1941-yil dekabrda AQSHning urushga qo’shilishi bilan antifashistik koalitsiya tashkiliy jihatdan rasmiylashtirildi. Koalitsiya a’zolari va Uchlar ittifoqiga qarshi urushayotgan boshqa davlatlar hukumatlari Deklaratsiya imzoladilar. Unda dushman ustidan g’alabaga erishish uchun barcha imkoniyatlarni safarbar qilish, separat sulh tuzmaslik majburiyatlari yuklandi, urushdan keyin dunyo tartibi Atlantik xartiya tamoyillari asosida o’rnatilishi belgilab qo’yildi.
Urushning borishi. AQSH urushga qo’shilishi bilan antigitler koalitsiya davlatlari moddiy va insoniy resurslarda so’zsiz ustunlikka erishdi. Biroq, urushning borishida burilish birdaniga yuz bermadi. 1941-yil dekabrda nemis qo’shinlari Moskva ostonalarida jangni boy berdi va urushdagi dastlabki jiddiy mag’lubiyatga uchradilar. Ammo ularning hujumkorlik ruhi hali sindirilmagan edi. 1942-yil bahor-kuzida nemis qo’shinlari Volga daryosiga va Shimoliy Kavkazga chiqdilar. Afrikada German-Italyan qo’shinlari hamon Misrga xavf solib turardi, Yaponiya Malayziya, Birma, Filippin, Indoneziyani bosib oldi, yapon qo’shinlari Hindiston va Avstraliya bo’sag’asida turardi.
1942-yil noyabrda sovet qo’shinlari Stalingrad ostonalarida qarshi hujumga o’tib, Volgaga chiqqan German qo’shinlarining katta guruhi – 22ta diviziyasini qurshab oldi va tor-mor qildi. 1943-yil fevralda qurshovdagi nemis qo’shinlari taslim bo’ldi.
Stalingrad ostonalaridagi mag’lubiyat Uchlar ittifoqi davlatlari uchun halokatli bo’ldi. Germaniya o’z armiyasining jangovar qobiliyatini tiklash uchun yalpi safarbarlik e’lon qildi. Germaniyaning zaxiradagi barcha qo'shinlari Sharqiy frontga jalb qilindi, natijada ittifoqchilar 1943-yil may oyida Italyan-German qo’shinlarini Afrikadan to’liq quvib chiqishga erishdilar.
1944-yili Sovet Ittifoqi o’z hududini to’liq ozod qildi, sovet qo’shinlari Sharqiy Yevropaga kirib keldi. 1944-yili ittifoqchilar Fransiyaning shimoli-g’arbiga qo’shin tushirib, Fransiya va Belgiyani ozod qildi. Urush Germaniyaning o’z hududlariga yetib keldi.
Fashizmga qarshi kurashda Italyan-German qo’shinlari tomonidan zabt etilgan hududlardagi milliy-vatanparvar kuchlari – general de Goll boshchiligidagi « Ozod Fransiya » Qarshilik harakati , I.B. Tito boshchiligidagi Yugoslaviyaning ozodlik harakati katta rol o’ynadi.
Urush yillari gitlerchilarga qarshi koalitsiya davlatlarining o’zaro munosabatlariga oid asosiy masalalar SSSR, AQSH va Buyuk Britaniya liderlarining uchrashuvlarida hal qilindi. Urush davomida shunday uchrashuvlar uchta – Tehronda (1943), Qrim (Yalta)da (1945-yil, fevral), Potsdamda (1945-yil, iyul-avgust) bo’lib o’tdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |