O’quv rejasi:
“Pedagogik odob va pedagogik nazokat.
O‘qituvchining dars jarayonidagi nazokati.
Pedagogik nazokat va taktika.
Pedagogik jarayondagi yoqtirish (simpatiya), yoqtirmaslik (antipatiya) va hamdardlik (empatiya).
Pedagogik jarayonning turli bosqichlarida o‘qituvchi odobi va nazokatining namoyon bo‘lishi.
Tayanch tushuncha va iboralar:
Pedagogik odob, pedagogik odobga qo‘yiladigan talablar, pedagogik odobning asosiy shakllari, kasbiy-pedagogik burch, adolat, pedagogik majburiyat, pedagogik obro‘, takt (dahldorlik), pedagogik takt, pedagogik takt (nazokat)ning tarkibiy elementlari, pedagogik nazokat yordamida hal etiladigan vazifalar, pedagogik taktika, yoqtirish (simpatiya), yoqtirmaslik (antipatiya), hamdardlik (empatiya), pedagogik hamdardlik (pedagogik empatiya), o‘qituvchining muloqot odobi, o‘qituvchi va o‘quvchining o‘zaro hamfikrliligi, o‘qituvchi va o‘quvchining o‘zaro hamkorligi, o‘qituvchi va o‘quvchi munosabatidagi qiyinchiliklar, o‘qituvchi va o‘quvchi munosabatidagi qiyinchiliklarni bartaraf etish yo‘llari, bo‘lajak o‘qituvchilarda pedagog odob va nazokat sifatlarini shakllantirish.
Pedagogik nazokat va pedagogik odob-axloq. Takt (nazokat, dahldorlik)
– bu axloqiy hulq-atvor, xatti-harakat bo‘lib, o‘zida barcha ob’ektiv harakatlarning oqibati va ularning shaxs tomonidan sub’ektiv qabul qilishni avvaldan ko‘ra olish, belgilangan maqsadga osonroq erishish yo‘llarini izlashning namoyon bo‘lishini ifodalaydi.
Pedagogik takt (pedagogik nazokat) – pedagogning o‘quvchilar bilan turli faoliyat shakllari bo‘yicha tashkil etiladigan muloqotda mavjud axloqiy tamoyillar hamda hulq-atvor qoidalarga rioya qilishi, ularga to‘g‘ri yondashish malakalariga egaligi. Mahoratli pedagog faoliyatida pedagogik takt ham o‘ziga xos o‘rin tutadi va o‘qituvchi faoliyatiga g‘oyaviy va amaliy jihatdan bir-biriga mos keladigan pedagogik axloqning bevosita tatbiq etishning shakli sifatida namoyon bo‘ladi. Shunga ko‘ra pedagogik takt o‘z mohiyatiga ko‘ra ijodiy izlanishni talab etadigan amaliy harakatdir. O‘qituvchining pedagogik taktga egaligi uning yurish-turishida, vazminligida, o‘zini tuta bilishida namoyon bo‘ladi, Shuningdek, u o‘quvchiga ishonch bilan qarashni nazarda tutadi. O‘quvchiga ishonchsizlik bilan qarash o‘qituvchining pedagogik taktga ega emasligini ifodalaydi. Har qanday pedagogik nizo yoki ziddiyatlarning asosida o‘qituvchining pedagogik taktga ega emasligi yotadi. Har qanday qo‘pollik, kesatiq va koyishlar, o‘quvchilarni doimiy ravishda tanqid qilish, ularga ishonchsizlik bildirish pedagogik nizolarni keltirib chiqaradi. Pedagogik takt, shuningdek, o‘qituvchining o‘quvchi javobini diqqat bilan tinglashida, javobning mazmuniga alohida e’tibor qaratishida, bordi-yu, o‘quvchi xatoga yo‘l qo‘yadigan bo‘lsa, uni bosiqlik, vazminlik bilan to‘g‘rilashda, o‘quvchi faoliyatini haqqoniy, oqilona baholashda, qo‘yilgan bahoning mohiyatini izohlashda namoyon bo‘ladi. Bu jarayonda javob berayotgan o‘quvchiga jilmayish, turli imo- ishoralar, qo‘l harakatlari bilan, boshni qimirlatish, yuz ifodalari orqali uning javoblarini ma’qullab turish pedagogik faoliyat samaradorligini oshirishga yordam beradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |