik mexanizmini yo‘lga qo‘yish;
-maʼnaviy tarbiyaning tadrijiy rivojlanish va uzluksizlik tamoyillariga asoslanishdan iborat.
“Uzluksiz maʼnaviy tarbiya” Konsepsiyasi to‘rt bosqichda amalga oshiriladi:
birinchi bosqich – oilalarda (ikki davr: 1-davr – homila davri,
2-davr – (bola tug‘ilganidan 3 yoshgacha bo‘lgan davr);
ikkinchi bosqich – maktabgacha taʼlim 3-6 (7) yoshgacha bo‘lgan davr;
uchinchi bosqich – umumiy o‘rta taʼlim tizimida (ikki davr: 1-davr –
7 (6)-10 yosh boshlang‘ich sinf, 2-davr – 11-17 yosh o‘rta va yuqori sinflar);
-to‘rtinchi bosqich – ishlab chiqarishda faoliyat ko‘rsatayotgan va band bo‘lmagan yoshlar, shuningdek, o‘rta maxsus kasb-hunar, oliy taʼlim muassasalari tizimida (ikki davr: 1-davr – o‘rta maxsus kasb-hunar va oliy taʼlim bilan qamrab olinmagan, shuningdek, ishlab chiqarishda faoliyat ko‘rsatayotgan va band bo‘lmagan yoshlar – 17-30 yosh, 2-davr – o‘rta maxsus kasb-hunar, oliy taʼlim muassasalarining o‘quvchi-talabalari 15-22 (24) yosh).
Konsepsiya ijrosi uchun masʼul vazirlik va idoralar:
- Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi huzurida Uzluksiz maʼnaviy tarbiya konsepsiyasini amalga oshirish jarayonini muvofiqlashtiruvchi “Maʼnaviy tarbiya” respublika jamoatchilik kengashini tashkil etish.
- “Uzluksiz maʼnaviy tarbiya” ruknida ota-onalar, pedagoglar, bolalar va o‘smirlar uchun darsliklar, adabiyotlar, mediamahsulotlar, ilmiy-metodik majmuasini yaratish.
- Davlat taʼlim standartlari, o‘quv dasturlari va rejalari asosida o‘quvchilarda yoshiga mos tayanch maʼnaviy-axloqiy fazilatlar, kompetentsiyalarni shakllantirish.
- I-XI sinflar uchun “Tarbiya” fanini joriy qilish.
- Umumtaʼlim muassasalarining “Tarbiya” fani o‘qituvchilarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishning tashkiliy-huquqiy asoslarini yaratish hamda amalga oshirish.
- Аjdodlarimizning boy maʼnaviy merosini axloqiy fazilatlar majmui bo‘lgan milliy tarbiya anʼanalari, vositalari, shakllarini o‘rganish maqsadida mamlakatimiz hududlariga etnopedagogik ekspeditsiyalarni tashkil etish. To‘plangan tarbiyaviy meros asosida kitob va qo‘llanmalar, ko‘p jildli “Milliy tarbiya ensiklopediyasi”ni yaratish hamda chop etish.
- Jamiyatda milliy tarbiya anʼanalari, qadriyatlarini tiklashga qaratilgan fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlarni tashkil etish;
- yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash, ularga oiladagi nizoli holatlarni hal etishning huquqiy va pedagogik-psixologik asoslarini o‘rgatish;
- yoshlarda turli maʼnaviy tahdidlarga qarshi mafkuraviy immunitetni shakllantirishga qaratilgan profilaktik tadbirlarni tashkil etish va shu kabi 61 ta Respublika va xalqaro miqyosidagi tadbirlarni samarali o‘tkazish bo‘yicha vazifalar belgilab qo‘yilgan.
Konsepsiyada bunga tarbiyaga yangicha, tizimli yondashuv, tayanch fazilatlarni kafolatli loyihalashtirish va o‘rgatishda oila, maktabgacha taʼlim muassasasi hamda umumiy o‘rta taʼlim muassasalarining pedagogik imkoniyatlarini to‘liq ishlatish va ular orasida ilmiy-metodik hamkorlikni yangi darajaga ko‘tarish masalasi rejalashtirilgan. Uzluksiz maʼnaviy tarbiya konsepsiyasida tarbiya bolalar taʼlimdan bo‘sh vaqtida amalga oshiriladigan qo‘shimcha yuklamaga – ikkinchi darajali ishga aylanib, buning oqibatida tarbiya uzuq-yuluq jarayon bo‘lib kelganligi hamda jamiyatning pedagogik madaniyati pasayib, maktabgacha taʼlim, maktab pedagoglari, ota-onalarning tarbiyaga oid pedagogik-psixologik bilimlari zamon talablariga javob bermayotganligi qayd qilinib o‘tiladi. Buning oqibatida yo‘l qo‘yilgan xatolardan eng ko‘p tarqalgani – og‘zaki tarbiya davom etayotganligi, ota-onalar, maktabgacha tarbiya muassasalari tarbiyachilari, maktab o‘qituvchilari bolalarga Vatanga sadoqat, masʼuliyat, tadbirkorlik va boshqa fazilatlar nazariy maʼlumotlarga aylanib, bolalarning odatlariga aylanmayotganligi, ezgu fikr, ezgu so‘z, ezgu amalga erishmayotganligi natijasida yoshlarning Vatanga sadoqat, masʼuliyat, tadbirkorlik, mehr-oqibat haqida so‘zlari bilan yoshiga mos amallari orasida tafovut namoyon bo‘layotganligi qayd qilinadi.
Konsepsiyada tarbiyada yo‘l qo‘yilgan xatolar birdaniga ko‘rinmasligi, noto‘g‘ri tarbiyaning asoratlari oradan ko‘p yillar o‘tgach, jamiyatda inson omili tufayli yuzaga keladigan ijtimoiy muammolarda ko‘rinishi mumkinligi qayd qilib o‘tilgan. Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, mazkur uzluksiz maʼnaviy tarbiya konsepsiyasidan tarbiyaning tizimli va uzviyligini taʼminlashda quyidagicha natijalar kutilmoqda:
- konsepsiyaning joriy qilinishi uzluksiz maʼnaviy tarbiya jarayonining tizimli tashkil etilishiga, tarbiya sohasining ilg‘or innovatsion texnologiyalar asosida takomillashuviga, yoshlarning Vatanga sadoqat, tadbirkorlik, irodalilik, mafkuraviy immunitet, mehr-oqibatlilik, masʼuliyatlilik, bag‘rikenglik, huquqiy madaniyat, innovatsion fikrlash, mehnatsevarlik kabi tayanch kompetentsiyalar bilan mustaqil hayotga kirib borishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratadi.
- oilalar, taʼlim muassasalari, mahallalar va korxonalarda mustaqil fikrlash va qaror qabul qilish layoqatiga ega bo‘lgan yoshlarning maʼnaviy kamol topishi uchun zarur bo‘lgan innovatsion ijtimoiy-pedagogik sog‘lom va barqaror muhit yaratiladi.
- jamiyatda jinoyatchilik, ekstremizm, terrorizm, korruptsiya, firibgarlik, ko‘zbo‘yamachilik, yolg‘onchilik, egotsentrizm, axloqiy buzuqlik, oilaviy ajrimlar, mehr-oqibatning kamayishi, “ommaviy madaniyat”ga ko‘r-ko‘rona taqlid, loqaydlik, begonalashuv, o‘zibo‘larchilik, farzand tarbiyasida masʼuliyatsizlik, oilaviy qadriyatlar inqirozi, el-yurt taqdiriga befarqlik kabi illatlar keskin kamayadi. Band bo‘lmagan yoshlarning hayotda o‘z o‘rnini topishga, kelajakka bo‘lgan ishonchi oshadi. Mamlakat dunyoda raqobatbardosh, boy inson kapitaliga ega bo‘ladi.
- oila, taʼlim muassasalari, davlat tashkilotlari va nodavlat tashkilotlar, ota-onalarda boy milliy tarbiyaviy merosimiz to‘g‘risida bilimlar shakllanadi, ularni o‘rganish, saqlash, targ‘ib qilish, o‘rgatish orqali milliy fazilatlarning avloddan-avlodga bezavol o‘tib borishi taʼminlanadi.
- konsepsiyaning amalga oshirilishi jamiyatda maʼnaviy-axloqiy muhitning sog‘lom va barqaror bo‘lishiga salmoqli hissa qo‘shadi.
Farzandlarimizni ilm-fan va taʼlim-tarbiya asosida voyaga yetkazish maqsadga muvofiq ekan, o‘z o‘rnida tarbiya esa maʼnaviyat bilan chambarchas bog‘liqdir. Zero, yoshlar kelajak egalari hisoblanadi. Yoshlarimiz taʼlim-tarbiyasida esa maʼnaviy tarbiya katta ahamiyatga ega. Eng muhimi, farzandlarimiz tarbiyasiga etiborli bo‘laylik, aynan shu mezon bolalarimizni maʼnan, ruhan sog‘lom, o‘z ota-bobolariga, tariximizga, Vatanimizga, ona tilimizga, o‘z milliy qadriyatlarimizga hurmat bilan qaraydigan barkamol bo‘lib o‘sib unishining asosidir.
Do'stlaringiz bilan baham: |